Oʻqituvchilarning ilgʻor tajribasini ommalashtirish tartibi qanday amalga oshiriladi? - Ta’lim / Образование

Oʻqituvchilarning ilgʻor tajribasini ommalashtirish tartibi qanday amalga oshiriladi?

Ushbu sahifada o‘qituvchilarning ilg‘or ish tajribasi va faoliyati davomida qo‘llab kelayotgan zamonaviy metodikalarini ommalashtirish tartibi bilan yaqindan tanishib chiqishingiz mumkin.

ommalashtirish nizomi


Oʻqituvchilarning ilgʻor tajribasini ommalashtirish tartibi

Maktabgacha va maktab ta’lim vazirining
2026-yil 27-fevraldagi 84-sonli buyrug‘iga 1-ilova



1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Tartib maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida o‘qituvchilarning ilg‘or tajribasi hamda faoliyati davomida qo‘llanilayotgan zamonaviy metodikalarni ommalashtirish (keyingi o‘rinlarda – ommalashtirish), shuningdek, umumiy o‘rta taʼlim maktablari, Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari, maxsus maktab-internatlar hamda Mehrli maktablar o‘qituvchilarining ilg‘or tajribalarini o‘rganish va ommalashtirish tartibini belgilaydi.

2. A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va hududiy pedagogik mahorat markazlari o‘qituvchilarning ilg‘or ish tajribalarini o‘rganish va ularni ommalashtirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi ishchi organ hisoblanadi.

3. Ilg‘or tajribalarni ommalashtirish o‘qituvchilar uchun ixtiyoriy hisoblanadi.


2-bob. Ommalashtirish maqsadi

4. Ommalashtirishning maqsadi — umumiy o‘rta taʼlim tizimida o‘quv jarayonini samarali tashkil etishga xizmat qiladigan ilg‘or tajribalar va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish, taʼlim sifatini oshirish, shuningdek maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi xodimlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish jarayonlarini yo‘lga qo‘yishdan iborat.



3-bob. Ommalashtirish bosqichlari

5. Ommalashtirish uchun tavsiya etiladigan ilg‘or tajribalari (keyingi o‘rinlarda — Metodik ish) metodik ish shaklida rasmiylashtirilishi lozim.

Metodik ish — umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida muayyan fan, sinf yoki mavzu doirasida o‘quv jarayonini tizimli tashkil etish, ta’lim shakllari, metodlari va vositalarini takomillashtirishga qaratilgan, nazariy jihatdan asoslangan hamda amaliyotda sinovdan o‘tkazilgan ilmiy-uslubiy faoliyat mahsulidir.

Metodik ish quyidagi shakllarda ishlab chiqilishi mumkin:

  • metodik qo‘llanma;
  • metodik tavsiya.

Metodik qo‘llanma — umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun amaldagi tayanch o‘quv reja va o‘quv dasturlari asosida o‘qitish jarayonini samarali tashkil etish, pedagogik texnologiyalar va usullarni qo‘llash bo‘yicha o‘qituvchilarga nazariy hamda amaliy tavsiyalar beruvchi o‘quv-metodik nashr yoki nashr etishga tayyor o‘quv-metodik ish qo‘lyozmasidir.

Metodik tavsiya — umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun amaldagi tayanch o‘quv reja va o‘quv dasturlari asosida pedagogik faoliyatni samarali tashkil etishga qaratilgan, o‘qituvchilarga nazariy hamda amaliy yo‘l-yo‘riq va tavsiyalar beruvchi qisqa hajmdagi o‘quv-metodik hujjatdir.

Metodik ish shaklida rasmiylashtirilmagan materiallar, shuningdek, avvalgi yillarda ommalashtirilgan metodik ishlar qayta ko‘rib chiqilmaydi.

6. Metodik ishlar quyidagi bosqichlarda ommalashtiriladi:

  • ta’lim tashkiloti (maktab) miqyosida;
  • tuman (shahar) miqyosida;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida;
    respublika miqyosida.

Metodik ishlarni ommalashtirish mazkur bosqichlar ketma-ketligida amalga oshiriladi.

7. Qoraqalpoq tilidagi metodik ishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi hamda Pedagogik mahorat markazi bilan hamkorlikda o‘rganiladi. Mazkur o‘rganish natijalariga ko‘ra metodik ishni tegishli bosqichlarda ommalashtirish uchun tavsiya etiladi.


