«Birinchi qoʻngʻiroq»- bolaning maktabga ilk qadam qoʻyishi va uning bilim olishga kirishishini bildiradigan rasmiy marosimdir. Bu marosimga ota-ona va bolaning oʻzi oldindan tayyorgarlik koʻradi.
Ilk bor maktabga borilgan kunda hayajonli holat-bayram kayfiyati paydo boʻladi. Shu kuni maktablarda birinchi sinf oʻquvchilari uchun «Birinchi qoʻngʻiroq» («Salom, maktab») bayramini uyushtirish an’anaga aylangan. 1-sentyabr kuni mamlakatimizda eng ulugʻ bayram – Mustaqillik bayrami nishonlanadi.
Bu kun ayniqsa ota-onalar, oʻqituvchilar, oʻquvchilar uchun eng quvonchli bayram hisoblanadi. Chunki 1-sentyabr mamlakatimizda «Bilimlar kuni» sifatida ham bayram qilinadi. Hozirgi vaqtga kelib 1-sentyabr Mustaqillik bayrami boʻlganligi sabab, «Bilimlar kuni» 2-sentyabrda nishonlanadi. Bu bayram quvonchi va hayajoni, maktabga ilk bor qadam qoʻyuvchilar kayfiyatida juda yaqqol seziladi. Chunki, 1-sinf oʻquvchilari «Birinchi qoʻngʻiroq» marosimining asosiy qahramoni boʻlishadi.
«Birinchi qoʻngʻiroq» ning koʻtarinki ruhda oʻtkazilishi yangi oʻquv yilining borishiga katta ta’sir koʻrsatadi. Bu marosim ayniqsa,maktabga ilk bor qadam qoʻyayotgan oʻquvchilarning bilim olishga qiziqishini kuchaytirishda muhim rol oʻynaydi. Shu boisdan «Birinchi qoʻngʻiroq kunida» maktab bayramona bezatilishi, vatanni sevishga, mohiyatni qadrlashga, mehr-oqibatli boʻlishga da’vat etuvchi turli shiorlar osilishi, radiokarnaylar orqali kuy-qoʻshiqlar yangrab turishi, oʻquvchilarning toza, ozoda maktab formasidagi kiyimlarda maktabga kelishiga e’tibor berilishi lozim.
Maktablarda oʻtkaziladigan bunday marosim oʻquvchilar uchun oʻziga xos bayram hisoblanadi. Bunday bayramlar juda ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Bu bayram 1-sinf oʻquvchilarida maktabga mehr, ilm-fanga qiziqish tuygʻusini shakllantiradi.
Birinchi qoʻngʻiroq
Qoʻlimizda bir quchoq
Gul bilan keldik yana.
Yangi oʻquv yiliga
Chorlar qoʻngʻiroq, ana.
Har yon gulga burkanib
Bayramona tus olgan.
Maktab hovlisi bugun
Toʻyxonaga aylangan.
Ustozlar koʻzida nur
Porlab bizni kutadi.
Oʻquvchilar mehrini
Gulga qoʻshib tutadi.
Shu tob yangrar madhiya,
Barcha unga joʻr ovoz.
Vatan tuygʻusi singgan
Qalblar oʻrtanadi, rost.
Kimdir minbarga chiqib
Bayram bilan tabriklar.
Bolalar qoʻshiq aytib
Ustozlarini qutlar.
Favqulotda holatlar
Bagʻringdan ayirmasin.
Maktabim, qadrdonim,
Qanotlar qayrilmasin.
Hammadan-da quvongan
Birinchi sinflar boʻldi.
Prezident sovgʻasi-la
Koʻksi quvonchga toʻldi:
– Yangi Oʻzbekistonning
Qudratimiz boʻlajak.
Yurt rahbari ishongan
Oʻsha bizmiz – kelajak.
Zahro Hasanova