Ushbu sahifada Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida variativ o‘quv rejalarini joriy etish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tavsiyasi bilan tanishib chiqishingiz mumkin.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida variativ o‘quv rejalarini joriy etish bo‘yicha tavsiya
(O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 26-iyundagi 227 sonli buyrug‘iga 1 ilova)
I. Umumiy qoidalar
1. 1. Ushbu tavsiya quyidagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqildi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi PF-5712-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi PF-27-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 12-avgustdagi PQ-4805-son qarori;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fizika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 19-martdagi PQ-5032-son qarori.
2. Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 7-11-sinflarida variativ o‘quv rejalari ixtiyoriy ravishda joriy qilinadi.
3. Umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida oʻquv yili davomida variativ oʻquv rejalari joriy etilgan sinflar (keyingi oʻrinlarda – tanlov sinfi) yoʻnalishini oʻzgartirishga va an’anaviy sinfga aylantirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
4. Umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida sinfdagi oʻquvchilar va ularning ota-onalari hamda oʻqituvchilarning uchdan ikki qismi rozilik bildirganda ushbu sinfda variativ oʻquv reja joriy qilinadi.
II. Variativ oʻquv rejalarining maqsadi
5. Umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida variativ oʻquv rejalarini joriy etishning asosiy maqsadi quyidagilardan iborat:
- oʻquv jarayonini kompetensiyaviy yondashuv asosida tashkil etish;
- oʻquvchilarning individual xohish-istaklari, qobiliyatlarini inobatga olgan
holda oʻquv jarayonini tashkil etish; - ta’lim muassasalarining oʻzida oʻquvchilarning oliy ta’lim muassasalariga
tayyorgarlik koʻrishlari uchun imkoniyat va yetarli sharoitlar yaratish.
III. Variativ oʻquv rejalarini joriy etish tartibi
6. Umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrugʻi bilan tasdiqlanadigan tayanch oʻquv reja asosida oʻqitiladigan an’anaviy sinflar bilan birga, variativ oʻquv reja asosida oʻqitiladigan tanlov sinfi ham tashkil etilishi mumkin.
7. Tanlov sinfidagi oʻquvchilar soni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta ta’lim toʻgʻrisida nizomga muvofiq boʻlishi lozim.
Tanlov fanlari, ikkinchi xorijiy til, biznes va kasb-hunar yoʻnalishlari hamda ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat umumtaʼlim muassasalarining ixtisoslashtirilgan hamda jasorat maktabining ixtisoslashtirilgan sinflarida variativ oʻquv rejalari tatbiq qilinmaydi.
Tanlov sinfi umumiy oʻrta ta’lim muassasasida mavjud 7-11-sinflar oʻquvchilari kontingenti hisobidan tashkil etiladi.
8. Tanlov sinflari 7-11-sinflarda 18 ta (filologiya, xorijiy tillar, moliya – iqtisod, axborot texnologiyalari (IT), muhandislik (texnologiya), tabiiy fanlar, ijtimoiy-gumanitar, boshlangʻich ta’lim, kimyo-texnologiya, geografiya va geologiya, maktabgacha ta’lim va psixologiya, tarix va arxeologiya, turizm, yurisprudensiya, ijtimoiy ish, yoʻl harakati va hayot xavfsizligi faoliyati, sport, harbiy vatanparvarlik) yoʻnalish boʻyicha tashkil etiladi.
9. Tanlov sinfi yoʻnalishi tegishli sinflar kesimida oʻquvchilar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazish orqali aniqlanadi.
10. Oʻquvchilar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazish va natijasini umumlashtirish uchun maktabda tanlov komissiyasi tuziladi.
Tanlov komissiyasi tarkibi quyidagicha shakllantiriladi:
- komissiya raisi – maktab direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari;
- komissiya a’zolari – maktab psixologi, amaldagi tegishli sinf rahbarlari, fan metod birlashma rahbarlari va ota-onalardan vakil kiritiladi;
- Bunda, tanlov komissiyasi a’zolari tarkibiga fan oʻqituvchilari kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi (fan metodbirlashma rahbarlari, sinf rahbarlari bundan mustasno).
11. Oʻquvchilar oʻrtasida tanlov sinfi yoʻnalishini aniqlashga qaratilgan soʻrovnomani oʻtkazish jarayonida ota-onalar ham farzandlari bilan birga ishtirok etishi mumkin. Bunda, bir nafar oʻquvchi faqat bitta yoʻnalishni tanlaydi.
12. Soʻrovnomani oʻtkazish va natijalarini umumlashtirish jarayonining shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini oʻrnatish maqsadida ushbu jarayonlarda maktabning Kuzatuv kengashi a’zolari kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin.
13. Oʻquvchilar va ularning ota-onalari hamda oʻqituvchilarning xohish-istaklarini inobatga olgan holda umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida bir nechta yoʻnalishda tanlov sinfi tashkil etilishi mumkin.
Bitta sinfda faqat bitta yoʻnalish boʻyicha tanlov sinfi tashkil etiladi. Bitta sinfda ikkita yoʻnalishni tanlashga ruxsat berilmaydi.
7-11-sinflarning biridan bitta sinf mavjud boʻlganda ham soʻrovnoma natijalariga koʻra, tanlov sinfi tashkil etish mumkin.
14. Soʻrovnoma natijasida tegishli tanlov sinfida oʻqishni xohlagan oʻquvchilar soni 35 nafardan oshib ketsa, bunday holda oʻquvchilar tanlov komissiyasi tomonidan tashkil etiladigan tegishli fan boʻyicha sinov (nazorat ishi) natijalari asosida tanlov sinfiga qabul qilinadi (bitta parallel sinfi mavjud boʻlgan umumiy oʻrta ta’lim muassasalari bundan mustasno). Sinovdan oʻtolmagan oʻquvchi an’anaviy sinfda oʻqishini davom ettiradi.
