“Maktabimizda bo‘ladigan ota-onalar majlisiga uyimdagilar borishmaydi. Ota-onamning ikkalasi ham ishlagani uchun majlisga kelishga vaqtlari yo‘q. Buning uchun har safar sinf rahbarimizdan tanbeh eshitishimga to‘g‘ri kelyapti. Nahotki ota-onam men uchun, majlislar uchun ozgina vaqt topa olishmasa?” — deydi 9-sinf o‘quvchisi Sardor Mahkamov.
Bunday holat o‘quvchilarga yaxshi tanish. Aslida ota-onalar majlisida har bir o‘quvchining otasi yoki onasi ishtirok etishi shart. Afsuski, ba’zi ota-onalar bunga beye’tibor qarashadi. Jurnalning ushbu sahifasida shu mavzu yuzasidan fikr yuritishga harakat qildik. Ushbu maqolani ota-onangiz bilan birga o‘qisangiz, ayni muddao bo‘lardi. Shoyad bu mulohazalar majlisga xushi yo‘q ota-onalarga maktabga olib boradigan yo‘lni ko‘rsatib bersa…
Lola Aliyeva, psixolog: — Bu majlis o‘z nomi bilan ota-onalar uchun mo‘ljallangan. Unda har bir o‘quvchining otasi yo onasi ishtirok etishi zarur. Chunki majlis davomida umumiy masalalar bilan bir qatorda har bir o‘quvchining fanlarga bo‘lgan munosabati, maktabdagi intizomi, o‘zini tutishi haqida gap boradi. Ota-onasi majlisga borishga vaqt ajrata olmaydigan o‘quvchilarning ruhiyatida salbiy o‘zgarishlar ro‘y berib, o‘y-xayollariga «Ular menga vaqt ajrata olishmaydi. Chunki meni yaxshi ko‘rishmaydi, men bilan ishlari yo‘q», degan fikrlar o‘rnashib oladi.
Lobar Tursunova, ona: — Majlisga kelmaydigan ota-onalarni tushunish qiyin. Nahotki farzandining o‘qishi, maktabdagi holati ularni qiziqtirmasa? Yanayam achinarlisi, majlisga ko‘pincha onalar kelishadi. Biroq bola tarbiyasida otalarning ham o‘z o‘rni bor. Shunday ekan, bolasining fe’l-atvori, faoliyati muhokama qilinadigan majlisda otalar ham qatnashishi shart.
Nilufar Abdulazizova, o‘qituvchi: — Ota-onalar majlisi sinf bolalariga oid ma’lum masalalarni hal qilish uchun chaqiriladi. Afsuski, yaxshi o‘qimaydigan, yalqov, jamoat ishlaridan o‘zini olib qochadigan o‘quvchilarning ota-onalari bunday majlislarga umuman qatnashmaydi. Bu esa o‘qituvchiga ular bilan ishlashda qiyinchilik tug‘diradi. Axir maktab-mahalla-oila hamkorligi bo‘lmasa bola tarbiyasida kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Ayrim ota-onalar oradan bir necha kun o‘tgach sinf rahbari bilan suhbatlashib ketish uchun kelishadi. Bunday hollarda ular ko‘pchilik bilan muhokama qilinadigan masalalardan bexabar qolishadi.
Ravshan Azimov, 9 sinf o‘quvchisi: – Maktabdagi majlisga ba’zi sinfdoshlarimning ota-onasi kelmaganini eshitib qolaman. Bilishimcha, ota-onalar majlisida o‘quvchilar xulqi, bilim olishidan tashqari ba’zi moliyaviy masalalar ham ko‘tariladi. Shu sabab kimningdir ota-onasi kelishni istamas. Ammo mening ota-onam sinf majlislarida uzluksiz qatnashadi.
Ko‘rib turganingizdek, ota-onalar majlisi kim uchundir muammoga aylangan bo‘lsa, kimgadir farzand tarbiyasidagi yaqin ko‘makchidir. Kichik surishtiruvimiz shuni ko‘rsatdiki, ko‘pgina ota-onalar sinf majlisiga — farzandi tarbiyasiga befarq. Achinarlisi, buning ortida O‘QUVCHI deb atalmish niholning kelajagi turganligini his qilishmaydi. Bu esa… Keling, xulosa chiqarishga shoshilmaylik-da, bu masalani oila davrasida muhokama qilib ko‘raylik.