8. Maktab miqyosida ommalashtirish tartibi

Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining fan o‘qituvchisi (keyingi o‘rinlarda — talabgor) tomonidan ilg‘or pedagogik tajribalar asosida ishlab chiqilgan metodik ish quyidagi tartibda ko‘rib chiqiladi.

Talabgorning metodik ishi yo‘nalishiga muvofiq ravishda:

  • ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi pedagoglar,
  • inklyuziv ta’lim masalalari bo‘yicha Ijtimoiy himoya milliy agentligi pedagoglari,
  • umumta’lim muassasalarining oliy yoki birinchi toifali, ijodkor va tajribali tegishli fan o‘qituvchilari,
  • ilmiy darajaga va (yoki) ilmiy unvonga ega bo‘lgan pedagoglarning ijobiy taqrizi olinganidan so‘ng maktabning metod birlashmasi tomonidan muhokama qilinadi.

Metodbirlashma metodik ishni ilg‘or tajriba sifatida e’tirof etgan taqdirda, uni maktab miqyosida ommalashtirish uchun maktabning Pedagogik kengashiga tavsiya etadi.

Metodbirlashma tavsiyasi asosida Pedagogik kengash metodik ishni mazkur tartibning 1- va 2-ilovasida belgilangan oʻqituvchilarning ilgʻor tajribasi va faoliyati davomida qoʻllab kelayotgan zamonaviy metodikalarini ommalashtirish uchun tayyorlangan metodik ishga qoʻyilgan talablar va baholash mezonlariga muvofiqligini o‘rganib chiqadi hamda metodik ishni maktab miqyosida ommalashtirish, yoki ommalashtirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Agar metodik ish ijobiy baholanib, ommalashtirishga loyiq deb topilsa, Pedagogik kengash qarori bilan maktab miqyosida ommalashtiriladi va ommalashtirish.avloniy.uz platformasiga joylashtirilib keyingi bosqichga yuboriladi.

Talabgor tomonidan quyidagi hujjatlar elektron shaklda (pdf formatda, metodik ish esa pdf va docx formatda) platformaga yuklanadi:

  • Maktab miqyosida ommalashtirilganligi to‘g‘risidagi Pedagogik kengash qarori nusxasi;
  • Metodik ishning elektron nusxasi (pdf va docx);
  • Talabgor to‘g‘risidagi ma’lumotnoma (obyektivka) hamda mutaxassisligi bo‘yicha diplom nusxasi (zarur bo‘lsa qayta tayyorlov sertifikati bilan);
  • Metodik ishning plagiatga qarshi tizimlar (antiplagiat.avloniy.uz va boshqa shu kabilar)dan o‘tganligi to‘g‘risidagi xulosa (originallik darajasi kamida 70 foiz);
  • Mutaxassislar tomonidan berilgan ijobiy taqriz nusxasi;
  • Hammualliflarning yozma roziligi nusxasi (agar mavjud bo‘lsa).

Hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan yoki belgilangan talablarga muvofiq bo‘lmagan taqdirda metodik ish ko‘rib chiqilmaydi va rad etiladi.



9. Tuman (shahar) hamda viloyat (Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi) miqyosida ommalashtirish tartibi

Metodik ishlar tuman (shahar) hamda viloyat (Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi) miqyosida ikki bosqichli ekspertiza asosida ko‘rib chiqiladi.

1-bosqich. Texnik ekspertiza

Mazkur bosqichda metodik ish va unga ilova qilingan hujjatlarning:

  • belgilangan talablarga muvofiqligi;
  • hujjatlarning to‘liqligi;
  • antiplagiat xulosasining mavjudligi;
  • platformaga to‘liq va to‘g‘ri joylashtirilganligi tekshiriladi.

Texnik ekspertiza Institut hamda tegishli Qoraqalpog‘iston Respublikasi va hududiy pedagogik mahorat markazlari (keyingi o‘rinlarda – Markazlar) mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.

Texnik ekspertiza talablari bajarilmagan metodik ishlar keyingi bosqichga o‘tkazilmaydi.

2-bosqich. Mazmuniy ekspertiza

Mazmuniy ekspertiza metodik ishni baholash mezonlari asosida Institut yoki tegishli Markazlarning fan yo‘nalishlari bo‘yicha O‘quv-metodik kengashlari tomonidan amalga oshiriladi.

