“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasiga ko‘ra, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalar bor stajga mutanosib miqdorda tayinlanadi.
Bunda, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalar:
— yoshga doir pensiyalar uchun — yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan;
— I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik pensiyalari uchun — yoshga doir eng kam pensiyaning 100 foizidan;
— II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik pensiyalari uchun — yoshga doir eng kam pensiyaning 75 foizidan;
— oilaning mehnatga layoqatsiz har bir a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi uchun — yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan;
— ham otasi, ham onasidan judo bo‘lgan (chin yetim) har bir bolaga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi uchun — yoshga doir eng kam pensiyaning 100 foizidan kam bo‘lmasligi lozim.
Misol uchun, ish staji to‘liq bo‘lmagan II guruh nogironligi bo‘lgan fuqaro nogironlik pensiyasiga chiqish uchun murojaat qildi va uning pensiyasi miqdori deylik 450 000,0 so‘m atrofida chiqdi.
Bunda, mazkur moddaning tegishli bandi qo‘llanilgan holda fuqaroning pensiyasi miqdori yoshga doir eng kam pensiyaning 75 foizi (ya’ni 543 ming so‘m) etib belgilanadi.
Lekin qonunchilikdagi so‘ngi o‘zgarishlarga ko‘ra pensiyaning miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emas. Mazkur qoidadan kelib chiqqan holda, ish staji to‘liq bo‘lmaganda pensiyaning miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlari (bugungi kunda 648 ming so‘m)dan oz bo‘lishi mumkin emas.