Maktab o‘quvchilarining bilimi va ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, o‘qituvchi kasbi nufuzini va pedagoglarning sifat tarkibini oshirish, darsliklar va o‘quv metodik majmualarni zamon talablari asosida takomillashtirish, maktab ta’limi muassasalarining xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy modellarini barpo etish maqsadida, shuningdek, 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq 2022 — 2026-yillarda maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dastur (keyingi o‘rinlarda — Rivojlantirish dasturi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlangan.
Rivojlantirish dasturining asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan:
— maktab ta’limiga ilg‘or xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqilgan Milliy o‘quv dasturini to‘laqonli joriy etish hamda mahalliy va xorijiy mualliflar tomonidan yaratilgan zamonaviy darsliklarni amaliyotga kiritish;
— jamiyatda o‘qituvchi kasbi nufuzini oshirish, pedagoglar uchun qulay ijtimoiy sharoitlar yaratish va mehnatini munosib rag‘batlantirish;
— o‘qituvchilarning yoshlarga ta’lim va tarbiya berishdagi mas’uliyatini, doimiy kasbiy rivojlanishdagi talabchanligini oshirish;
—umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish, ilg‘or maktab direktori va namunali o‘qituvchi mezonlarini ishlab chiqish hamda ular asosida rahbar va pedagog kadrlar faoliyatini baholab borish;
— umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish, mazkur yo‘nalishda uzluksiz monitoring, baholash va prognozlash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, bola ta’lim-tarbiyasida oila, ayniqsa, ota-onaning o‘rnini oshirish;
— o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni kasblarga yo‘naltirish tizimini takomillashtirish;
— alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning maktabgacha va maktab ta’limi tizimiga integratsiyasini kuchaytirish hamda inklyuziv ta’lim jarayonlarini jadallashtirish;
— umumiy o‘rta ta’limda barcha ma’lumot almashinuvi jarayonlarini maktabgacha va maktab ta’limi tizimini boshqarishning yagona dasturiy majmuasi orqali amalga oshirilishini hamda ushbu sohada elektron davlat xizmatlari ko‘lamini kengaytirish.