2026/2027-o‘quv yilidan boshlab maktablarda “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi o‘tkaziladi - Ta’lim / Образование

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab maktablarda “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi o‘tkaziladi

Prezidentning “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (PQ–59-son, 11.02.2026-y.) qabul qilindi.

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab maktablarda Eng yaxshi startap g‘oyasi tanlovi o‘tkaziladi

Unga koʻra,

2026/2027 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich o‘rta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari o‘quvchilari hamda umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarining 9–11-sinf o‘quvchilari uchun har oyda kamida 2 marotaba startap gʻoyalarni yaratishga oʻrgatuvchi “Mohirlik va biznes soati” tadbirlari oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyiladi.



Bunda:

oʻquvchilar oʻrtasida “Eng yaxshi startap gʻoyasi” tanlovi oʻtkaziladi, tuman darajasidagi gʻoliblarga 5 mln soʻmgacha, viloyat darajasida – 10 mln soʻmgacha miqdorda mukofot beriladi;

— loyihalar har chorakda oʻquvchilarning ota-onalari, biznes va ilmiy hamjamiyat vakillariga taqdimot qilinadi;

— marketpleyslar bilan hamkorlik oʻrnatib, taʼlim tashkilotlarida yaratilgan mahsulotlarni sotish yoʻlga qoʻyiladi.

2026-yil 1-apreldan muammo va masalalarni kraudsorsing asosida hal qilishning quyidagi tizimi joriy etiladi:

Davlat organlari, tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalar oʻz sohasidagi yechim talab qilayotgan muammo va masalalar boʻyicha:

— kraudsorsing elektron platformasida eʼlon joylashtirib, tanlov tashkil qiladi;

— har oyda startap tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar (“Startap kuni”) oʻtkazadi.