Endi O‘zbekistonda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari ofitsiant, sotuvchi, sartarosh, buyumlarni qo‘lda taxlovchi-qadoqlovchi, dehqon xo‘jaligi a’zosi, yukchi bo‘lib ishlashi mumkin. Bu haqdagi hukumat qarori loyihasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan ishlab chiqildi.
Ushbu qaror loyihasida aytilishicha, Mehnat kodeksiga muvofiq, shuningdek, sog‘lig‘iga hamda ma’naviy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, o‘qish jarayonini buzmaydigan yengil mehnatni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi mumkin bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining mehnat huquqlarini ta’minlash maqsadida ularning mehnat qilishi mumkin bo‘lgan yengil turdagi ishlar va kasblar ro‘yxati tuzilgan.
Qolaversa, ushbu ro‘yxatda 40 ta ish va kasblar nomlari keltirilgan.
Bunda 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlarning ish vaqti faqat yuklarni qo‘lda ko‘tarish va tashish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlardan iborat bo‘lganda, ular uchun yuk ko‘tarish va tashish normasining chegarasi 4,1 kilogramdan og‘ir bo‘lmasligi, shuningdek, ular aravacha va vagonetka yordamida yuk tashishlariga jalb etilmasligi lozim.
16 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar ish vaqtining uchdan bir qismi yuklarni qo‘lda ko‘tarish va tashish bilan bog‘liq ishlardan iborat bo‘lganda, qo‘lda yuk ko‘tarish va tashish normalarining chegarasi o‘g‘il bolalar uchun – 6,5 kilogram, qiz bolalar uchun – 3,5 kilogramdan og‘ir bo‘lmasligi lozim.
Shu bilan birgalikda, 15—16 yoshli shaxslarni ishga qabul qilish uning ota-onasidan birining (ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxsning) yozma roziligi mavjud bo‘lganda mehnat shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining mehnatidan foydalanishda mazkur nizomga rioya qilmagan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi kutilmoqda.
Mazkur qaror loyihasi 8 may kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Muhokama 23 mayga qadar davom etadi.