O‘quv-metodik kengashlar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etiladi:

  • boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi;
  • filologiya fanlari (ona tili va adabiyot, o‘zbek tili, qardosh tillar) yo‘nalishi;
  • rus va xorijiy tillar fanlari yo‘nalishi;
  • ijtimoiy fanlar (tarix, davlat va huquq asoslari, tarbiya) yo‘nalishi;
  • aniq fanlar (matematika, informatika va axborot texnologiyalari) yo‘nalishi;
  • tabiiy va iqtisodiy fanlar (fizika, kimyo, biologiya, geografiya, iqtisodiyot va tabiiy fanlar) yo‘nalishi;
  • amaliy fanlar (musiqa madaniyati, tasviriy san’at, texnologiya) yo‘nalishi;
  • jismoniy tarbiya (jismoniy tarbiya, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik) yo‘nalishi.

O‘quv-metodik kengash tarkibi quyidagi mutaxassislardan shakllantiriladi:

  • metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limlari metodistlari;
  • kafedralarning professor-o‘qituvchilari;
  • Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi fan mutaxassislari;
  • umumta’lim muassasalarining tajribali va ijodkor o‘qituvchilari.

Kengash a’zolari yo‘nalishlar bo‘yicha 9–15 nafardan iborat bo‘ladi.

Kengash qarorlari a’zolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda haqiqiy hisoblanadi.

Texnik ekspert sifatida jalb etilgan mutaxassislar o‘quv metodik kengash tarkibiga kiritilmaydi.

Talabgorning metodik ishi belgilangan mezonlar asosida 80 ballgacha baholanadi.

Baholash natijalariga ko‘ra:

  • 50–65 ball – tuman (shahar) miqyosida ommalashtirilgan deb hisoblanadi;
  • 66–80 ball – viloyat (Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi) miqyosida ommalashtirilgan deb hisoblanadi;
  • 75–80 ball – respublika miqyosida ommalashtirish uchun tavsiya etiladi.

Mazkur ishlar ommalashtirish.avloniy.uz platformasi orqali sertifikat olish uchun yuboriladi.

Belgilangan bosqich uchun yetarli ball to‘play olmagan metodik ishlar asoslantirilgan xulosa bilan ommalashtirish.avloniy.uz platformasiga joylashtiriladi.

Tuman (shahar) va viloyat miqyosida ommalashtirish bo‘yicha O‘quv-metodik kengash qarorlari har yili 15-mayga qadar platformaga joylashtiriladi.

O‘quv-metodik kengash qaroridan norozi bo‘lgan talabgor qaror e’lon qilingan kundan boshlab 3 ish kuni ichida Apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilishi mumkin.

Tuman (shahar) va viloyat miqyosida ommalashtirish uchun tavsiya etilgan metodik ishlar Muvofiqlashtiruvchi ishchi organ tarkibidagi O‘quv-metodik kengash qaroriga muvofiq Respublika Muvofiqlashtiruvchi kengashi tomonidan ko‘rib chiqilib, belgilangan tartibda sertifikat beriladi.



10. Respublika miqyosida ommalashtirish tartibi

Respublika miqyosida ommalashtirish uchun tavsiya etilgan metodik ishlar Muvofiqlashtiruvchi ishchi organ tarkibidagi O‘quv-metodik kengash tavsiyasi asosida Respublika Muvofiqlashtiruvchi kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Respublika Muvofiqlashtiruvchi kengashi Institutning 9–11 nafar mutaxassislaridan iborat tarkibda shakllantiriladi. Respublika Muvofiqlashtiruvchi kengashiga Institut rektori raislik qiladi.

Zarurat tug‘ilganda, Respublika Muvofiqlashtiruvchi kengashi huzurida har bir fan yo‘nalishi bo‘yicha 3–5 nafar mutaxassisdan iborat ekspert guruhlari tuzilishi mumkin.

Respublika miqyosidagi ommalashtirish bosqichida talabgor metodik ish yuzasidan taqdimot qiladi.

Taqdimot natijalari maksimal 20 ball bilan baholanadi.

Taqdimotlarni baholash mezonlari Respublika Muvofiqlashtiruvchi kengashi tomonidan ishlab chiqilib, respublika bosqichi boshlanishidan kamida bir oy oldin ommalashtirish.avloniy.uz platformasiga joylashtiriladi.

Taqdimot jarayoni videoyozuvda qayd etiladi hamda videoyozuv Institutda bir yil davomida saqlanadi.

