O‘quvchilarga baho qachon qo‘yilishi kerak? Ushbu savolga malakali huquqshunoslar javob berishdi.
Savol: Assalomu alaykum, men o‘qituvchiman. O‘quvchilarga bahoni qachon qo‘yish kerak? Darsdami yoki darsdan keyin, uydami? Uyda boshqa ishlarimiz ham bo‘ladi. Elektron jurnal davomat yuritish uchun emasmi?
Javob:Xalq ta’limi vazirligining 2022 yil 24 iyundagi 205-sonli “Umumta’lim maktablarida o‘quvchilar bilimini baholash jarayonini raqamlashtirish va ta’lim jarayonida shaffoflikni ta’minlash to‘g‘risida”gi buyrug‘ining 3-bandida, 2022-2023 yildan boshlab, Respublikaning barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida an’anaviy qog‘oz ko‘rinishidagi sinf jurnallari va qog‘oz kundaliklarini yuritishni bekor qilish belgilangan.
Hamda, Buyruqning 7-bandida ta’lim muassasasining o‘quv va tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari fan o‘qituvchilari tomonidan baholash mezoniga doir o‘quvchilarni baholash jarayoni faqat dars o‘tilgan sananing o‘zida olib borilishini nazorat qilishi belgilangan.
Ya’ni, siz emaktab.uz (sobiq kundalik.com)da o‘quvchilarni baholashda dars o‘tgan kuningizda amalga oshirishingiz kerak. Ammo aynan dars soatida yoki undan keyinligi buyruqda belgilab berilmagan. Shu sababli, kunning istalgan soatida keyingi kunga o‘tmasdan o‘quvchilar baholanishi kerak.
Shuningdek, o‘qituvchilarda kunlik ish soatlari emas, balki dars soatlari berlgilanganligi uchun bu harakatlarni ishdan keyingi ishlashga majbur qilish deb ham aytib bo‘lmaydi.
Eslatma: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 205-sonli buyrug‘iga ko‘ra:
Jurnallar bo‘limi orqali tegishli sinf tanlanib, kerakli fan orqali sinf jurnali sahifasiga kirib, dars o‘tilgan sana ustuniga darsda qatnashgan o‘quvchilarning 30% ni baholab, dars sahifasi bo‘limidagi “Dars o‘tildi” qaydiga belgi qo‘yilishi zarur.
O‘quvchilar o‘z vaqtida (9.00-21.00 gacha 1 smenali maktablar uchun, joriy kundan ertasi kuni 13.00 gacha 2 smenali maktablar uchun) baholanmasligi, belgining qo‘yilmasligi o‘qituvchining dars o‘tmaganligini bildiradi va ushbu dars uchun haq to‘lanmaydi.