O‘qituvchining oyligidan nohaq ushlab qolinganda qayerga murojaat qilish kerak? Ushbu savolga malakali huquqshunos javob berdi.
Savol: Assalomu alaykum, men Farg‘ona viloyatidagi maktabda ishlayman. Bizning zavuchimiz 23 ta o‘qituvchini oyligini noxaq kesib tashlabdi, 800 mingdan, 500 mingdan ushlab qolgan, ogohlantirmagan. Mehnat kodeksi bor, o‘zining qonun qoidalari borku. Hech qaysi maktablarda kundalik.com boshlangandan beri o‘qituvchilar oyligidan zavuch tomonidan ushlab qolinmayotgan edi, iltimos yordam bervoringlar.
Huquqshunos javobi:
❗️Bu holatda tuman adliya bo‘limiga yoki tuman prokuraturasiga murojaat qilishingiz lozim.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 269-moddasi birinchi qismida umumiy qoidaga ko‘ra xodimning yozma roziligi bilan ushlab qolinishi mumkinligi belgilangan.
Shuningdek, ushbu normaning (MK 269-m) ikkinchi qismida ish beruvchining xodimning roziligisiz uning ish haqidan ushlab qolish asoslari qayd etilgan. Unga ko‘ra ish beruvchi quyidagi holatlarda xodimning roziligisiz ish haqidan ushlab qolishga haqli:
1) soliqlar va yig‘imlarni undirish uchun;
2) “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan sud qarorlarini va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun, shuningdek vakolatli organlarning qonuniy talablarini bajarish uchun;
3) ish haqi hisobiga berilgan bo‘nakni ushlab qolish uchun, boshqa joydagi ishga ko‘chib o‘tganligi munosabati bilan xo‘jalik ehtiyojlariga, xizmat safarlariga berilgan, sarflanmagan va o‘z vaqtida qaytarilmagan bo‘nakni ushlab qolish uchun hamda hisob-kitobdagi xatolar oqibatida ortiqcha to‘langan summalarni qaytarib olish uchun.
Bunday hollarda ish beruvchi bo‘nakni qaytarish, qarzdorlikni to‘lash uchun belgilangan muddat tamom bo‘lgan kundan yoki to‘lov noto‘g‘ri hisoblab chiqarilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay ushlab qolish haqida buyruq chiqarishga haqli. Agar bu muddat o‘tib ketgan bo‘lsa yoki xodim bo‘nakni to‘lash uchun ushlab qolish asoslariga yoxud miqdoriga e’tiroz bildirayotgan bo‘lsa, qarzni to‘lash sud tartibida amalga oshiriladi;
4) xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun, agar yetkazilgan zararning miqdori xodimning o‘rtacha oylik ish haqidan oshmasa;
5) ushbu Kodeks 312-moddasi birinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan jarimani undirish uchun;
6) xodim qaysi ish yili hisobiga ta’til olib bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha yil tugaguniga qadar mehnat shartnomasi bekor qilinganda ta’tilning ishlab berilmagan kunlari uchun. Bundan boshqa holatlarda ish haqidan faqat sudning qarori asosidagina ushlab qolishga yo‘l qo‘yiladi.
❗️Sizdagi holatda ham yuqoridagilardan birortasi mavjud bo‘lmasa, unda direktor o‘rinbosarining harakatlari ustidan yuqoridagi organlarga murojaat qilishingiz lozim.