Bolalar oromgohiga yo‘llanma olish tartibi qanday? - Ta’lim / Образование

Bolalar oromgohiga yo‘llanma olish tartibi qanday?

Savol: Farzandimni oromgohga yubormoqchiman. Tartibi qanday?

Nodavlat tashkilotda faoliyat yuritaman. Farzandim 10 yoshda, uni yozgi ta’til mavsumida bolalar oromgohiga yubormoqchi edim. Agar men faoliyat yuritayotgan tashkilotda Kasaba uyushmalari bo‘limi bo‘lmasa, yo‘llanma olish uchun qayerga murojaat qilishim kerak? Yoki kasaba uyushmaga a’zo bo‘lmagan tashkilotlar oromgohlarga yo‘llanma olishda imtiyozga ega emasmi?

D.Jabborova, Toshkent sh.

Bolalar oromgohiga yo‘llanma olish tartibi qanday

O‘quv yili tugab, jazirama yoz ham kirib keldi. Issiq havo bolani maktabdanda ko‘ra ko‘proq toliqtiradi. Farzandlarimizning uch oy yozgi ta’til onlarini maroqli, mazmunli va shu bilan birga foydali o‘tkazishi har birimiz uchun muhim. Ana shularni inobatga olgan holda barcha ota-onalarga birdek foydali mavzuga oid ma’lumotlarni berishga qaror qildik. Mavzuga oid savollarga esa O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘limi mudiri Lola Xolmo‘minovadan javob oldik.



Oromgohga kimlar borishi mumkin?

Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar borishlari mumkin. Ularning yoshi va qiziqishini inobatga olgan holda, tarbiyaviy ishlarning mazmuni bo‘yicha quyidagi ixtisoslashgan yo‘nalishlarda oromgohlar tashkil etiladi: intellektual rivojlantirish (10-14 yoshdagi bolalar uchun), sport-sog‘lomlashtirish (8-18 yosh), mehnat va dam oldirish (15-18 yosh), harbiy-sport (12-17 yosh), ekologik-biologik, o‘lkashunoslik, texnik, badiiy ijodkorlik, ijtimoiy moslashuv (7-14 yosh) va boshqa yo‘nalishlarda.



Ota-ona kasaba uyushmaga a’zo bo‘lmasa…

Aytaylik, siz ishlayotgan tashkilot Kasaba uyushma federatsiyasiga a’zo emas. Siz esa farzandingizni “O‘zavtosanoat” kompaniyasiga qarashli “Sokol” oromgohiga yubormoqchisiz. Bunday holda ota-ona tanlagan oromgoh tashkilotining boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotiga murojaat qilib, yo‘llanmani to‘liq narxda xarid qilishi mumkin.



Necha pulga tushadi?

Yo‘llanmaning narxi — oromgohlarda bolalarni saqlash bilan bog‘liq sarf-xarajatlar hamda xo‘jalik organining oromgohni saqlash xarajatlari smeta qiymati asosida shakllantiriladi. Stasionar bolalar oromgohlariga beriladigan yo‘llanmaning qiymati har bir oromgohning bolalarni qabul qilish quvvatidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Oromgohlarga xarid qilinadigan yo‘llanmalar kelishilgan holda kasaba uyushmalari, xo‘jalik organi va ota-ona mablag‘i hisobidan qoplanadi.



Kimlar bepul dam olishi mumkin?

Har yilgidek joriy yilda ham ijtimoiy himoyatalab, kam ta’minlangan oilalar, Mehribonlik uylari va maktab-internatlari tarbiyalanuvchilarini imtiyozli sog‘lomlashtirish masalasi doimiy diqqat markazida bo‘ladi.


Eslatma! Nimalar olib ketish mumkin?

Birinchi navbatda, o‘ziga zarur anjomlarni olishi tavsiya etiladi. Ya’ni, kiyim-kechak, sanitariya-gigiyena vositalari (sovun, tish pastasi va cho‘tkasi, sochiq, shampun va hokazo).



Oromgoh hududida mobil telefon, kompyuter va boshqa texnika vositalardan foydalanish maskanning ichki tartib-qoidalaridan kelib chiqib tashkillashtiriladi.

Ota-onalar olib keladigan oziq-ovqat mahsulotlari oromgohga kiritilishi ta’qiqlangan!


Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga yo‘llanma olish tartibi

Yo‘llanma olish uchun xodim kasaba uyushma qo‘mitasiga qo‘yidagi xujjatlarni taqdim etadi:

  • kasaba uyushma qo‘mitasi nomiga ariza;
  • xodimning pasport nusxasi;
  • farzandining tug‘ilganlik guvohnomasi;
  • bolaning tibbiy ma’lumotnomasi (079/x shakl).

Oromgohga yo‘llanma olish uchun ariza xodim tomonidan sog‘lomlashtirish mavsumi boshlanishidan bir oy oldin beriladi.



E’tirozlar yuzaga kelsa…

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hamda hududiy birlashmalar qoshida bolalarni yozgi sog‘lomlashtirish mavsumining o‘tkazilishi bilan bog‘liq muammolarni zudlik bilan hal etish, oromgohlar faoliyatiga yordam ko‘rsatish maqsadida maxsus shtablar tashkil etiladi. Ota-ona ularga bemalol murojaat qilsa bo‘ladi.


manba #1

manba #2



Leave a Reply