Dars jadvalini tuzishga qo‘yiladigan talablar - Ta’lim / Образование

Dars jadvalini tuzishga qo‘yiladigan talablar

Dars jadvali ta’lim-tarbiya jarayonida yuqori samaradorlikka erishish sifat ko‘rsatkichni ko‘tarish, o‘quvchi va o‘qituvchilar faoliyatini tashkiliy jihatdan ilmiy asosda tashkil etish, o‘quvchilarning mehnat qilishini va dam olishini hamda butun maktab faoliyatini yaxshi yo‘lga qo‘yishda muhim vosita bo‘lib hisoblanadi.

Dars jadvalini tuzishga qo‘yiladigan talablar

O‘quvchining kun tartibi to‘g‘ri tashkil etilsa, u kun mobaynida yuqori ish faoliyatini saqlab qoladi. Shu nuqtai nazardan ushbu tavsiya ishlab chiqilib, umumiy o‘rta-ta’lim maktablarida fanlar bo‘yicha dars jadvalini tuzishga qo‘yilgan pedagogik, psixologik va gigiyenik talablar tavsiya sifatida e’tiboringizga havola qilinmoqda.


Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida fanlar bo‘yicha dars jadvalini tuzishga qo‘yilgan pedagogik, psixologik va gigiyenik talablar

Umumiy talablar

Dars jadvali — o‘quv muassasi faoliyatidagi asosiy rasmiy hujjatdir. Ilmiy, metodik pedagogik-psixologik nuqtai nazardan tuzilgan dars jadvali ta’lim muassasi faoliyatining to‘g‘ri tashkil etilishini ta’minlaydi.



Dars jadvalini tuzishda o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini va ish qobiliyatining yuqori yoki past bo‘lgan soatlari, fanlarning murakkablik darajasi, o‘qituvchining dars yuklamasini hisobga olish kerak.

Dars jadvalini tuzishda quyidagilarga e’tibor berilishi lozim:

1. Kichik maktab davrida (1-4-sinf o‘quvchilari) 7 yoshdan 10-11 yoshgacha bola birinchi marotaba maktabga boradi, yangi sharoitga moslashadi. Bu davrda bolaning jismoniy o‘sishi bilinarsiz kechadi, lekin uning boshqa ko‘rsatkichlari yaqqol o‘zgaradi, ya’ni organizm a’zolari va tizimlari faoliyatining mukammallashuvi kuzatiladi. Mazkur davr bolalik va o‘smirlik davri orasidagi ko‘prik hisoblanadi. O‘rta maktab 5-9-sinf o‘quvchilari (11-12 yoshdan 14-15 yoshgacha) davri shiddatli o‘sish va rivojlanish davri bo‘lib, jinsiy rivojlanishning boshlang‘ich va cho‘qqisiga to‘g‘ri keladi. O‘g‘il bolalarda ham, qiz bolalarda ham harakat-tayanch va markaziy asab tizimlarining mukammallashuvi davom etadi. Katta maktab (10-11-sinf o‘quvchilari, 15 yoshdan 18 yoshgacha) davrida bolalar nafaqat jismoniy, balki aqliy, ma’naviy va ijtimoiy jihatlardan ham rivojlanadi.



2. Olimlarning ilmiy tekshiruvlari natijasida, maktab yoshidagi bolalar aqliy qobiliyatining bioritmologik optimumi 10-12-soatlar orasidagi intervalga to‘g‘ri kelishi aniqlangan. Bu soatlarda o‘quvchi berilgan materialni organizmning psixofiziologik imkoniyatlarini eng minimal darajada sarf qilib, maksimal darajada o‘zlashtirishi mumkin. Shuning uchun boshlang‘ich sinflarning dars jadvalida asosiy fanlar 2-3-soatlarga o‘rta va yuqori sinflarda esa 2,3,4-soatlarga qo‘yilishi kerak. Ish qobiliyati oshishining ikkinchi cho‘qqisi soat 16-18larga to‘g‘ri keladi, ana shu vaqtda uy vazifasini bajarishga kirishish tavsiya etiladi.

3. O‘quvchilarning aqliy ish qobiliyati o‘quv haftasining turli kunlarida turlicha bo‘ladi. Haftaning o‘rtasida u yuqori darajada bo‘ladi, haftaning boshida (dushanba) va haftaning oxirida (juma) pasayib ketadi.

Shuning uchun o‘zlashtirish murakkab bo‘lgan fanlarning o‘quv yuklamasini hafta javomida shunday taqsimlash kerakki, uning eng katta hajmi seshanba va (yoki) chorshanba kunlariga to‘g‘ri kelishi kerak. Chunki o‘quvchilar yangi materialni o‘zlashtirishining eng yuqori chegarasi haftaning o‘rtasidagi kunlarda samarali bo‘lishi psixolog olimlar tomonidan aniqlanib tavsiya etilgan.



