Oʻzbekistondagi barcha taʼlim tashkilotlaridagi tarbiyalanuvchilar, oʻquvchilar va talabalar hamda tarbiyachilar va pedagoglar har oʻquv yilida kamida bir marta psixologik diagnostikadan oʻtkaziladigan boʻldi. Prezident qaroriga koʻra, diagnostika natijalari sunʼiy intellektda tahlil qilinib, oʻquvchi va pedagoglar uch guruhga ajratiladi, ruhiy qoʻllovga muhtoj deb topilganlarga mentor psixolog biriktiriladi.
“Uzluksiz taʼlim tizimida psixologik xizmat sohasini ilmiy asosda rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, barcha taʼlim tashkilotlarining pedagog (tarbiyachi) va oʻquvchilari (tarbiyalanuvchilari, talabalari) bir oʻquv yilida kamida bir marta maqsadli psixologik diagnostikadan oʻtkaziladi.
Bunda ushbu tizim:
- birinchi bosqichda – 2026/27 oʻquv yilidan boshlab maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida;
- ikkinchi bosqichda – 2027/28 oʻquv yilidan boshlab oʻrta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlarida joriy etiladi.
Psixologik diagnostika quyidagi tartibda tashkil etiladi:
- diagnostika Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan maxsus elektron platformada yuritiladi, shaxsga doir maʼlumotlar va diagnostika natijasida maʼlum boʻlgan maʼlumotlarning sir saqlanishi taʼminlanadi;
- natijalar sunʼiy intellekt texnologiyalari orqali tahlil qilinib, pedagog va oʻquvchilar “psixologik barqaror”, “psixologik qoʻllab-quvvatlashga muhtoj” va “faol psixologik qoʻllab-quvvatlash zarur” guruhlariga ajratiladi;
- “psixologik qoʻllab-quvvatlashga muhtoj” guruhiga kiritilganlarga taʼlim tashkilotining psixologi, “faol psixologik qoʻllab-quvvatlash zarur” guruhiga kiritilganlarga esa tegishli hudud boʻyicha mentor psixolog biriktiriladi.
Kaskadli malaka oshirish kursiga oʻqituvchi sifatida jalb etilgan psixologlarga bu davrda asosiy ish joyidagi lavozim maoshiga nisbatan 20 foiz miqdorida ustama toʻlanadi.
Oʻquv yili davomida psixologik barqarorlikni taʼminlashda yuqori koʻrsatkichlarga erishgan 150 nafar mentor psixolog mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 20 barobari miqdorida bir martalik moddiy ragʻbatlantiriladi.
Taʼlim tashkilotlari psixologik xizmat xodimlari besh yilda kamida bir marotaba malakasini oshirishi shart etib belgilanadi.
Nizomiy Ganjaviy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universitetining Psixologiya oʻquv-ilmiy markazi negizida Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi va Taʼlim va ilm-fan vazirligi boʻysunuviga oʻtkaziladi.
Institutda 2027-yil 1-yanvardan boshlab Raqamli psixologiya va sunʼiy intellekt, Taʼlim psixologiyasi va psixologik xizmat, Psixologik salomatlik va profilaktika laboratoriyalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.