Respublika bosqichida metodik ishlar umumiy hisobda 86–100 ball to‘plagan taqdirda, Respublika Muvofiqlashtiruvchi kengashi tomonidan respublika miqyosida ommalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Mazkur qaror har yili 30-mayga qadar ommalashtirish.avloniy.uz platformasiga joylashtiriladi.

Respublika Muvofiqlashtiruvchi kengashi qaroridan norozi bo‘lgan talabgor qaror e’lon qilingan kundan boshlab 3 ish kuni ichida Apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilish huquqiga ega.


4-bob. Ommalashtirish boʻyicha berilgan sertifikatlarning amal qilish muddatlari

11. Tuman (shahar), viloyat (Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi) hamda respublika miqyosida ommalashtirilgan metodik ishlar boʻyicha berilgan sertifikatlar berilgan kundan boshlab uch yil muddatga amal qiladi.

Maktab miqyosida ommalashtirilgan metodik ishlar uchun sertifikat berilmaydi. Bunda metodik ishning maktab miqyosida ommalashtirilganligini tasdiqlovchi hujjat sifatida maktab Pedagogik kengashining qarori asos hisoblanadi hamda u ham uch yil muddatga amal qiladi.

Sertifikatlar faqat Respublika Muvofiqlashtiruvchi kengashi tomonidan beriladi va ommalashtirish.avloniy.uz platformasi orqali talabgorning shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboriladi.


5-bob. Apellyatsiya komissiyasi

12. Tuman (shahar) hamda viloyat (Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi) bosqichlarida apellyatsiya komissiyasi Muvofiqlashtiruvchi ishchi organ tarkibidagi Oʻquv-metodik kengash a’zolari tarkibiga kirmagan, tegishli fan yo‘nalishlari boʻyicha yuqori malakali 3–5 nafar mutaxassislardan iborat tarkibda shakllantiriladi.

Respublika bosqichidagi apellyatsiya komissiyasi esa Respublika Muvofiqlashtiruvchi kengashi tarkibiga kirmagan, tegishli fan yo‘nalishlari boʻyicha yuqori malakali 3–5 nafar mutaxassislardan iborat tarkibda tuziladi.

Zaruratga ko‘ra, tuman (shahar), viloyat va respublika bosqichlaridagi apellyatsiya komissiyalari tarkibiga boshqa ta’lim muassasalari va tashkilotlardan malakali mutaxassislar jalb etilishi mumkin.

Apellyatsiya jarayonida talabgorning shaxsiy ishtiroki talab etilmaydi.

Komissiya tomonidan metodik ish materiallari hamda taqdimot videoyozuvi asosida qayta ko‘rib chiqish amalga oshiriladi.

13. Apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha Apellyatsiya komissiyasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

  • Oʻquv-metodik kengash yoki Respublika Muvofiqlashtiruvchi kengashi qarorini o‘zgarishsiz qoldirish hamda apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish;
  • Oʻquv-metodik kengash yoki Respublika Muvofiqlashtiruvchi kengashi qarorini o‘zgartirish hamda apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish.

Quyidagi hollarda qarorni o‘zgarishsiz qoldirish va apellyatsiya shikoyatini rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi:

  • apellyatsiya shikoyati mazkur Tartib talablari buzilgan holda taqdim etilgan bo‘lsa;
  • metodik ishga qo‘yilgan ballar baholash mezonlariga muvofiq to‘g‘ri qo‘yilgan deb topilsa.

Metodik ishga qo‘yilgan ballar baholash mezonlariga zid ravishda qo‘yilgan deb topilgan taqdirda, qarorni o‘zgartirish va apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Takroriy apellyatsiya berishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Talabgor Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga yoki yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qilish huquqiga ega.


6-bob. Yakuniy qoidalar

14. Respublika miqyosida ommalashtirishga tavsiya etilmagan metodik ishlar boʻyicha Respublika Muvofiqlashtiruvchi kengashining yakuniy qarorida keltirilgan izohlardan tashqari qoʻshimcha xulosalar berilmaydi.

15. Respublika miqyosida ommalashtirilgan barcha metodik ishlar oʻqituvchilarning erkin foydalanishi uchun ommalashtirish.avloniy.uz platformasiga joylashtiriladi.

16. Mazkur Nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoki uni bekor qilish Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

17. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.



Oʻqituvchilarning ilgʻor tajribasini ommalashtirish
TARTIBI

 


Leave a Reply