Yangi o‘quv yilidan boshlab ayrim maktablarda yangi baholash tizimi amaliyotga tadbiq etilmoqda. Bugungi kunga kelib, barcha fanlardan dasturlar bosqichma-bosqich tajriba-sinov sifatida o‘quv jarayoniga olib kirilmoqda. Ushbu sahifada yangi baholash tizimi haqida batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.
An’anaviy (eski) baholash tizimida obyektivlik eng katta muammolardan biri bo‘lib kelgan. Bunga sabab, tizimning deyarli 90 foizi inson omiliga asoslangan edi. Ya’ni, o‘quvchi bilimiga beriladigan baho birgina o‘qituvchining munosabatidan kelib chiqib belgilangan. Mazkur baholash tizimida esa, inson omilini imkon darajasida minimallashtirish ko‘zda tutiladi. Baholash tizimi ikki turga – Summativ va Formativ baholash tizimiga bo‘linadi.
Summativ baholash – ma’lum davrda yoki ma’lum bob yuzasidan berilgan bilimlarning darajasini aniqlashga qaratilgan bo‘ladi. Ya’ni, bunda o‘qituvchi muayyan miqdorda mavzularni qamrab olgan bobni o‘quvchiga yetkazib bergach, o‘quvchilarning ushbu bob yuzasidan olgan bilimlari aniqlanadi. Eski baholash tizimida bu nazorat ishi ko‘rinishida mavjud bo‘lgan.
Formativ baholash – o‘quvchi dars jarayonida baholanib borilaveradi. Mazkur baholash tizimining asl mohiyati, u o‘quvchi bilimini emas, o‘qituvchi o‘zining darsini baholashi va unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishi maqsadida joriy qilingan.
Afsuski, bizda buning aksini ko‘rishimiz mumkin. Bizda bu tizimda o‘quvchining bilimi baholanganligini ko‘rishimiz mumkin. Xalqaro tajribalarga nazar soladigan bo‘lsak, formativ baholash rasmiy maqomga ega emas. Unda o‘qituvchi tomonidan o‘quvchiga turli maqtov so‘zlari orqali ruhlantirish beriladi, biroq shu bilan bir qatorda o‘qituvchi o‘quvchining ishtiroki orqali darsni qay darajada yetkazib bera olganini analiz qiladi. O‘tgan darsda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar e’tiborga olinadi.
Yuqorida aytganimizdek, an’anaviy baholash jarayonida formativ baholash tizimi umuman boshqa mazmun-mohiyat kasb etib kelmoqda. Aynan mana shu noto‘g‘ri talqin qilingan tizim tufayli, ta’lim samaradorligini o‘quvchining o‘zlashtirish darajasini, umumiy o‘quvchilarning o‘zlashtirgan darajasiga qarab baholab kelganmiz. Oddiy tilda tushuntiradigan bo‘lsak, o‘qituvchi sinfga kirib mavzu o‘tishni boshlaydi. Bilamizki, bola psixologiyasida bolaning o‘ta kuzatuvchan bo‘lishi tasdiqlangan. O‘quvchi ham o‘qituvchining dars o‘tish texnikasi va psixologiyasidan boxabar bo‘lgach, yetarlicha bilimga ega bo‘lmay turib ham dars jarayonida faollik ko‘rsatgisi va shu orqali o‘qituvchining e’tiborini tortgisi keladi. O‘qituvchilar esa bolada bilim saviyasi qay darajada ekanligidan qat’iy nazar uning dars jarayonidagi faolligini hisobga olib, unga yuqori baho qo‘yishga harakat qiladi. Aynan nazorat ishlari paytida esa dars davomida doim yuqori baho olib kelgan o‘quvchining bilim saviyasi yuzaga chiqadi.
Summativ tizimda esa, bola o‘qishda davom etadi, faqat o‘qituvchi tomonidan kundalik baholanmaydi. O‘quvchi muayyan bobni yakunlagandan keyin, o‘quvchi qanday bilimlarga ega bo‘lishi kerakligi, bolada qanday ko‘nikma va tajriba shakllanishi lozimligi haqidagi savol o‘rtaga tashlanib, shunga mos tarzda topshiriq ishlab chiqiladi. Aynan shundagina har bir o‘quvchiga nisbatan munosabat bir xil bo‘ladi. Baholashda obyektivlik yuzaga keladi.
