2022 yilning 1 iyulidan boshlab my.gov.uz orqali ariza berib, turli sabablarga ko‘ra yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan yoki ism-sharifi o‘zgargan fuqarolarimiz uydan chiqmasdan turib shahodatnomaning dublikatini onlayn olish imkoni yaratilgan.
Shahodatnoma – (arabcha شهادة – guvohlik berish) biror o‘quv yurtini tamomlaganlik haqidagi rasmiy hujjat; guvohnoma.
QR-kod qo‘yilgan dublikat asliga tenglashtirilgan bo‘lib, uni talabgor “Mening arizalarim” bo‘limidan mutlaqo bepul yuklab oladi. Shahodatnoma dublikati yuklab olinganidan keyin ham tizimdan o‘chib ketmaydi. Zarurat tug‘ilganda uni qayta yuklab olish imkoniyati mavjud!
Xizmat doirasida:
— shahodatnoma dublikati endi 5 kunda beriladi (avval oylab kutilgan);
— shahodatnoma dublikatini olish uchun my.gov.uz orqali ariza yuboriladi va dublikat elektron shaklda portal orqali beriladi (avval ariza berish uchun ham, hujjatni olib ketish uchun ham maktabga kelingan);
— ariza onlayn shaklda, inson omilisiz qabul qilinadi, shaxsiy ma’lumotlar avtomatik tarzda boshqa tizimlar bilan integratsiya qilinadi va boshqa hech qanday hujjat so‘ralmaydi (avval maktabga 5 tagacha hujjat taqdim etilgan: ariza, hujjat yo‘qolgani haqida gazeta e’loni, topilmalar idorasidan ma’lumotnoma, pasport nusxasi, familiya o‘zgargani haqida FHDYO bo‘limlaridan ma’lumotnoma).
Bugungi kunga qadar 8 mingdan ortiq fuqarolar shahodatnoma dublikatini masofadan olishga ulgurdi.