«Maktabdagi majlisga 34 nafar o‘quvchining olti nafar ota-onasi qatnashdi». Yo‘l-yo‘lakay eshitganim ikki onaning gaplariga qo‘shilmay iloj yo‘q. Ota-onalarning eng shoshilmaydigan va hafsalasizlik bilan boradigan joyi mana shu ota-onalar majlisi. Xuddiki har kuni majlis bo‘layotgandek, ota-onalar bu yig‘ilishga juda og‘rinib borganini, aniqrog‘i, vaqt topolmaganini juda ko‘p kuzatganmiz.
Bir paytlar farzandlarim o‘quvchiligida sinf rahbari: «Ota-onalaringiz sizlarning kelajagingiz haqida insho yozishsin», deya topshiriq bergandi. Biz o‘shanda farzandarimiz kelajagi haqida to‘lqinlanib insho yozib berdik. Ikki kundan keyin maktabda majlis bo‘ldi. O‘shanda o‘qituvchi — atigi yarim sinfning ota-onalari kelgan yig‘ilishda bizga murojaat qilib: «Hammalaringiz farzandlaringiz oliy ma’lumot olishini, kelajakda yaxshi karyera qilishini, tarbiyali inson bo‘lishini istab insho yozibsizlar. Lekin, qanday qilib bu darajaga yetishishi haqida birortangiz fikr bildirmagansizlar», dedi.
Darhaqiqat, barchamiz farzandimizni juda katta orzular bilan voyaga yetkazamiz. Ammo, maktabda yilda 5-6 marta bo‘ladigan ota-onalar majlisiga borishga og‘rinamiz. Borsak ham majlisning tezroq tugashini istaymiz — kimdir ovqat qilishga shoshadi, kimdir mehmon kutayotganini, yana kimdir mehmonga borish kerakligini ro‘kach qiladi. Go‘yoki mehmondorchilik, gap-gashtak bolaning kelajagi, o‘qishidan ham muhimdek. Axir, bolaning yetarlicha bilim olishiga faqat o‘qituvchi javobgar emas-ku!?
Xo‘sh, bola ilk maktabga borgan kunidanoq unga kim haqiqiy ilmni beradi? Endigina bolasi maktabga chiqqan bir ayol: «o‘g‘limni qo‘shimcha o‘qitishim uchun repititor topishim kerak», deb qoldi. Men: «o‘zingiz o‘rgating, axir boshlang‘ich sinf dasturi unchalik murakkabmas, qolaversa, bu yoshda bolangizni sizdan ortiq tushunadigan odam bo‘lmaydi», dedim. Ayol esa: «Men pedagog emasman, bu o‘qituvchining ishi», deya javob berdi.
Lekin, poytaxtimizdagi maktablarning birida dars beradigan tajribali o‘qituvchi Zarifa Ismatxo‘jayevaning fikri butunlay o‘zgacha:
«Ota-onalar dastlab farzandini maktabga ruhan tayyorlashi kerak. Necha yillik ish tajribamdan bilamanki, ko‘pchilik ota-onalar farzandi maktabga chiqqach bor og‘irlikni o‘qituvchiga yuklab qo‘yadilar. Vaholanki, bola boshqa sharoitga ko‘nikma hosil qilguncha vaqt kerak va ko‘proq onasiga suyanadi. Onasini yaxshiroq tushunadi. Bolaga doim onaning daldasi kerak bo‘ladi…»
Ba’zi onalar bilan gaplashib qolsangiz va ulardan bolalarga tarbiya berishda asqotadigan mashhur pedagoglarning kitoblarini bilish-bilmasligini so‘rasangiz, hatto ularni birinchi bor eshitishayotganini ta’kilashadi. Ijtimoiy tarmoqlardan bo‘shamaydigan, seriallarni qoldirmay ko‘radigan kattalarning pedagoglar kitoblari bilan mutlaqo tanish emasligidan achinasan kishi.
— Tarbiya berish o‘z yo‘liga. Bolaga oddiygina yozishni o‘rgatishga ham kattalarda qunt-hafsala yo‘qligiga nima deysiz?! Ba’zida ota-onalar farzandining husnixati chiroyli emasligidan noliydi. Aslida bolaga chiroyli yozishni o‘rgatishning o‘zi ham mehnat. — Bola chiroyli yozishi uchun, avvalo, unda sabr-toqatni shakllantirish kerak,
— deydi asli kasbi kutubxonachi, ayni paytda ta’tildagi onalardan biri Feruza Rasulova.
