O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 29 iyuldagi 411-son qarori bilan milliy sertifikat berish tizimida katta o‘zgarishlar joriy etilmoqda.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab quyidagi fanlardan milliy sertifikat berish yo‘lga qo‘yiladi:
— Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun bilim darajasi va pedagogik mahoratini aniqlash imtihonlari.
— Huquqshunoslik fani.
— 11 ta chet tilidan ko‘p darajali (Multi-level) test tizimi (xitoy, koreys, yapon, ispan, italyan, fors, dari, pushtu, urdu, hindiy va uyg‘ur tillari).
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga – 15% ustama!
Qarorga ko‘ra, B+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga har oyda lavozim maoshiga 15 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
Sertifikat 3 yil muddatga beriladi.
Attestatsiyadan o‘tishda majburiy malaka sinovidan maksimal ball beriladi va ular sinovdan ozod etiladi.
Natijalar qanday baholanadi (Rash modeli asosida)?
Imtihon natijalari xalqaro baholash tizimi bo‘yicha quyidagi darajalarga bo‘linadi:
A+ daraja — 70 balldan yuqori
A daraja — 65 – 69,9 ball
B+ daraja — 60 – 64,9 ball (ustama beriladigan quyi chegara)
B daraja — 55 – 59,9 ball
C+ daraja — 50 – 54,9 ball
C daraja — 46 – 49,9 ball
Ro‘yxatdan o‘tish va to‘lov shartlari:
Ro‘yxatdan o‘tish YAIDXP (my.gov.uz) orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
Imtihon to‘lovi BHMning 1,5 baravari miqdorida. Portal orqali topshirilganda 10% chegirma qo‘llanadi.
Ijtimoiy chegirmalar: Ijtimoiy reyestrga kirgan kambag‘al oila a’zolari hamda I va II guruh nogironligi bor shaxslarga 50%, davlat ta’minotidagi oilalarga esa 75% chegirma beriladi.
Imtihon natijalari 21 ish kuni ichida e’lon qilinadi va QR-kodli elektron sertifikat yuboriladi.





