Vazir jamg‘armasidan to‘lab beriladigan ustamalarga talabgor o‘qituvchilar ro‘yxatlarini qayerdan ko‘rish mumkin? Ushbu sahifada savolga javob topishingiz mumkin.
Reglamentga asosan, hududiy kengashlar tomonidan taqdim etilgan nomzodlarning har biri uchun pedagog.uzedu.uz platformasida shaxsiy kabinet yaratilgan.
Talabgorlar shaxsiy kabinetga one.id tizimi orqali kirib, “Murojaatlarim” bo‘limida o‘zlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirib ko‘rishlari mumkin.
Shuningdek, har bir hudud uchun ajratilgan kvotalar talablaridan kelib chiqqan holda mahalliy hokimliklar tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar ro‘yxati bilan tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarida tanishib chiqishlari mumkin.
2025-yilda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan har oylik ustama to‘lanadigan pedagoglar soni belgilangan edi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘i bilan Vazir jamg‘armasi hisobidan har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarning respublika bo‘yicha cheklangan soni va nomzodlarni saralash bo‘yicha reglament tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan Respublika bo‘yicha 2025-yilda har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarning cheklangan soni (yillik) 1 500 nafar etib belgilandi.
Ma’lumot o‘rnida: Vazir jamg‘armasidan oylik ustama oluvchi g‘oliblarni aniqlash nomzodlar orasida ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan malakali pedagog kadrlarga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5,5 baravari (9 oy davomida oyiga 1155000*5,5= 6 mln 352 ming so‘mdan) miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.
Ta’kidlash joiz: 2024-yilda kvota 1250 ta etib belgilangan bo‘lsa, joriy yilda mazkur ko‘rsatkich 1500 taga yetdi.