Pedagoglarni kasbiy sertifikatlash qanday tartibda amalga oshiriladi? - Ta’lim / Образование

Pedagoglarni kasbiy sertifikatlash qanday tartibda amalga oshiriladi?

Hukumat qarori (87-son, 12.02.2024 y) bilan “Davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlangan.

Stajor-o‘qituvchilarni ishga qabul qilish tartibi ishlab chiqildi

Unga ko‘ra, pedagogik kasbga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy ma’lumotli talabgorlar stajyor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadi va ular ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab 1 yil muddat davomida kasbiy sertifikatga ega bo‘lishi talab etiladi.

Kasbiy sertifikatlash jarayoniga talabgor o‘z muddatida jalb etilishi uchun u faoliyat ko‘rsatayotgan davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining rahbari mas’ul hisoblanadi.



Talabgor nazorat sinovida qatnashish uchun so‘rovnomani davlat xizmatlari markazlariga shaxsan borib yoki YAIDXP (my.gov.uz)da to‘ldirgan holda ro‘yxatdan o‘tadi.

Birinchi marta kasbiy sertifikat olish bo‘yicha nazorat sinovida ishtirok etish uchun talabgordan to‘lov undirilmaydi. Qayta ishtirok etish uchun talabgor tomonidan BHMning bir baravari miqdorida to‘lov to‘lanadi.

Kasbiy sertifikat olganidan so‘ng pedagoglar pedagogik faoliyatida besh va undan ko‘p yil davomida uzilishlar bo‘lgan faoliyatini qayta boshlagan vaqtdan boshlab bir yil davomida kasbiy sertifikatga ega bo‘lishi lozim.



Kasbiy sertifikat olish uchun nazorat sinovi qoida tariqasida, har yili mart – may oylarida test shaklida o‘tkaziladi.

Davlat maktablarida o‘rindoshlik asosida dars beradigan va asosiy ish joyi bo‘yicha pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanmaydigan talabgor o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan ta’lim tashkilotidan kasbiy sertifikatlash jarayonlariga jalb etiladi. Talabgorning diplomida bittadan ortiq tayyorlov yoki ta’lim yo‘nalishi, mutaxassislik yoxud ixtisoslik ko‘rsatilgan bo‘lsa yoki diplomida ko‘rsatilmagan o‘quv fanlaridan dars berish huquqiga ega bo‘lsa, ular dars berayotgan har bir o‘quv fani bo‘yicha alohida kasbiy sertifikat olishi lozim.



Quyidagilar kasbiy sertifikatlashga jalb etilmaydi:

— fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSs) darajasiga hamda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dotsent va professor ilmiy unvoniga ega bo‘lgan pedagog kadrlar;

— magistr darajasiga ega mutaxassislar.

Nazorat sinovi 50 ta topshiriqdan iborat bo‘ladi, har bir to‘g‘ri bajarilgan topshiriq 2 ball bilan baholanib, nazorat sinovi uchun jami 100 ball beriladi.

Nazorat sinovi kompyuterda (onlayn platforma) viloyat markazlaridagi katta sig‘imli binolarda o‘tkaziladi.



Nazorat sinovi natijasi bo‘yicha 56 va undan yuqori ball to‘plagan talabgor nazorat sinovidan o‘tgan hisoblanadi va elektron shakldagi sertifikat uning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.

Navbatdan tashqari nazorat sinovida ishtirok etib, yetarli ball to‘play olmagan talabgor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinadi.