O‘quvchilar sababsiz darsga kelmasa kim javobgar bo‘ladi? - Ta’lim / Образование

O‘quvchilar sababsiz darsga kelmasa kim javobgar bo‘ladi?

Sababsiz kelmagan o‘quvchilar uchun maktab direktoriga, ularni yubormagan ota-onalarga va o‘quvchisi qolgan sinf rahbarlariga qanday chora ko‘riladi?

zamonaviy_maktab

Savol: O‘quvchilar darsga kelmasa maktab direktoriga sababsiz kelmagan o‘quvchilar uchun qanday chora ko‘riladi? Ularni darsga yubormagan ota – onalarigachi? O‘quvchisi qolgan sinf rahbarlariga qanday chora ko‘riladi? Davomad masalasi maktabda topshirib qo‘yilgan direktor o‘rinbosarlarigachi? Shu savollarga to‘liq javob berishingizni iltimos qilaman.


Javob:

1. Ota-onalarga nisbatan ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llaniladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks  47-moddasiga asosan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi:

— bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shunga ko‘ra bolasini maktabda yubormagan ota-onalarga yuqoridagi modda bilan jarima qo‘llaniladi.



2. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 27.06.2023 yildagi 190-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi sinf rahbarining yo‘riqnomasiga muvofiq, sinf rahbari sinfdagi davomatni nazorat qilishi, bu haqida ota-onalar bilan bog‘lanib, kelmaganlik sabablarini aniqlashi va maktab rahbariyatiga axborot kiritishi kerak.

Ushbu buyruqning 1-ilovasi hamda Xalq ta’limi vazirligining 01.07.2021 yil 206-sonli buyrug‘iga asosan MMIBDO‘ning lavozim majburiyatlaridan biri bu sinf rahbarlarining faoliyatini tashkil etish, o‘quvchilarining davomatlarini nazorat qilish hisoblanadi.


❗️Shunga ko‘ra, agar sinf rahbar yuqoridagi majburiyatni bajarmagan bo‘lsa, unda sinf rahbarga Mehnat kodeksi 312-moddasiga asosan intizomiy ta’sir chorasi qo‘llaniladi.

Biroq, sinf rahbar davomad masalasida o‘z majburiyatini bajarganda bu javobgarlik MMIBDO‘ga nisbatan qo‘llaniladi.

Mehnat kodeksi 312-moddasiga muvofiq xodimga mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi quyidagi intizomiy jazo choralarini qo‘llashga haqli:



1) hayfsan;
2) o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima.
3) mehnat shartnomasini bekor qilish (100-modda ikkinchi qismining 3 va 4-bandlari).

Ushbu kodeks 313-moddasiga ko‘ra yuqoridagi jazo turlari faqat uni qo‘llashga vakolatli shaxslar tomonidan berilishi mumkin. Xodimga intizomiy ta’sir chorasi qo‘llashga ish beruvchi haqli.

manba