Ikkita fandan dars beradigan o‘qituvchilarga ustama bitta fan uchun beriladimi? Ushbu savolga malakali huquqshunoslar javob berishdi.
Savol: Assalomu alaykum, men tarbiya va huquq fanlaridan dars beraman. 8soat huquq 11soat tarbiyadan. O‘tgan yili ustama faqat huquq fanidan hisoblanadi deb tarbiya faniga to‘lanmayabdi. O‘qituvchi endi tarbiya uchun alohida papka alohida ishlashi kerak deyishayabdi. Fanlar uchun alohida ustama beriladimi. Bu yil ham faqat huquq fanidan olasan deyishyabdi.
Huquqshunos javobi: Direktor jamg‘armasidan beriladigan ustama o‘qituvchining umumiy dars soatlari uchun beriladi.
Buni quyidagicha tushuntiramiz. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 20-bandi mazmuniga ko‘ra pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga har oylik ustamalar ushbu nizomda qayd etilgan baholash mezonlariga asosan 40 foizgacha miqdorda belgilanadi.
Mazkur nizomning 33-1-bandida pedagog xodimlarga belgilangan ustamalar ularning tarifikatsiya ro‘yxatida ajratilgan dars soatlariga (o‘qituvchining tarif stavkasiga) mutanosib ravishda to‘lanishi keltirilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 275-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida”gi nizomning 21-bandiga muvofiq pedagog xodimlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan ustamalar, shu jumladan mavjud sertifikatlari uchun to‘lanadigan ustamalar, tarifikatsiya ro‘yxatida ajratilgan dars soatlariga (o‘qituvchining tarif stavkasiga) mutanosib ravishda to‘lab beriladi.
✅ Yuqoridagi qoidalarga ko‘ra sizga jami dars soatlaringiz (sizga tarif asosida berilgan) miqdoridan kelib chiqib ustama to‘lanishi shart. Bu masalada tuman adliya bo‘limiga murojaat qilishingiz lozim.