Sinf rahbarlari uchun «Tarbiyaviy soat» ish rejasi (4-sinf) - Ta’lim / Образование

Sinf rahbarlari uchun «Tarbiyaviy soat» ish rejasi (4-sinf)

Mazkur sahifada bugungi kunda sinf rahbarlari uchun amaliy va uslubiy yordam sifatida, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab vazirligining 2024-yil 23-avgustdagi 273-sonli buyrug‘iga 7-ilova etib tasdiqlangan, 4-sinfga mo‘ljallangan “Tarbiyaviy soat”larning ish rejasi tavsiya etiladi. Sahifa so‘ngida tarbiyaviy soat ish rejasini yuklab olishingiz mumkin.

Sinf rahbarlari uchun Tarbiyaviy soat ish rejasi (4 sinf)

Sinf rahbari — Ta’lim muassasasining tarbiyaviy tizimidagi tayanch pedagoglardan biri bo‘lib, o‘ziga biriktirilgan sinf o‘quvchilarining amalda belgilangan ta’lim va tarbiya olishlarini tashkil etadi.

Umumta’lim maktablarining 1-11 sinf o‘quvchilari uchun ishlab chiqilgan “Tarbiyaviy soat” mashg‘ulot ishlanmalarida mazmunan o‘quvchilarda tarbiyaviy-axloqiy hislatlarini shakllantirish va mustahkamlash maqsadida, donolar hikmatlari va milliy qadriyatlarimizga hurmat, bolalar huquqlari, tabiatni asrash, so‘zlashuv va muomala odobi, kitobni sevish, yurtimizda nishonlanadigan umumxalq bayramlari, muhim sanalar va fan oyliklarini o‘tkazishda nimalarga e’tibor berish bilan bir qatorda, kasb tanlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, maqsad bitiruvchilarni kasb tanlashda to‘g‘ri qaror qabul qilishga undaydi.



Tarbiyaviy soatlarni quyidagi tartibda tashkil qilish mumkin:

Kun shiori:

I. Kirish;

II. Asosiy qism: ma’ruza, guruhlar ishi;

III. Yakuniy qism.

Sinf soatida foydalanish uchun adabiyotlar jamlanmasi, mavzuga doir adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Jarayonni ochiq muloqot, davra suhbati, bahs-munozara, treninglar va boshqa har xil noananaviy tarzda tashkil etilishi mumkin.


Beruniyning ma’rifiy qarashlari

Pand va nasihat. Beruniy pand-nasihat orqali bolalardagi ayrim nuqsonlarni anglatish zarur deb hisobladi: Va u quyidagi fikrlarni bayon qildi: “Odamlar o‘rgangan, odatlangan va ko‘pchilikka ma’qul bo‘lgan narsaga qarshilik ko‘rsatmasdan o‘rganish kerak”. Yaxshi xulqlar yaxshilik alomatidir, yomon xulqlardan bolalarni saqlamoq lozim. Ayniqsa, maqtanish, buzuq niyatlik, chaqimchilik, besabrlik, nafs balosi, yolg‘onchilik va boshqalar.



Abu Ali Ibn Sino tarbiya haqida

Ibn Sino tarbiya masalalaridagi axloqiy tarbiyaga alohida o‘rin ajratgan. Uning fikricha: “Agar inson aqliy va jismoniy jihatdan qanchalik yetuk bo‘lsa ham, undagi bilim axloq normalariga mos bo‘lmasa, u kishi jamiyatning haqiqiy a’zosi bo‘la olmaydi”. Olim axloqiylik ko‘proq vatanparvarlikda o‘z aksini topadi deb tushungan. Ibn Sino Ona-Vatani Turonni Hind, Eron va Chin kabi yirik davlatlardan ortiq hisoblab, unga xizmat qilishni o‘z burchi deb bilgan. Vatanning fani, madaniyatini yuksaltirishga ulkan hissa qo‘shgan.


Abu Nasr Forobiy tarbiya haqida

Tarbiya jarayoni, tajribali pedagog, o‘qituvchi tomonidan tashkil etilishi, boshqarilib turilishi va ma’lum maqsadlarga yo‘naltirilishi lozim, chunki “har bir odam ham baxtni va narsa-hodisalarni o‘zicha bila olmaydi. Unga buning uchun o‘qituvchi lozim.


Yusuf Xos Hojib tarbiya haqida

“Daraxtning yetukligi uning mevasi bilan bo‘lganidek, insonning barcha xislatlari ham axloq bilan yakunlanadi”. Yusuf Xos Hojib ota-onalarni bola tarbiyasiga e’tibor berishga da’vat etar ekan, jamiyat farzandlar xulq-atvoriga qarab ota-onalarga baho berishini aytib, ularni ogohlantiradi.



Mirzo Ulug‘bek tarbiya haqida

Mirzo Ulug‘bek mehnat tarbiyasiga ham alohida ahamiyat beradi. Uning madrasasida o‘qigan shogirdlar bu yerdagi har bir tadbirda, binoni tozalash, ko‘kalamzorlash va boshqa ishlarda faol ishtirok etadilar.


Alisher Navoiy tarbiya haqida

Alisher Navoiy o‘qituvchini faqat dars beruvchi, bilim beruvchi kishigina deb bilmay, balki usta tarbiyachi ham bo‘lishi kerak, deb hisoblardi. U ilm bilan odobning birga olib borilishini va o‘qitish jarayyonida odob berilishini ta’kidlab o‘tadi.



Abdulla Avloniy tarbiya haqida

Abdulla Avloniy badan tarbiyasi masalasida bolani sog‘lom qilib o‘stirishda ota-onalarga murojaat qilsa, bolani fikriy tomondan tarbiyalashda o‘qituvchilarning faoliyatlariga alohida e’tibor beradi.

 

 

 


Leave a Reply