“Mening maktabim” doirasida “Eng qiziqarli loyiha” tanlovi o‘tkaziladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabaringiz bor, joriy yilning 22-oktabridan boshlab 2025/2026-o‘quv yili doirasida “Mening maktabim” loyihasining 1-bosqichi boshlandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan faol o‘quvchilarni rag‘batlantirish maqsadida “Eng qiziqarli loyiha” tanlovi o‘tkaziladi.
Tanlov ikki yo‘nalishda tashkil etiladi:
- 10 ta “Eng qiziqarli loyiha”;
- Ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan 10 ta “Eng yaxshi videorolik”.
Bunda, istalgan 5–11-sinf o‘quvchisi o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga #meningmaktabim heshtegi ostida videorolik joylashtirishi va unga ilova qoldirishi mumkin.
Videoroliklar orasidan eng ko‘p “like” to‘plagan materiallar saralanadi. Eng faol ishtirokchilar maxsus sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Mazkur tanlov o‘quvchilar o‘rtasida “Mening maktabim” loyihasining ommalashuviga xizmat qiladi hamda ularning o‘zaro muloqot va ijodiy hamkorlik platformasiga aylanadi.
Faol bo‘ling, o‘z maktabingiz uchun tashabbus ko‘rsating, imkoniyatni qo‘ldan boy bermang!





