O‘quv markazi ochish uchun subsidiya olish tartibi (video) - Ta’lim / Образование

O‘quv markazi ochish uchun subsidiya olish tartibi (video)

Joriy yilning 1-iyulidan qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun subsidiya ajratishning navbatdagi to‘lqini boshlandi.

O‘quv markazi ochish uchun subsidiya olish tartibi

Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin bo‘lib, buning uchun hech qanday to‘lov talab qilinmaydi.

Saytning asosiy sahifasida sohalar keltirilgan. Ular orasidan “Ijtimoiy himoya” bo‘limini tanlab, undan “Qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun subsidiya” xizmatiga o‘tish kerak.

“Xizmatdan foydalanish” tugmasi orqali esa ariza jo‘natiladi. Undan faqat yuridik shaxslar foydalanishi mumkin.



Subsidiya nima uchun beriladi?

Bu turdagi subsidiyalar quyidagi maqsadlarda ajratiladi:

  • bino va o‘quv xonalarini axborot kommunikatsiya texnologiyalari, mebel, asbob-uskunalar, o‘qitishning texnik vositalari va boshqa anjomlari bilan jihozlash;
  • zarur darsliklar, o‘quv-metodik adabiyotlar va boshqa kutubxona-axborot resurslari hamda vositalari bilan ta’minlash;
  • ta’lim jarayonini tashkil etishga jalb etiladigan pedagog kadrlar mehnatiga haq to‘lash.


Buning uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  • 2 yilga mo‘ljallangan biznes reja;
  • mahsulot yetkazib berish yoki ishlarni, xizmatlarni bajarish to‘g‘risida tuzilgan xo‘jalik shartnomalari;
  • pedagog kadrlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari;
  • pedagog kadrlarning xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatlari;
  • ta’lim jarayonida foydalanilayotgan bino yoki o‘quv xonalarining ijara shartnomasi (ko‘chmas mulk ijarasi asosida faoliyat yuritayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun).


Talabgorlar barcha hujjatlarni PDF shaklida yuklashlari kerak bo‘ladi.

Arizalarni joriy yilning 10-iyuligacha havola orqali jo‘natish mumkin. Ular bir oy ichida ko‘rib chiqiladi.

Belgilangan muddat tugagach, bu turdagi subsidiyalar uchun ariza topshirishga keyingi imkoniyat joriy yilning oktabr oyi boshida keladi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida xizmatdan foydalanish mutlaqo bepul.


Foydalanish tartibi bilan videoyo’riqnomada tanishing: