Matematika fanidan Asosiy olimpiadaning tuman (shahar) bosqichi qayta oʻtkaziladi - Ta’lim / Образование

Matematika fanidan Asosiy olimpiadaning tuman (shahar) bosqichi qayta oʻtkaziladi

Matematika fanidan Asosiy olimpiadaning tuman (shahar) bosqichi har bir sinf kesimida (9-10-11-sinf) qayta oʻtkaziladi.

olimpiada

Ijtimoiy tarmoqlarda matematika fanidan Asosiy olimpiadaning tuman (shahar) bosqichi savollari Respublika bo‘ylab noqonuniy tarzda tarqatildi.



Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tegishli o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, ushbu olimpiada savollari Fan olimpiadalari markazi tomonidan tuzildi, har bir hududda (hududiy boshqarmalarda) markazlashgan holatda chop etilmoqda.

Shu munosabat bilan, hududlardagi Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalarida tashkil etilgan shtablarda savollar chop etish jarayonida ayrim xodimlarning zimmasidagi vazifaga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani, jarayonda adolatni ta’minlamagani oqibatida materiallar tarqaldi.

Hozirda bu holatga sababchi shaxslar aniqlanmoqda va ular amaldagi qonunchilik doirasida javobgarlikka tortiladi.



Matematika fanidan Asosiy olimpiadaning tuman (shahar) bosqichi har bir sinf kesimida (9-10-11-sinf) qayta oʻtkazilishini ma’lum qilindi.

Fan olimpiadalari markazi barcha bosqichlarda jarayonlarning shaffof, adolatli va xolis tashkil etilishidan manfaatdordir.

“Shu munosabat bilan, agar Sizga:
— olimpiada savollari yoki javoblari pul evaziga taklif etilsa,
— jarayonlarga tanish-bilishchilik yoki noqonuniy ta’sir ko‘rsatish holatlari bo‘lsa, darhol Fan olimpiadalari Markazning maxsus boti yoki ushbu (+998 71 207 05 24) telefon orqali xabar berishingizni so‘raymiz” —, deyiladi xabarda.