Ushbu sahifada matematika va tabiiy fanlardan ta’lim sifatini baholash bo‘yicha TIMSS xalqaro tadqiqotining namunaviy mashq daftarini yuklab olishingiz mumkin.
TIMSS — (Trends in Mathematics and Science Study) maktabda matematika va tabiiy fanlarni o‘qitish sifatining xalqaro monitoringi bo‘lib, Ta’lim yutuqlarini baholash xalqaro assosiatsiyasi (IEA) tomonidan tashkil etiladi.
Ushbu tadqiqot turli davlatlardagi 4 va 8 sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha egallagan bilim darajasi va sifatini solishtirish hamda milliy ta’lim tizimidagi farqlarni aniqlashga yordam beradi. Qo‘shimcha ravishda maktablarda matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha berilayotgan ta’lim mazmuni, o‘quv jarayoni, o‘quv muassasasi imkoniyati, o‘qituvchilar salohiyati, o‘quvchilarning oilalari bilan bog‘liq omillar o‘rganiladi. Ushbu ma’lumotlar belgilangan fanlarni o‘zlashtirish holatini ko‘rsatishda asos bo‘ladi.
Tadqiqot to‘rt yilda bir marta dunyoning ko‘plab ilmiy-tadqiqot markazlari va tashkilotlari, xususan, AQSHning Ta’lim sohasidagi test xizmatlari (ETS-Educational Testing Services), Kanadaning statistik markazi (Statistic Canada), Ta’lim yutuqlarini baholash xalqaro assosiatsiyasi (IEA)ning Sekretariati ishtirokida o‘tkaziladi. Shuningdek, turli davlat mutaxassislaridan iborat maslahat qo‘mitalari tashkil etiladi.
Ushbu namunaviy mashq daftari Ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assosiatsiyasi (IEA) tomonidan o‘tkaziladigan TIMSS (Trends in Mathematics and Science Study) tadqiqoti doirasida foydalanilgan materiallar asosida tuzilgan bo‘lib, undan matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fan o‘qituvchilari, mazkur sohada faoliyat yurituvchi mutaxassislar, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari va o‘quvchilari darsdan tashqari to‘garak mashg‘ulotlarida didaktik material sifatida foydalanishlari mumkin.
Quyida Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tomonidan тақдим этилган matematika va tabiiy fanlardan ta’lim sifatini baholash bo‘yicha TIMSS xalqaro tadqiqotining namunaviy mashq daftari e’tiboringizga havola etilmoqda.