Bolani 1-sinfga qabul qilish uchun qanday tibbiy ma’lumotnomalar kerak? - Ta’lim / Образование

Bolani 1-sinfga qabul qilish uchun qanday tibbiy ma’lumotnomalar kerak?

Umumta’lim maktabining 1-sinfiga qabul qilingan bolaning o‘qish jarayonlariga moslashuvi ta’limning asosiy bosqichi hisoblanadi. Bunda ularning ham jismonan, ham ruhan sog‘lom bo‘lishi muhim ahamiyatga ega.

Bolani 1-sinfga qabul qilish uchun qanday tibbiy ma’lumotnomalar kerak?

Shu bois yurtimizda bolalarni maktabga qabul qilishda ota-onalardan bir qancha tibbiy ma’lumotnomalar talab qilinadi.

Xo‘sh, ular qaysi?

Ushbu savolga Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh pediatri Dilobar Hidoyatova batafsil javob berdi.



2020 yilning 23 sentyabrida “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish kiritilib, unga ko‘ra, umumta’lim maktablarining 1-sinfiga qabul yoshi 7 yosh etib belgilangan, — deydi mutaxassis.

— Agar bola maktabgacha ta’lim muassasasiga borgan bo‘lsa, ular bog‘cha davridayoq, hududiy oilaviy poliklinika mutaxassislari tomonidan doimiy ravishda barcha tibbiy ko‘riklardan o‘tkaziladi va ularning sog‘lomligini tasdiqlovchi 026-shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma qabul komissiyasiga taqdim etiladi.



Biroq bola bog‘chaga bormagan bo‘lsa, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 27 iyuldagi tegishli buyrug‘iga binoan 026-shaklidagi tibbiy ma’lumotnomani olish uchun hududiy oilaviy poliklinikada yo‘llanma asosida stomatolog, endokrinolog, ortoped, oftalmolog, logoped, psixonevrolog va oila shifokori kabi tor soha mutaxassislari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Umumiy qon va peshob hamda 3 marta gijjaga qarshi laborator tahlillar olinadi.

Qolaversa, Milliy profilaktik emlash kalendariga muvofiq virusli gepatit V, sil, poliomiyelit, rotavirus infeksiya, bo‘g‘ma, qoqshol, ko‘kyo‘tal, Xib infeksiya, qizamiq, epidparotit, pnevmokokk infeksiya kabi xastaliklarga qarshi vaksina olganligi haqida 063-shakldagi tibbiy ma’lumotnoma talab qilinadi.