Agarda tanlov sinfida oʻqishni xohlagan oʻquvchilar soni 35 nafardan ortiq boʻlmasa, bunday holda oʻquvchilar tanlov sinfiga sinovsiz qabul qilinadi.
15. Ota-onalar farzandlarini tanlov sinfiga qabul qilishi toʻgʻrisida 25-avgust kuniga qadar umumiy oʻrta ta’lim muassasasi direktori nomiga ariza bilan murojaat qiladi.
16. Oʻquvchilarga oʻquv yili davomida an’anaviy sinfdan tanlov sinfiga oʻtishlariga ruxsat berilmaydi (oilaviy yoki boshqa sabablarga koʻra maktabni oʻzgartirish holatlari bundan mustasno).
Agarda tanlov sinfida oʻquvchi ikki chorak davomida “qoniqarsiz” baho olgan taqdirda oddiy sinfga oʻtkaziladi.
Bitta parallel sinfi mavjud boʻlgan umumiy oʻrta ta’lim muassasalarining tanlov sinfida taʼlim olayotgan oʻquvchi ikki chorak davomida “qoniqarsiz” baho olgan taqdirda yaqin hududdagi boshqa umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga oʻtkaziladi. Oʻquvchilarni fanlar boʻyicha olgan baholari har chorak yakunida ularning ota-onalarga (yoki oʻrnini bosuvchi shaxslarga) tanishtirib boriladi.
Tanlov sinflarining mavjud boʻsh oʻrinlariga oʻquv yili yakunlangandan soʻng, tanlov komissiyasi tomonidan tashkil etiladigan tegishli fan boʻyicha sinov (nazorat ishi) natijalari asosida oʻquvchilar qabul qilinadi.
17. Oʻquvchilar eng koʻp tanlagan yoʻnalish boʻyicha sinflar soniga mutanosib ravishda yangidan sinflarga ajratiladi. Bunda, sinflar soni mavjud tegishli sinflar sonidan oshib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
18. Maktab direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari va fan metod birlashma rahbarlari tomonidan tanlov sinfi yoʻnalishi, tanlov fanlari, dars soati, oʻquvchilar roʻyxati, sinf rahbari va mazkur fanlardan dars beruvchi oʻqituvchilar toʻgʻrisida ma’lumot tayyorlanadi.
19. Ushbu ma’lumot maktab pedagogika kengashida muhokama qilinib, kengashda tanlov sinfi yoʻnalishi, tanlov fani oʻqituvchilari, ularning dars soati, sinf rahbarini belgilash, oʻquvchilar roʻyxatini tasdiqlash boʻyicha tegishli qaror qabul qilinadi. Ushbu pedagogika kengashi qarori asosida maktab direktorining buyrugʻi chiqariladi.
20. Umumiy oʻrta ta’lim muassasalarining tanlov sinflari oʻqituvchilariga dars soatlari “Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ning (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 30-iyunda roʻyxatdan oʻtkazilgan, roʻyxat raqami 3271) 15-bandida belgilangan koʻrsatkichlar ketma-ketligida taqsimlanadi.
21. Tanlov sinfi yoʻnalishidan kelib chiqib, direktorning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari, tegishli fan uslub birlashmasi va tanlov fani oʻqituvchilari birgalikda Respublika ta’lim markazi tomonidan ishlab chiqilgan namunaviy taqvim-mavzu rejalari asosida tanlov sinfining taqvim-mavzu rejasini tuzadi va ushbu reja maktab direktori tomonidan tasdiqlanadi.
22. Variativ oʻquv rejalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Variativ oʻquv reja majburiy va tanlov fanlaridan iborat boʻladi.
23. Tanlov fani uchun ajratilgan soatlarda quyidagilar amalga oshiriladi:
- oʻquvchilarga fanlarni chuqur oʻrgatish va tegishli mavzularga doir qoʻshimcha ma’lumotlar berish;
- oʻquvchilar bilimini mustahkamlash va mavzularning toʻliq oʻzlashtirilishini ta’minlash;
- Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tavsiya etiladigan ta’lim resurslari platformalaridan foydalanish;
- qoʻshimcha adabiyotlardan misol va masalalar, testlar yechish;
- oliy ta’lim muassasalari oʻqituvchilarini jalb qilgan holda amaliy mashgʻulotlar tashkil etish;
- oʻquvchilarni oliy ta’lim muassasalarining kirish imtihonlariga tayyorlash.
IV. Yakuniy qoidalar
24. Tanlov fanlarini oʻqitishda darsliklardan tashqari, tavsiya etilgan qoʻshimcha adabiyot va manbalardan foydalanish mumkin.
25. Variativ oʻquv reja asosida ta’lim olgan 11-sinf bitiruvchilarining umumiy oʻrta ta’lim toʻgʻrisidagi shahodatnomasiga yakuniy baholar quyidagicha qoʻyiladi:
- variativ oʻquv reja boʻyicha 11-sinfda oʻqitilgan barcha fanlardan yillik (yakuniy) baholari sinf jurnallari (emaktab.uz) asosida qoʻyiladi;
- variativ oʻquv reja asosida tashkil etilgan 10-11-sinflarda dars soatlari qisqarishi evaziga oʻqitilmagan fanlarning yakuniy baholari 9-sinf tayanch oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnomasida mazkur fanlardan olgan baholarini koʻchirish orqali qoʻyiladi.
26. Tanlov sinfini tashkil etish yoki uni tugatish maktabning pedagogika kengashi qarori asosida amalga oshiriladi.





