Umumtaʼlim fanlari boʻyicha milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlarni verifikatsiyadan oʻtkazish tartibi tasdiqlandi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2024-yil 11-sentabrdagi 301-sonli buyrug‘i bilan quyidagilar tasdiqlandi:
1-ilovaga muvofiq milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlarning haqiqiyligini tekshirish boʻyicha ishchi guruh tarkibi;
2-ilovaga muvofiq milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlarni verifikatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Verifikatsiyani tashkil etish va oʻtkazish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
— talabgor o‘zi ishlayotgan maktabdagi masʼul xodimga ERP tizimiga kiritishi uchun sertifikat aslini va ushbu sertifikat nusxasini taqdim etadi;
— maktab direktori yoki oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari tomonidan ushbu sertifikat nusxasini bir ish kuni ichida ERP tizimiga yuklaydi va haqiqiyligini tekshirish uchun hududiy boshqarma masʼuliga yuboradi;
— hududiy boshqarmalardagi masʼul xodimlar: kiritilgan hujjatlarni belgilangan talablarga mosligini oʻrganadi;
— belgilangan talablarga mos boʻlmagan sertifikatlarni tahrirlab maktab direktori yoki oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosariga qaytarib yuboradi;
— kiritilgan maʼlumotlar sertifikat nusxasiga mos va haqiqiyligi tasdiqlangandan soʻng verifikatsiyani tasdiqlaydi.
Sertifikatlar maktab direktori yoki oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari tomonidan ERP tizimiga yuklangandan keyin 15 kun mobaynida buyruq bilan tasdiqlangan masʼul hududiy xodimlar tomonidan verifikatsiyadan oʻtkaziladi.