Bahor haqida she’rlar to‘plami - Ta’lim / Образование

Bahor haqida she’rlar to‘plami

O‘lkamizga fasllar kelinchagi bahor nafasi kirib keldi. Barcha insonlarni qalbini hursandchilik bilan to‘ldirdi. Bahor faslida hamma insonlar shodu-xurram bo‘lib tabiyat go‘zligida bahra olishadi. Bahorda daraxtlar kurtak ochib gulaydi. Bahor fasllarning ichida yangilanish, yangi davrning boshlanishi tabiatning yana bir yangi sahifa ochilishi bilan ajralib turadi.

Bahor fasli insonlarni ezgu ishlar qilishlikga mehr-muhabbat ulashishlikga oshno etadi. Bahor fasli kirishi bilan qiru-adir ko‘mko‘k tusga kiradi. Hamma joyda gullarni hidi tutib ketadi. Bobodehqonlar ham bog‘ yaratishga kirishadilar. Bahor kelganini qushlarning sayrashidan, hid taratib turgan gullarga kapalaklaru asalarilar qo‘nishidan, bahor havosi ufurishidan sezish mumkin. Yana quyoshning nuri muzni eritishidan, adirlarning lolalar ochilishidan bilish mumkin. Ushbu sahifada bahor fasli haqida she’rlar bilan tanishishingiz mumkin.



Bugun tunda kelarmish bahor…

Derazangdan mo‘ralab asta,
Gul yuzingdan bo‘lib shikasta,
Uzun qishga siltab qo‘lini,
Ham qalbingdan boshlab yo‘lini,
To‘qqiz oyki, yelarmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor…

🌿🌹🌿🌹🌿

Qoru muzni suvga g‘arq qilib,
Izg‘irinni butkul tark qilib,
Eshitgandek mening nolamni,
Guldastaga o‘rab olamni –
Tushda boshing silarmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor…

🌿🌹🌿🌹🌿

Go‘zallikni eltib jahonga,
Sano aytib har o‘tgan onga,
Jamolingga bo‘lib mahliyo,
Istarangdan olgancha ziyo-
Bizga iqbol tilarmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor…



🌿🌹🌿🌹🌿

Unutilar hazonrez kuzak,
Tabassuming yuzingga bezak.
Mehrlaring menga og‘dirib,
Yomg‘irlarin yerga yog‘dirib,
Suvlarini elarmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor…

🌿🌹🌿🌹🌿

Hissiyotga to‘ldirib dilni,
Kengaytirib kichik ko‘ngilni,
Duolarga ijobat yetib,
Tabiatni chamanzor etib,
Baxtimizdek kularmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor…



Sen bahorni sog‘inmadingmi

Uyg‘onguvchi bog‘larni kezdim,
Topay dedim qirdan izingni.
Yonog‘ingdan rang olgan dedim –
Lolazorga burdim yuzimni,
Uchratmadim ammo o‘zingni,
– Sen bahorni sog‘inmadingmi?

🌺🌺🌺

Uzoqlarda zalvorli tog‘lar
Xayolimni keldilar bosib.
Kechdi qancha intizor chog‘lar,
Vasling menga bo‘lmadi nasib,
Sensiz men ham, bahor ham g‘arib,
– Sen bahorni sog‘inmadingmi?

🌺🌺🌺

O‘ngirlarda sakraydi ohu,
Na’matakda sa’va mittijon.
Qorliklardan sipqarilgan suv,
Daralarda uradi javlon.
Nigohimdan faqat sen pinhon,
– Sen bahorni sog‘inmadingmi?



Ko‘klamoyim (Muhammadyusuf she’ri)

Sochimda oq, men bahordan o‘tindim:
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.
Qor qo‘ynida seni qo‘msab o‘kindim,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.

🌺🍃🌺🍃🌺

Ko‘nglimga ko‘k binafshalar sochilsin,
Kokiliga tolpopukdan soch ilsin,
Boychechakka borar yo‘llar ochilsin –
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.

🌺🍃🌺🍃🌺

Fasl boshi, ham oxiri o‘zingsan,
Majnunlarning yo‘ldoshi ham o‘zingsan.
Laylilarning sirdoshi ham o‘zingsan,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.



🌺🍃🌺🍃🌺

Kel-da endi sog‘intirmay odamni,
Sen yo‘g‘ingda bir g‘am bosdi yelkamni,
Qorlar kurab ko‘mib keldim otamni…
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.

🌺🍃🌺🍃🌺

Ko‘king bilan kiyintiray dalamni,
Oyoqyalang suyuntiray bolamni,
O‘zing olgin ko‘ksimdagi alamni,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.

🌺🍃🌺🍃🌺

Ginam yo‘qdir kuzda ketgan oqqushdan,
Iymanmasin qayta eshik qoqishdan.
Qumri bilan birga chiqdik biz qishdan,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.

🌺🍃🌺🍃🌺

Jon ustida asrab yuray ko‘kni men,
To‘yib-to‘yib ko‘zga suray ko‘kni men.
Yana senga yetamanmi-yo‘qmi men,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim.



🌺🍃🌺🍃🌺

Dil yayrasin dala-dashting yasanib,
Yalpizlaring suv bo‘yiga yastanib.
Ikki misra bayt bitay bir maqtanib,
Ko‘klamoyim, ko‘kingdan ber bir chimdim!

 

 



Leave a Reply