Ilg‘or ish tajribasining ommalashtirilganligi to‘g‘risidagi sertifikatning amal qilish muddati qancha?
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining 01/11-9-109 xatida ushbu savolga to‘liqligicha javob berilgan:
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining “O‘qituvchilarning ilg’or tajribasi va faoliyali davomida qo‘llab kelayotgan zamonaviy metodikalarini ommalashtirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2024-yil 7-fevralda 32-sonli buyrug’i qabul qilingan.
Mazkur buyruq qabul qilinishi munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlar va Respublika ta’lim markazining ishonch telefon raqamiga ko‘plab pedagoglar tomonidan o‘tgan o‘quv yillar davomida ishlari ommalashtirilib, tegishli sertifikatga ega bo‘lgan pedagog xodimlarning sertifikat muddati bekor qilindimi?” mazmunidagi murojaatlar kelib tushmoqda.
Ushbu murojaatlar yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, o‘tgan o‘quv yillari davomida Respublika ta’lim markazi direktorining 2021-yil 26-yanvardagi “Ilg’or ish tajribalarni o‘rganish va ommalashtirish tartibi to‘g‘risida”gi (bugungi kunda o‘z kuchini yo‘qotgan) buyrug’i asosida pedagog xodimlarning ishlari ommalashtirilib, tegishli Kengashlarning qarori qabul qilingan kundan boshlab besh yilga, Xalq ta’limi vazirining “O‘qituvchilarning ilg‘or tajribasi va faoliyati davomida qo‘llab kelayotgan zamonaviy metodikalarini ommalashtirish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2022-yil 25-avgustdagi 279-sonli (bugungi kunda o‘z kuchini yo‘qotgan) buyrug‘i asosida ishlari ommalashtirilib, tegishli sertifikatga ega bo‘lgan pedagog xodimlarning sertifikati amal qilish muddati berilgan kundan boshlab, uch yilga amal qiladi.