14 soat darsi bor o‘qituvchini soat 08:00 dan 16:00 gacha maktabda qolishga majburlash to‘g‘rimi? Malakali huquqshunoslar ushbu savolga javob berishdi.
Savol: Assalomu alaykum. Men maktabda asosiy o’rinda o’qituvchi bo’lib ishlayman. 14 soat darsim va sinf rahbarligim bor. Rahbar meni 8:00 dan 16:00 gacha maktabda qolishimizga majbur qiladi. Maktab ichki tartib qoidasi shunday ekan. Biz bunga qo’l qo’ygan ekanmiz. Men 14:30 da maktabdan ketyapman. Lekin rahbar tomonidan Dalolatnoma tuzdirilyapti. Dalolatnoma 3 ta tuzilganidan so’ng menga ogohlantirish berilar ekan va navbatdan tashqari ped kengash o’tkazilib, meni ishdan haydab yuborar ekan. Bular qanchalik asosli?
Huquqshunos javobi: Maktablarda ish vaqtiga oid qoidalar maktabning ichki mehnat tartib qoidalarida belgilanadi. Amaldagi mehnat qonunchiligi bu masalada aniq maxsus norma belgilamagan.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 296-moddasiga ko‘ra ichki mehnat tartibi qoidalari mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq ishga qabul qilish va xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi, mehnat shartnomasi taraflarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, ish rejimi, dam olish vaqti, xodimlarga nisbatan qo‘llaniladigan imtiyozlar va jazo choralari, shuningdek ushbu ish beruvchida mehnat munosabatlarini tartibga solishga oid boshqa masalalarni tartibga soluvchi ichki hujjatdir. Demak, sizdagi holatda ham ish vaqtiga oid meyorlar ushbu hujjatda belgilanadi.
Shuningdek, bunda o‘qituvchining ish vaqti uning ish yuklamasidan kelib chiqib aniqlanadi. 1 stakva miqdorda (yuqori sinflarda 20, boshlang‘ich sinflarda 18 soat) ishlaydigan o‘qituvchi Mehnat kodeksining 184-moddasiga ko‘ra haftasiga 36 soat ishlashi kerak.
Ta’kidlash kerakki, yuqoridagi meyor faqat to‘liq stavkada ishlaydigan xodimlar uchun taalluqli.
Shunga ko‘ra siz ham haftasiga 36 soat va kuniga 6 soat ishlashingiz lozim. Bunda Mehnat kodeksining 204-moddasiga ko‘ra ish kuni (smena) davomida xodimga dam olish va ovqatlanish uchun davomiyligi ko‘pi bilan ikki soat va kamida o‘ttiz daqiqa bo‘lgan, ish vaqtiga kiritilmaydigan tanaffus berilishi kerak.
Shunga ko‘ra sizdagi vaziyatda 1 soatlik (odatda tashkilotlarda bir soat) tanaffus vaqti ish vaqtiga kiritilmaydi. Demak, sizlardagi ish vaqti soat 8.30da boshlansa, 15.30da tugashi kerak deb hisoblaymiz. Bu norma 1 stavka ishladiganlar uchun qo‘llaniladi.
Ya’ni o‘qituvchi 2025/2026 o‘quv yilida to‘liq stavkada ishlasa, unda u haftasiga 36 soat ishlashi lozim.
❗️Sizdagi vaziyatga kelsak, sizning stavkangiz 14 soat bo‘lsa, unda sizning yuklamangiz 11.2 soatni tashkil etadi.
✅ Shu sababli sizning ish vaqtingiz haftasiga jami 25.2 soat, kuniga esa 4,2 soatga to‘g‘ri keladi.