— Men farzandlarim ilk maktabga chiqqan kunidanoq yozishni juda ko‘p mashq qildiraman, so‘zlarni toki o‘sha harfni to‘g‘ri yozmagunicha yozdiraman. Agar daftarida bitta harf bo‘yalgan yoki tushunarsiz bo‘lsa, o‘sha varaqni yirtib hammasini boshidan ko‘chirtiraman. Shu bois bosh farzandim — o‘g‘limning yozuvi ham juda chiroyli. Bolani chiroyli yozishga o‘rgatish uchun faqat maktabda beriladigan topshiriq bilan kifoyalanmaslik kerak. Bolaning yozuvi chiroyli va xatosiz bo‘lishida albatta kitobning ham ahamiyati katta…
Ammo, bola kitob o‘qishga qiziqmasa-chi? Ota-onaning o‘zi oyda bir bor qo‘liga kitob ushlamasa-chi?
— Ota-onalar majlisiga borish men uchun juda zerikarli, — deydi yana bir yosh onalardan biri Charos Muhammadiyeva. — Bolalarning o‘qishi, o‘zlashtirilishi bir chetda qolib asosan to‘polonchi bolalar muhokama qilinadi. Keyin pul yig‘di-yig‘di, maktab ta’miri, bayramlarga ko‘p urg‘u beriladi. Men xohlardimki, o‘qituvchilar ota-onalardan uyida mo‘jaz kutubxonasi bormi-yo‘qmi, farzandini qaysi to‘garaklarga berishi mumkinligini muhokama qilishsa. Masalan, men o‘qituvchilar bolalarga «Uyimdagi kutubxonam», degan mavzuda insho yozib kelishini so‘rashini istardim. Va bilamanki, mening farzandimning bu borada faxrlanadigan jihatlari bo‘lardi. Balki bizning uyimizdagi mo‘jazgina kutubxonamiz haqida eshitgan o‘quvchilar o‘zlarida ham shunday kutubxona bo‘lishini ota-onasidan so‘rashar. Bilmadim, men uchun ota-onalar majlisi juda eski qolipda o‘tadigandek, biror yangilik yo‘q… Har gal majlisda o‘qituvchi gapiradi, ota-onalar eshitadi. Majlis degani bahs-munozaralarga boy bo‘lsa. Ana shunda o‘qish va o‘qitish jarayonida ba’zi muammolar yechimi topilarmidi? Buning uchun esa maktab ham shunday yig‘ilishlarga alohida tayyorgarlik ko‘rishi, izlanish qilish kerak.
Ha, masalaning bu jihati ham bor. Ya’ni, ota-onalar majlisiga na o‘qituvchilar, na taklif qilinganlar tomonidan kreativ yondashuv yo‘q. Balki shuning uchun ham majlisga ota-onalarni qiziqtirish qiyindir.
Maktabdagi majlislarni o‘zgacha uslubda o‘tkazishning o‘zi bir masala. Shunda o‘ylab qolasan. Balki maktablarda majlislarni o‘tkazishning yangi metodlari ishlab chiqilishi kerakdir. Qolaversa, bu masalada maktablarga yordam berishda ota-onalarning ham hissasi bo‘lishi lozim. Buning uchun yosh yigit-qizlarni turmush qurishdan oldin ota-onalikka ham tayyorlash darkor. Nima uchun qiz bola turmushga chiqayotganda «qaynonangga unday qilib xizmat qil, turmush o‘rtog‘ingning hurmatini mana bunday qilib joyiga qo‘y», deb o‘rgatiladiyu «ertaga sen ona, ota bo‘lasan, farzandingni tarbiyalashing kerak», degan fikrlar o‘rtaga tashlanmaydi. Balki yigit-qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish majburiy bo‘lganidek, ularni turmush qurishdan oldin ota-onalikka tayyorlaydigan kurslarda o‘qitish ham majburiy bo‘lish shartdir. Bu kurslarga psixologlar, pedagoglar tajribali otaxonlaru onaxonlar jalb etilishi lozim.
Ana o‘shanda etagiga yopishib xarxasha qilayotgan bolani onasi shapaloqlab urmas. Ana o‘shanda otalar ham farzandining kelajagi muhokama qilinadigan yig‘ilishlarga o‘z tashabbusi bilan otlanar. Ana o‘shanda yosh ota-onalar vaqtini soatlab ko‘chada hangoma qilish bilan yoki to‘yma-to‘y, choyxonama-choyxona yurish bilan o‘tkazmas. Balki ana shunda ba’zi ota-onalar endigina tug‘ilgan qizalog‘iga sandiqqa sarpo yig‘ishni emas, unga qiziq-qiziq kitob olib berishni birinchi o‘ringa qo‘yishar. Shundagina balki maktabdagi majlislarda ota-onalar o‘tirishga ham joy topolmay qolishar… Bunisi esa hozircha shirin orzu…