Endi jismoniy tarbiya oʻqituvchilari direktor jamgʻarmasi hisobidan 20% gacha ustama olishlari mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi 662-sonli qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 823-sonli qaroriga ayrim oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Xususan, direktor jamgʻarmasini tashkil etishning maqsad va vazifalariga quyidagi qoʻshimchalar qoʻshildi:
– o‘z faoliyatida ijobiy natija ko‘rsatgan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarini rag‘batlantirish;
– umumta’lim muassasasining direktori va uning o‘rinbosarlariga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) natijasiga ko‘ra har oylik ustamalar to‘lash;
– umumta’lim muassasalarida tashkiliy etilgan “Zakovat” intellektual klublarining koordinatori bo‘lgan o‘qituvchilarga ularning ta’rif stavkasining 50 foizi miqdorida bir martalik to‘lov to‘lash.
Unga koʻra, oʻz faoliyatida ijobiy natija koʻrsatgan jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarini ragʻbatlantirish uchun Nizomning 20-bandiga asoslanib, mumkin boʻlgan ustamaga qoʻshimcha ravishda jamgʻarma mablagʻlari hisobidan bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 20 foizgacha ragʻbatlantirilishi mumkin.
Bunda ragʻbatlantiriladigan jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari ragʻbatlantiriladigan yildan avvalgi bir kalendar yil (yanvar-dekabr oylari) davomidagi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga kiritilgan sport musobaqalaridagi ishtiroki hamda xalqaro assotsiatsiyalar tomonidan oʻtkazilgan Osiyo va jahon chempionatlari, xalqaro olimpiadalarda erishgan natijalaridan kelib chiqib, ichki guruh tomonidan har yili 15-yanvargacha bir kalender yil (yanvar-dekabr oylari) uchun bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 20 foizgacha har oylik ustamalar quyidagi tartibda belgilanadi:
– sport musobaqalarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kirtganligi uchun – 5 foiz;
– sport musobaqalarining Respublikasi bosqichida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kirtganligi uchun (1-3 oʻrin) – 10 foiz;
– xalqaro sport musobaqalarida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kirtganligi uchun – 20 foiz.





