Fan olimpiadasini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar (maktab bosqichi) - Ta’lim / Образование

Fan olimpiadasini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar (maktab bosqichi)

Ushbu sahifada fan olimpiadasining maktab bosqichini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

olimpiada

2024/2025-o‘quv yili uchun umumta’lim fanlari bo‘yicha asosiy olimpiadaning birinchi (maktab) bosqichini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024 yil 9 sentyabrdagi 02-31-1335 – sonli xatiga 2-ilova


l-§. Umumiy qoidalar

1. Mazkur tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentabrdagi “Iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazish tizimini takomillashtirish hamda xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktabni aniqlash tizimini joriy etish to‘g‘risida” 562-son qarorining 1-ilovasidagi Nizom talablariga muvofiq ishlab chiqilgan.

Ushbu tavsiyalar 2024/2025-o‘quv yili uchun umumta’lim fanlari bo‘yicha Asosiy olimpiadaning birinchi (maktab) bosqichini (keyingi o‘rinlarda – Olimpiada) tashkil etish va o‘tkazish jarayonida qo‘llaniladi.



2-§. Olimpiadani tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar

2. Olimpiada davlat va nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 9-11-sinf o‘quvchilari, akademik litsey va kasb-hunar maktablarining 1-2-bosqich o‘quvchilari o‘rtasida o’tkaziladi.

3. Olimpiadani tashkil etish va o‘tkazishda ta’lim muassasasi pedagogik kengashi tomonidan quyidagilar amalga oshirilishi lozim:

— olimpiada o‘tkaziladigan joyni belgilash va o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;

— har bir fan bo‘yicha hakamlar hay’ati tarkibini tuzish (3-7 nafar), apellyatsiya komissiyasi a’zolari ro‘yxatini shakllantirish;

— nazorat materiallarini tayyorlash va maxfiyligini ta’minlash choralarini ko‘rish;

— olimpiada natijalari va hakamlar hay’ati qarori asosida g‘oliblarni keyingi bosqichda ishtirok etishi bo‘yicha tavsiyani yuqori turuvchi tashkiliy qo‘mitaga taqdim etish.



4. Olimpiada o‘tkaziladigan joy va muddatlari bo‘yicha barcha o‘quvchilar olimpiadadan kamida 3 kun oldin (e’lonlar taxtasi, ijtimoiy tarmoqlar va telegram guruhlarga e’lon joylashtirish, fan o‘qituvchilari tomonidan mashg‘ulotlar vaqtida, umumiy saflanishda og‘zaki e’lon qilish va boshqalar) xabardor qilinishi lozim.

O‘quvchilarni olimpiada o‘tkazilishi haqida xabardor qilishni ta’minlashga ta’lim muassasasi direktori shaxsan mas‘ul hisoblanadi.

Fan olimpiadasini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar (maktab bosqichi)

O‘quvchilar olimpiadalarda o‘z xohishlariga ko‘ra, ixtiyoriy ravishda qatnashadilar.

Ayrim sabablarga ko‘ra belgilangan muddatda olimpiadada ishtirok etmagan o‘quvchi uchun qayta olimpiada o‘tkazish, olimpiadada ishtirok etmagan o‘quvchini keyingi bosqichda ishtirok etish uchun tavsiya etish mumkin emas.

5. Har bir fan va sinf kesimida ishtirokchilar orasidan ballar ketma-ketligida 3 nafargacha g‘olib aniqlanadi va maktab pedagogik kengashining (yoki nodavlat ta’lim tashkiloti rahbarining) qarori bilan olimpiadaning keyingi bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etiladi.

6. Keyingi bosqichda ishtirok etish uchun tavsiya etilgan o‘quvchilar hamda ularning o‘qituvchilari haqidagi ma‘lumotlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining olympiad.uzedu.uz axborot tizimiga joylashtirilishi shart.

Olimpiadani o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar, nazorat materiallarining maxfiyligini, jarayonning adolatli va shaffof o‘tkazilishini ta’minlashga ta’lim muassasasi direktori mas’ul hisoblanadi.

Tuman (shahar) Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi birinchi bosqich tashkil etilishini muvofiqlashtiradi hamda adolatli va shaffof o‘tkazilishi bo‘yicha nazoratni amalga oshiradi.



3-§. Olimpiada natijalarini baholash

7. Olimpiada natijalarini baholash fanlar bo‘yicha ta’lim muassasasi pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi.

Olimpiada natijalarini baholash olimpiada o‘tkazilgan kuni amalga oshiriladi.

8. Olimpiada fanlar bo‘yicha test topshiriqlari, yozma va amaliy ish shaklida tashkil qilinishi mumkin.

Nazorat materiallari o‘quvchilarning bilim, ko‘nikmalarini standart va nostandart masalalarda, amaliy topshiriqlarda qo‘llay olish malakalarini va kompetensiyalarini baholashga qaratilgan bo‘lishi lozim.

9. Olimpiada ishtirokchilari topshiriqlarni o‘zbek yoki rus tillarida bajarishi mumkin. Chettillar va qardosh tillar fanlari bundan mustasno.



4-§. Hakamlar xay‘ati

10. Olimpiadada ta’lim muassasasi pedagogik kengashi tomonidan 3 kishidan 7 kishigacha tarkibda hakamlar hay‘ati tuziladi.

11. Ishtirokchilarga topshiriqlarni bajarish uchun berilgan vaqt yakunlangandan so‘ng auditoriya rahbari tomonidan, ularning ishlari yig‘ib olinadi va shifrlangan holda hakamlar hay‘atiga topshiriladi.

12. Hakamlar hay’ati olimpiada ishtirokchilari tomonidan bajarilgan ishlarni xolisona tekshiradi va baholaydi.

13. O‘quvchilarning ishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholangandan so‘ng, topshiriqlar hamda ularning yechimlari e’lonlar doskasiga osiladi.

14. Hakamlar hay’ati yakuniy ballarni qarorga kiritib, barcha ishtirokchilarning natijalarini va qarorni e‘lonlar doskasiga osadi.

Baholash jarayoni soat 18:00 dan kechikkanda natijalarni avvaldan maxsus tashkil etilgan va barcha ishtirokchilar uchun ochiq bo‘lgan telegram kanal yoki guruhlarda e’lon qilish mumkin.



15. Hakamlar hay‘ati topshiriqlar va ularning yechimi yuzasidan ishtirokchilarning talabiga ko‘ra tushuntirish berishi mumkin.

16. Hakamlar hay‘ati qaroridan norozi bo‘lgan o‘quvchilar apellyatsiya komissiyasiga shu kunning o‘zida murojaat qilishga haqli.