Hozir butun dunyoda «test» so‘zi jamiyatda va kishilar orasida keng qo‘llaniladigan so‘zlardan bo‘lib qoldi. Chunki biror kasb-hunar orttirish uchun ham odam test sinovidan o‘tadi, ya’ni testning “sinov uslubi” ekanligi ko‘pchilikka ayon bo‘lib qoldi. Test so‘zi qayerdan kelib chiqqan? Test so‘zi nimani anglatadi? ushbu sahifada javob topishga harakat qilib ko‘rdik.
Ijtimoiy amaliyotda test odamning qanday kasb-hunar egallashi mumkinligi, uning kasbga layoqati yoki layoqatsizligini, iste’dodli yoki aqli zaifligini aniqlashda, muayyan hamkorlikdagi faoliyatga shaxslarni saralashda keng qo‘llaniladi. Uning yordamida tajribaning ilmiylik darajasi, kafolatligi, tekshiriluvlarning mahorati, qiziqishi, to‘plangan amaliy ma’lumotlarning haqqoniyligi, ishonchlilik ko‘rsatkichi bir necha mezonlarga asoslanib tahlil qilinadi.
Test so‘zi ingliz tilidan olingan bo‘lib, «sinov», «sinash», «imtihon» ma’nolarini anglatadi. Test — shaxsning aqliy taraqqiyoti, qobiliyati, irodaviy sifatlari, shuningdek, uning boshqa ruhiy xususiyatlarini tekshirishda qo‘llaniladigan qisqa standart mashqlaridir.
Testning nazariy asoslarini ingliz psixologi Frensis Galton (1822—1911) ishlab chiqqan (1883). «Test» terminini birinchi marta amerikalik psixolog Djéyms Makkín Kéttell (inglizcha James McKeen Cattell, 1860—1944) 1890-yilda qo‘llangan. U testlar yordamida tanaga ta’sir etuvchi qo‘zg‘atuvchilarning idrok qilinishi vaqtini, refleks tezligini, reaksiya muddatlarini, teriga ta’sir o‘tkazishda hosil bo‘luvchi og‘riq sezgilarini, harflar qatorini esda olib qolish darajalarini aniqlash mumkin, deb hisobladi.
Fransuz psixologi A. Bine va uning shogirdi T. Simon insonning aqliy o‘sishi va iste’dodi darajalarini o‘lchash imkoniyati borligi g‘oyasini olg‘a surganidan keyin akliy testlar nazariyasi keng yoyildi. Miqdoriy ma’lumotlarni statistika metodikalari yordamida hisoblab chiqish yuzaga keldi. Amerikalik Lyuis Permen (1877—1955) insonlarning aqliy qobiliyatlarini uzluksiz 50 yil davomida o‘rgangan.
Hozirgi davrda testlar quyidagi turlarga ajratiladi:
- maqsadga erishuv testlari (bilimlarni o‘lchashga qaratilgan);
- aqliy testlar (zehn, akl-idroq, akl-zakovat, iste’dodni aniqlashga yo‘naltirilgan);
- ijodiyot testlari (ijodkorlik, bunyod etishlik darajalarini tekshiruvchi);
- mezoniy mo‘ljal testlari (o‘quv yoki kasbiy bilimlar va topshiriklarni qaysi ko‘nikma, malaka, xatti-harakat tizimi orqali o‘lchash mumkinligi);
- shaxsga oid testlar (xususiyat, bezovtalanish, sifat, fazilat, xislatlarni o‘lchashga aloqador);
- proyeksiyaviy testlar (tashqi ta’sirsiz shaxs o‘zini o‘zi oshkor qilishiga mo‘ljallangan) va boshqa.
1917-yilda birinchi jahon urushiga qo‘shilgan AQSHda zudlik bilan askarlarni turli qo‘shinlarga taqsimlash extiyoji seziladi. Shunda malakali psixologlarsiz o‘tkazish imkonini beradigan yangi testlar ishlab chiqiladi. Testlar standarlashtirilgan va ommaviy o‘tkazilgan.
Test sinovlari hozirda turli sohalarda: medisina, psixologiya, dasturlashda o‘tkazilmoqda. Ammo shu kunlarda «test» so‘zi asosan o‘quvchilarning bilimini tekshirish sifatida tushunilmoqda.
Savol qiyinlik darajasiga ko‘ra javoblar turli ball bilan baholanishi mumkin.
Test sinovlari xamma qatnashuvchilarni teng huquqli bo‘lishini ta’minlaydi. Sinovning bunday usuli bir tomondan odatiy sinov usulidan adolatli ko‘rinadi. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham borki, o‘quvchi bilmagan savoliga tasodifan belgilab to‘g‘ri topishi ham mumkin.