Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari uchun imtihon topshirish tartibi va shakllari belgilangan talablarga muvofiq tashkil etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziring 2025-yil 20-fevraldagi “2024/2025-oʻquv yilida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida”gi 65-son buyrugʻi asosida, oʻquvchilarning olgan bilim, koʻnikma va malakalarini aniqlash uchun 2024/2025 – oʻquv yilida 9 – sinflarda yakuniy imtihon amaliy shaklda oʻtkaziladi.
9 – sinfini tugatgan oʻquvchilar jismoniy tarbiya fanidan taʼlim dasturi boʻyicha standartlar asosida belgilangan kompetensiyalarga ega boʻladilar. Har bir imtihon biletining topshiriqlari jismoniy tarbiya fani boʻyicha 8-, 9-sinflar mavzularini qamrab olgan. Shuningdek, tavsiyada topshiriqlar boʻyicha baholash mezonlari keltirilgan.
Oʻquvchilarga taklif etilgan baza savollaridan tashkil topgan 10 ta bilet (5 ta qiz bolalar uchun, 5 ta oʻgʻil bolalar uchun) taqdim etiladi. Biletda oʻquvchiga 3 tadan (1 ta yengil atletika, 1 ta gimnastika va 1 ta sport oʻyinlari) amaliy topshiriq beriladi.
Bilet topshiriqlarini amaliy bajarib berish vaqti, biletning oʻzida koʻrsatilgan. Berilgan topshiriqlardan yakuniy davlat attestatsiyasi oʻtkazilishi belgilangan kundan bir kun oldin, ishchi guruh tomonidan qurʼa tashlash yoʻli bilan 2 ta variant tuzilib, eʻlon qilinadi.
Oʻquvchilarning jismoniy tarbiya fanidan amaliy topshiriqlarni bajarishlari 100 ballik tizim asosida:
0–29% — “Qoniqarsiz”;
30–65% — “Qoniqarli”;
66–85% — “Yaxshi”;
86–100% — “Aʻlo” baho kabi baholanadi. Har bir topshiriq uchun belgilangan balldan yuqori ball qoʻyilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.