Hukumat qarori (474-son, 29.07.2025 y.) bilan “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi dam olish maskanlariga dam oluvchilarni qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, maskanlarga yo‘llanmalar yil davomida berilib, u yerda dam olish 12 kunlik kun tartibi asosida amala oshiriladi.
Dam olish har yili quyidagi muddatlarda tashkil etiladi:
▪️ Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (Vazirlik) tizimi xodimlari va ilg‘or pedagoglar uchun – sentyabr-may oylarida;
▪️ iqtidorli o‘quvchilar uchun – iyun-avgust oylarida.
Har bir hududda maskanlarga dam oluvchilarni saralash uchun komissiyalar tashkil etiladi.
Komissiyalar tomonidan maskanlarga 7-14 yoshli iqtidorli o‘quvchilar belgilangan mezonlar asosida tanlab olinadi.
Shuningdek, dam olish maskaniga quyidagi ilg‘or pedagoglar tanlab olinadi:
— xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;
— o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari;
— xorijiy til va STEAM fanlaridan mutaxassisligi bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga ega o‘qituvchilar;
— asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;
— respublika bosqichidagi ko‘rik-tanlovlarda faxrli o‘rinlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar;
— oliy va 1-malaka toifasiga ega boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari;
— asosiy olimpiadalarning viloyat bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar.
Belgilangan mezonlar bo‘yicha dam oluvchilarga ketma-ketlik asosida yo‘llanmalar beriladi.