“Mening maktabim” loyihasida 5-sinfdan 11-sinfgacha boʻlgan har bir oʻquvchi oʻzi taʼlim olayotgan umumtaʼlim maktabiga doir loyihalarni ilgari surishadi hamda ushbu loyihalarga ovoz berishadi.
Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlum qildi.
Oʻquvchilar quyidagi usullardan foydalangan holda oʻz loyihalarini ilgari surishlari mumkin:
- avtomatik tarzda — loyiha namunalari orasidan oʻziga yoqqan loyihani tanlash orqali (shablon loyihalar roʻyxati – bu yerda);
- mustaqil ravishda — taqdim etilgan loyiha namunalari orasida mavjud boʻlmagan loyihalarni yangidan shakllantirish orqali.
Loyihaning 1-bosqichi doirasida 1, 2 va 4-toifaga kiritilgan 112 ta tumandagi 4 ming 987 ta maktab ishtirok etadi. Mazkur bosqichda ishtirok etayotgan 112 ta tuman roʻyxati – bu yerda.
Loyiha kiritish bosqichi «Ochiq byudjet» portalida 31-oktyabrgacha davom etadi. Kiritilgan loyihalar 10-noyabrga qadar saralanib, 11-20-noyabr kunlari ovoz berish bosqichi boʻlib oʻtadi. Bu mavsumda ishtirok etmayotgan qolgan maktablar dekabr oyida boʻladigan 2-mavsumda qatnashadi.
“Mening maktabim” doirasida oʻqituvchilar va maktab maʼmuriyati uchun tovar va xizmatlarni xarid qilish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, quyidagicha loyihalar ilgari surilishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
- oʻquvchilar oʻrtasida nizo keltirib chiqaradigan, faqat bir guruh oʻquvchilar foydalanishi uchun moʻljallangan loyihalar;
- sanitariya meʼyorlarini buzishi yoki tabiatga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan loyihalar (ichimlik suvidan samarasiz foydalanish va boshqalar);
- maktabni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar (kommunal xizmatlar va boshqalar);
- oʻquvchilar va oʻqituvchilarning sogʻligʻi (xavfsizligi)ga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan loyihalar (attraksionlar va boshqalar);
- oʻquvchilar vaqtini behuda oʻtkazishiga olib keladigan, oʻquv jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatadigan loyihalar (PlayStation kabi oʻyin mashinalari va boshqalar).
Har bir gʻolib maktabga tuman (shahar) byudjetidan BHMning 150 barobari – 61,8 mln soʻmgacha mablagʻ ajratiladi. Kiritiladigan loyihalar qiymati ana shu miqdordan oshmasligi kerak.





