Qor haqida qiziqarli faktlar - Ta’lim / Образование

Qor haqida qiziqarli faktlar

Ushbu sahifada qor haqida qiziqarli faktlar bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

Qor haqida qiziqarli faktlar

Vatanimiz quyoshli yurt bo‘lishiga qaramasdan har bir fasl boshqa mintaqalarga nisbatan betakror va o‘z vaqtida kelishi bilan ham ajralib turadi. Biroq so‘nggi yillarda biz ham xuddi janubiy mamlakatlar singari qish tarovatidan miriqib bahramand bo‘la olmayapmiz. Negadir o‘tgan yilgi kabi bu yilda ham qor bizni ancha sog‘intirib qo‘ygan edi.



Dunyodagi barcha yaratilgan mo‘jizalar orasida qor o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Keling, quyida olimlarning qor haqidagi ilmiy-tadqiqot natijalari bilan tanishib chiqsak:

— Bizga oppoq bo‘lib ko‘rinadigan qor aslida oq rangda emas. U rangsiz va tiniq bo‘lib, mayda kristallar (qor parchalari) yuzasida yorug‘lik nuri akslanishi tufayli atrofdagilarga oq bo‘lib ko‘rinadi.

— Olimlarning ta’kidlashicha, ikkita bir xil kristalli qor parchasi mavjud emas. Ya’ni har bir qor parchasi betakrordir. Xuddi insonning barmoq va til izlari kabi.

— Yerga tushayotgan har bir qor parchasi o‘zida – 10 kvintillion (10 000 000 000 000 000 000) dona suv molekulasini olib tushadi.



— Qor parchalarining bir-birini takrorlamasligini fotograf Uilson Elvin Bentli 1885 yildan boshlab olgan minglab rasmlarni solishtirish natijasida aniqlagan.

— Qor parchasi 2002 yil Solt Leyk Sitida o‘tkazilgan qishki Olimpiya o‘yinlari ramzi bo‘lgan.

— Ginnesning Rekordlar Kitobiga kiritilgan eng yirik qor parchasi diametri 15 dyum (38 sm.), qalinligi 8 dyum () bo‘lgan. U 1887 yil 28 yanvarda AQSHning Montana shtatidan topilgan.

Rekord darajada qor yog‘ishi AQSHdagi Beyker tog‘i yonbag‘rida kuzatilgan bo‘lib, 1998-1999 yilgi qish mavsumida deyarli 29 metr qalinlikda qor yog‘gan.

— Yer yuzidagi barcha chuchuk suvlarning 80 foizi qor va muz ko‘rinishida bo‘lib, ular sayyoramizning 12 foiz maydonini band etgan.