O‘qituvchi har bir bolaning ishini tekshirar ekan, o‘quvchining mavzuni qay darajada tushunganligi, uning aynan qaysi mavzuda qiyinchilikka uchrayotgani, ya’ni umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, bolaning dars davomida olgan bilim darajasini va uni tuzatishda qaysi jihatiga e’tibor berish kerakligini o‘zi uchun bilib oladi. Bunda o‘qituvchi har bir bolaga individual yondashadi. Sinfdagi o‘quvchilarning necha foizi o‘tilgan mavzuni to‘liq yoki qisman tushunganligi namoyon bo‘ladi va o‘quvchining mavzuni egallash koyeffisiyentiga qarab o‘qituvchi bir vaqtning o‘zida o‘z ishini baholash imkoniga ega bo‘ladi.
Summativ baholash tizimining o‘ziga xos tomonlari nimada?
Mazkur savollarga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Ta’lim tashkilotlarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i Sardor Rahimboyev va Axborot kommunikatsiyalarini joriy etish va raqamlashtirish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Arslonbek Rahmonqulov javob berishdi.
Formativ baholash tizimini ham butunlay inkor eta olmaymiz, albatta. Uning ham o‘ziga yarasha ijobiy tomonlari bor. Masalan, har safar mehnati uchun baholanish, rag‘batlantirilish bola uchun motivatsiya bo‘ladi. Keyingi dars uchun yanada ko‘proq tayyorlanish va faolroq bo‘lishga intiladi.
Summativ baholashni 100 ballik sistema asosida oladigan bo‘lsak, bola:
100-86 ball oralig‘ida — 5 bahoga,
86-65 ball oralig‘ida — 4 bahoga,
65-45 ball oralig‘ida — 3 bahoga ega bo‘ladi.
O‘quvchi ega bo‘ladigan ballning 10 foizi formativ baholash tizimida bo‘ladi. Bunda o‘quvchi o‘quv choragi davomidagi darsdagi ishtiroki, faolligi orqali 1 dan 10 ballgacha bo‘lgan tizimda baholanadi. Qolgan 90 ballni esa Summativ baholash tizimi asosida oladi.
Summativning o‘zi ikki turga bo‘linadi:
- BSB — bob bo‘yicha summativ baholash;
- CHSB — chorak bo‘yicha summativ baholash.
CHSB yilda mavjud bo‘lgan chorak miqdorida qo‘yiladi. Ya’ni o‘quvchi yilda 4 marotaba yoki ba’zi (haftada 1 marotaba o‘tiladigan) fanlar kesimida yilda 2 marta topshiradi. CHSB bir o‘quv yili davomida 40 ball, BSB 50 baldan iborat bo‘ladi.
BSB fan o‘qituvchisi tomonidan dars davomida yozma shaklda olinadi. Uning shaffofligini ta’minlash va tarqalib ketishining oldini olish maqsadida har bir sinf uchun alohida variant ishlab chiqiladi. Bunda savollar darajasi o‘zgarishsiz qoladi. CHSB esa chorak yakunida e’lon qilingan CHSB haftaligi doirasida olinadi. O‘quvchi sinf kesimida taqsimlangan CHSB haftaligida onlayn platforma orqali topshiradi. Moddiy texnik jihatdan imkoniyati cheklangan maktablar uni qog‘ozda o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.
O‘quvchining CHSB dagi bali platforma orqali ko‘rsatiladi. Yana bir afzalligi, ota-onalar tomonidan o‘qituvchiga bildiriladigan salbiy e’tirozlarga o‘rin qolmaydi. O‘quv yili boshlanishidan avval barcha ota-onalarga mazkur tizim va uning afzalliklari haqida batafsil ma’lumot berib o‘tganmiz.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Bola har bir darsga tayyorgarlik ko‘rsa-yu, unga o‘qituvchi tomonidan motivatsiya bo‘lmasa? Yoki aytaylik, o‘quvchi dars davomida baholanib borilmasa, ota-ona farzandining bilim saviyasi qay darajada ekanligini qanday bilishi mumkin? Maktabda elektron jurnal yuritiladi. Unda mavzu yuzasidan ma’lumot va taqdimotlar, dars jadvali joylashtirib boriladi. Har bir o‘quvchi uchun login-parol beriladi. Darsda faol qatnashgan o‘quvchi uchun A, B, C darajadagi fidbek beriladi. Bularning barchasi ota-ona uchun farzandining darslardagi faolligidan xabardor bo‘lishi, o‘quvchini esa yanada faolroq bo‘lishga undaydi.
Bob bo‘yicha summativ baholash (BSB) ishlari faqatgina savol-javob yoki test ko‘rinishida bo‘lmay, laboratoriya ishlari, fan doirasida yaratilgan loyiha ishi, yozma va amaliy ish kabilarni o‘z ichiga oladi.