Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Prezident sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining Respublika bosqichi sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan jami 14 ta maktab jamoasi (umumiy 70 nafar o‘quvchi) ishtirok etdi. Bunda tanlov tarixida ilk bor 13 ta jamoa ingliz tili va 1 ta jamoa fransuz tili bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
Tanlov milliy “Multilevel” testi vositasida ishtirokchilarning tinglab tushunish, yozish, gapirish va o‘qish ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazish orqali tashkil etildi.
Uch bosqichda o‘tkazilgan tanlovda respublika bo‘yicha jami 7 ming 952 ta maktab (jami 39 ming 760 nafar o‘quvchi) qamrab olingan bo‘lib, o‘quvchilarning 38 ming 255 nafari ingliz, 875 nafari nemis, 630 nafari fransuz tili bo‘yicha ishtirok etishdi.
Tanlovning birinchi bosqichi yakuniga ko‘ra, respublika bo‘yicha 208 ta tuman va shahar maktablari hududiy bosqichga, ikkinchi bosqich yakunlariga ko‘ra, 14 ta maktab final bosqichiga tavsiya etildi.
Test topshiriqlari ishtirokchilarning muloqot ko‘nikmalarini bosqichma-bosqich rivojlantirishga qaratilgan. Xususan, tanlovning viloyat bosqichi sinov materiallarida ishtirokchilarning eshitish va yozish kompetensiyalarini baholashga urg‘u berildi. Bunda ishtirokchilarning leksik-grammatik bilimlari bilan birga, retseptiv va produktiv nutqiy ko‘nikmalari ham tekshirildi.
Tanlovning respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan jamoalar:
1-o‘rin uchun – 500 million so‘m;
2-o‘rin uchun – 400 million so‘m;
3-o‘rin uchun – 300 million so‘m miqdorida pul mukofotini qo‘lga kiritadi.
Shuningdek, respublika bosqichi ishtirokchilari va ularning ustozlari xorijiy davlatga ta’lim sayohati yo‘llanmasiga ega bo‘ladi.
“Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining Respublika bosqichida 1-o‘rinni Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-maktab jamoasi qo‘lga qiritdi. 2-o‘rin Navoiy viloyatining Zarafshon shahridagi 3-maktab jamoasiga nasib etdi. 3-o‘ringa Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi 2-maktab jamoasi loyiq ko‘rildi.
–Biz mazkur tanlovda bir necha yildan buyon qatnashib kelamiz, – dedi Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-maktab ingliz tili o‘qituvchisi Saida Norboyeva. – Tanlov xolis va shaffof o‘tdi. O‘tgan yillar davomida ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan edik. Bunday tanlovlar maktabning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun qulay imkoniyat.