Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi oʻqituvchilar oʻrtasida dars soatlarini taqsimlashda oʻzgartirishlar kiritilganligiga doir ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy izoh berdi.
Qayd etilishicha, 2025-yilning 28-oktabr kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli qoʻshma qarori bilan “Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, 3271-1 raqam bilan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan roʻyxatdan oʻtkazilgan.
Ushbu Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishdan asosiy maqsad, oʻqituvchilarning ish yuklamasini kamaytirish, dars soatlarini taqsimlash talablarini soddalashtirish va jarayonni yanada shaffof hamda adolatli tashkil etishdan iborat.
Aniqroq aytganda, shu vaqtga qadar amalda boʻlgan dars taqsimoti ustuvorlik mezonlari 19 tadan 10 taga qisqartirildi. Bu oʻzgarishlar koʻp sonli oʻqituvchilarning takliflari asosida amalga oshirildi.
Xususan, barcha oʻqituvchilar uchun birdek imkoniyat yaratish maqsadida “TOP-1000 universitetlar reytingiga kiradigan dunyoning yetakchi universitetlarini bitirgan oʻqituvchilar” yoki “Xalqaro va asosiy fan olimpiadalarida oʻquvchilari gʻolib boʻlgan oʻqituvchilar” kabi mezonlar chiqarib tashlandi. Sababi bunday imkoniyatlardan har bir pedagog foydalana olmaydi.
Shu bois, yangi tartib boʻyicha dars soatlarini taqsimot qilishda asosiy eʼtibor natija koʻrsatgan raqabatdosh hamda fanni bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlarga va zamonaviy kompetensiyalarga ega oʻqituvchining kasbiy salohiyati va natijasiga qaratilgan.
Natijada dars soatlarini taqsimlashda oʻz ustida ishlaydigan, yuqori kasbiy mahoratga ega boʻlgan va sifatli taʼlim bera oladigan oʻqituvchilarga birinchi navbatda dars soatlari berish imkoniyati yaratiladi. Bu orqali tajribali oʻqituvchilar tomonidan sifatli taʼlim berilishi taʼminlanadi, shuningdek, oʻquvchilarning bilim natijalarini yaxshilash hamda maktablarda taʼlim sifati oshishiga xizmat qiladi.
Yangi oʻquv yilidan boshlab amaliyotga joriy etiladigan mazkur tartib maktablarda dars soatlari taqsimotida pedagogning kasbiy salohiyatini munosib baholash, natijaga asoslangan kadrlar tayyorlash siyosati yoʻlga qo‘yishda muhim jihatdir.





