Ustama rad etilsa, nima qilish kerak? Ishchi guruh faoliyati haqida bilishingiz shart bo‘lgan 3 fakt.
Savol: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va ularning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra pedagog xodimlarning bazaviy tarif stavkalarigaga har oylik ustamalarini ishchi guruh rahbari va a’zolari ziddiyat, adovat tufayli foizini kamaytirsa yoki butunlay rad qilsa, bunday vaziyatda o‘qituvchi qayerga murojaat qilishi mumkin? Yoki ishchi guruhning necha foizi ma’qullab imzo qo‘ysa, ustama belgilanadi?
Pedagog xodimlarga har oylik ustama belgilash Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30 sentyabrdagi 823-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan Nizomning quyidagi tartiblariga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshirilishi shart:
1. Ustama belgilash faqat ochiq muhokama va baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi.
Nizomning 11- va 12-bandlariga muvofiq:
— Ustama faqat o‘quv-tarbiya jarayoniga shaxsiy hissa qo‘shgan, kasbga sodiq, tashabbuskor va yuqori kasbiy darajasini namoyon etgan xodimlarga belgilanadi.
— Bu baholash aniq mezonlar asosida bo‘lishi va adolat va xolislik prinsiplari asosida yuritilishi lozim.
Demak, ishchi guruhning shaxsiy ziddiyat, adovat yoki subektiv munosabat asosida ustamani rad etishi Nizomga zid harakat hisoblanadi va ustama tayinlanishida faqat faoliyat mezonlari asosida baholash lozim.
2. Ishchi guruh qarorlarini qanday qabul qiladi?
Nizomning 15-bandiga ko‘ra:
— Ishchi guruh qarori, majlisda ishtirok etgan a’zolarning oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
— Majlis vakolatli bo‘lishi uchun a’zolarning uchdan ikki qismi ishtirok etishi, shuningdek, kasaba uyushmasi, kuzatuv kengashi va ota-onalar vakillari majlisda qatnashishi shart.
— Ovozlar teng bo‘lib qolsa, ishchi guruh rahbarining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Masalan, agar ishchi guruhda 9 nafar a’zo bo‘lsa, kamida 6 nafari ishtirok etgan holda, 4 nafarning ovozi yetarli bo‘ladi. “Oddiy ko‘pchilik ovoz” deganda, qaror qabul qilinayotgan majlisda ishti¬rok etayotgan a’zolar sonining yarmidan ko‘pi tomonidan bildirilgan ijobiy fikr tushuniladi.
❗️Bu — ishchi guruhning umumiy tarkibi bo‘yicha emas, majlisda qatnashgan a’zolar soni bo‘yicha hisoblanadi. Agar hamma — 9 nafar a’zo qatnashayotgan bo‘lsa, kamida 5 kishi ma’qullashi kerak.
Har bir qaror bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va barcha ishtirokchilar tomonidan imzolanadi (Nizom 16-band).
3. Pedagoglar qayerga murojaat qilishi mumkin?
1. Umumta’lim muassasasi direktoriga yozma murojaat — ishchi guruh qarorini qayta ko‘rib chiqishni so‘rab.
2. Tuman mehnat inspeksiyasi va adliya bo‘limiga — pedagogning moddiy manfaatlariga tajovuz bo‘lsa, u mehnat huquqlari buzilganligi asosida yuqori instansiyalarga murojaat qilishi mumkin.