Ona tili va adabiyot, oʻzbek tili fanidan imtihon oʻtkazish tartibi - Ta’lim / Образование

Ona tili va adabiyot, oʻzbek tili fanidan imtihon oʻtkazish tartibi

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari uchun imtihon topshirish tartibi va shakllari belgilangan talablarga muvofiq tashkil etiladi.

Ona tili va adabiyot fanidan imtihon oʻtkazish tartibi

Ona tili va adabiyot fanidan imtihon oʻtkazish tartibi (9-sinf)

9-sinfni tugatgan oʻquvchilar ona tili va adabiyot fanidan taʼlim dasturi boʻyicha standartlar asosida belgilangan kompetensiyalarga ega boʻladilar.

Oʻquvchilarning olgan bilim, koʻnikma va malakalarini aniqlash uchun 2024/2025-oʻquv yilida 9-sinflarda yakuniy imtihon yozma shaklda oʻtkaziladi.



Har bir imtihon biletining savol va topshiriqlari ona tili va adabiyot fani boʻyicha maktablarning 5-,6-,7-,8-,9-sinflari mavzularini qamrab olgan. Shuningdek, tavsiyada bilishga oid savollar, qoʻllashga va mulohazaga oid topshiriqlar boʻyicha baholash mezonlari keltirilgan.

Oʻquvchilarga taklif etilgan baza savollaridan tashkil topgan 2 ta bilet taqdim etiladi. Biletda oʻquvchiga 5 tadan (3 ta ona tili, 2 ta adabiyot) savol beriladi.

Savollarning 2 tasi (1 ta ona tili, 1 ta adabiyot) bilishga, 2 tasi (1 ta ona tili, 1 ta adabiyot) qoʻllashga, 1 tasi (1 ta ona tili va adabiyoti) mulohazaga oid boʻladi.

Yozma savollarga javoblarni yozish uchun maktab tomonidan oldindan tayyorlab (maktab shtampi bosilgan) qoʻyilgan A4 formatdagi qogʻozlarga yozadilar. Bilet savollariga tayyorgarlik koʻrish va javob berishi uchun umumiy 120 daqiqa vaqt beriladi.



Davlat tili(taʼlim tili oʻzbek tili boʻlmagan sinflar uchun)dan imtihon oʻtkazish tartibi (9-sinf)

Taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarning 9-sinf oʻquvchilariga imtihonda berilgan topshiriqlar boʻyicha 120 daqiqa vaqt beriladi.

Oʻquvchilarga taklif etilgan baza savollaridan tashkil topgan 2 ta bilet taqdim etiladi. Biletda oʻquvchiga bitta matn va 5 ta topshiriq beriladi. Topshiriqlarning 2 tasi bilishga, 2 tasi qoʻllashga, 1 tasi mulohazaga oid boʻladi. Yozma savollarga javoblarni yozish uchun maktab tomonidan oldindan tayyorlab (maktab shtampi bosilgan) qoʻyilgan A4 formatdagi qogʻozlarga yozadilar.

Bilet savollariga tayyorgarlik koʻrish va javob berishi uchun umumiy 120 daqiqa vaqt beriladi.



Ona tili va adabiyot fanidan imtihon oʻtkazish tartibi (11-sinf)

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 11-sinf bitiruvchilari uchun imtihon topshirish tartibi va shakllari belgilangan talablarga muvofiq tashkil etiladi.

Imtihon uchun tavsiyaning har bir varianti ikki qismdan iborat boʻlib, shakli va murakkablik darajasi turlicha boʻlgan 20 ta topshiriqni oʻz ichiga oladi.

1-qism 15 ta qisqa javobli topshiriqdan tashkil topgan. Bunda javob bitta son, bosh harf bilan yozilgan javob yoki moslashtirilgan jadval koʻrinishida berilishi kerak.

2-qism kengaytirilgan javobli 5 ta topshiriqni oʻz ichiga oladi, berilgan topshiriqqa asosli dalillar bilan batafsil hamda ijodiy fikr yuritib, yozma javob beradi.

Har bir imtihon biletining savol va topshiriqlari fan kesimida boʻlib, umumtaʻlim maktablarning fonetika, orfografiya, leksikologiya, morfologiya, sintaksis, punktuatsiya, uslubiyat, shuningdek, adabiyot hamda adabiyot nazariyasi sohalarini qamrab olgan. Tavsiyada bilish, qoʻllash va mulohazaga oid savol va topshiriqlar boʻyicha baholash mezonlari keltirilgan.

O‘quvchi bitta biletni tanlab oladi. Biletda oʻquvchiga 20 ta (12 ta ona tili, 8 ta adabiyot) savol taqdim etiladi: 5 ta savol (3 ta ona tili, 2 ta adabiyot) bilishga, 13 ta savol (8 ta ona tili, 5 ta adabiyot) qoʻllashga va 2 ta savol (1 ta ona tili, 1 ta adabiyot) mulohazaga oid.

Bilet savollariga javob berishi uchun 180 daqiqa vaqt beriladi.

Oʻquvchilarning yozma ishlari ona tili va adabiyot 100 ball asosida baholanadi. Har bir topshiriq uchun belgilangan balldan yuqori ball qoʻyish mumkin emas.



Javoblar varaqasini toʻldirish shartlari

Moslikni aniqlashga doir topshiriqlarda har bir boʻsh katakka faqat bitta harf (bosma harfda) yoki raqam ortiqcha belgilarsiz yozilishi kerak, aks holda, 0 ball qoʻyiladi.

Qisqa javobli topshiriqlarning javoblari faqat raqamlarda va topshiriqda soʻralgan tartibda (bosma harflarda) yozilishi shart, aks holda, 0 ball qoʻyiladi. Kengaytirilgan javobli topshiriqlar baholovchi fan ekspertlari tomonidan belgilangan mezonlar asosida tekshiriladi. Har bir topshiriq uchun batafsil baholash mezonlari berilgan boʻlib, unda har bir ball (noldan maksimal ballgacha) qanday holatda qoʻyilishi aniq koʻrsatiladi.


Davlat tili (taʼlim tili oʻzbek tili boʻlmagan sinflar uchun) dan imtihon oʻtkazish tartibi (11-sinf)

Imtihon ishining har bir varianti shakli va murakkablik darajasi turlicha boʻlgan 20 ta savoldan iborat boʻlib, qisqa javobli, koʻp javobli, taqqoslama va bir javobli topshiriqlardan iborat boʻladi. Shulardan 3 topshiriqqa yozma javob beriladi. Bir javobli savollarga tanlash uchun variant berilmaydi. Har bir imtihon biletining savol va topshiriqlari oʻzbek tili fani boʻyicha umumtaʻlim maktablarning oʻzbek tili fani dasturini qamrab olgan. Shuningdek, tavsiyada bilishga oid savollar, qoʻllashga va mulohazaga oid topshiriqlar boʻyicha baholash mezonlari keltirilgan.

Biletda oʻquvchiga 17 ta qisqa javobli, koʻp javobli, taqqoslama va bir javobli 3 ta yozma shaklda topshiriqlar beriladi. Bilet savollariga javob berishi uchun 150 daqiqa vaqt beriladi.

Yozma savollarga javoblarni yozish uchun maktab tomonidan oldindan tayyorlab (maktab shtampi bosilgan) qoʻyilgan A4 formatdagi qogʻozlarga yozadilar.