4. Nazorat ishlarini ham iloji boricha shu kunlarda o‘tkazish yaxshi samara beradi. Bu kunlarda dars jadvaliga murakkab fanlar yoki o‘rta og‘irlikdagi fanlar haftaning boshqa kunlaridagiga qaraganda ko‘proq hajmda kiritilishi lozim. Chorshanba kuni esa darslar birmuncha yengillashtirilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

5. Birinchi sinf o‘quvchilariga adaptatsiya jarayonini yengillashtirish uchun “bosqichli” o‘quv mashg‘ulotlari tartibli qo‘llanilishi kerak va bunda o‘quv yuklamasi asta-sekinlik bilan orttirib borilishi lozim. Sentyabr oyida 35 daqiqadan davom etadigan 3 ta dars, ikkinchi chorakda 35 daqiqadan davom etadigan 4 ta dars qo‘yilishi kerak. Boshlang‘ich sinflarda asosiy fanlar bo‘yicha o‘tiladigan darslarda o‘quv ishlarining zichligi 80 %dan oshmasligi kerak.

6. Maktablarda darslar soat 8:00 dan erta boshlanmasligi lozim. Jadvaldan tashqari darslarni o‘tkazish ta’qiqlanadi. Chuqurlashtirilgan dastur asosida o‘qitiladigan o‘quv muassasalarida o‘qish faqat bir navbat (smena) da tashkil qilinishi kerak.

7. Navbat (smena)lar orasida dars xonalarini tozalash va shamollatish zarur.



8. Bir necha navbatda ishlaydigan umta’lim muassasalarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari, beshinchi sinf va bitiruvchi sinf o‘quvchilari uchun darslar faqat birinchi smenada o‘tilishi lozim.

9. Maktablarda dars jadvalllari fakultativ va asosiy darslar uchun alohida-alohida tuzilishi lozim. Fakultativ darslarni asosiy fanlar kam bo‘lgan kunlarga rejalashtirish kerak. Fakultativ darslar boshlanishidan oldin va asosiy darslar tugaganidan so‘ng tanaffus tashkil qilinadi.

10. Bola organizmi toliqishga moyildir. 5-7 yoshli bola 15 daqiqa davomida, 8-10 yoshli bola esa 20 daqiqa davomida, 11-12 yoshli bola esa 25 daqiqa davomida faol diqqatini saqlay olishi mumkinligi aniqlangan. Bosh miyaning po‘stloq qismi xujayralari toliqqanda tormozlanadi va shu bilan himoyalanadi. O‘ta toliqish bu bolalar va o‘smirlarda yuzaga keluvchi ko‘pgina patologik xolatlarning sababidir. O‘quvchilarning o‘ta toliqishiga olib keluvchi uch gurux omillar mavjud:

  • A) umumiy o‘quv va mehnat jarayonini noto‘g‘ri tashkillashtirish;
  • B) bolalar va o‘smirlarning yoshi va individual xususiyatlariga o‘quv yuklamasining mos kelmasligi;
  • C) o‘quv tartibi va sharoitlariga qo‘yiladigan gigiyenik talablarni inkor etish;

Shuning uchun dars jadvali tuzishda bola organizmining toliqib qolishini ham hisobga olish lozim.



Dars jadvalini ratsional tuzish

1. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejada 1 va 2 yarim yilda ayrim fanlarning o‘quv soatlarining o‘zgarishi ko‘zda tutilganligi sababli maktablarda dars jadvali amalda yarim yilga mo‘ljallab tuziladi. O‘quv yilining birinchi yarmi uchun dars jadvali o‘quv yili boshlanishidan 10 kun ilgari, 2-yarim yillik uchun esa qishki ta’til vaqtida tuziladi.

2. O‘quvchilarni uy vazifalari bilan ortiqcha band qilib qo‘ymaslik uchun fanlarni haftaning kunlariga to‘g‘ri taqsimlash kerak. Uy vazifalarini bajarish 1-sinf o‘quvchilari uchun ikkinchi yarim yillikdan boshlab 1 soatdan, 2-sinflar uchun 1,5 soatdan, 3-4-sinflar uchun 2 soatdan, 5-6-sinflar uchun 2,5 soatdan, 7-8-sinflar uchun 3 soatdan, 9-11-sinflar uchun 4 soatdan oshmasligi kerak.



3. Shuningdek, fanlarning og‘ir va yengilligiga e’tibor bergan holda hafta kunlariga to‘g‘ri taqsimlash lozim. Boshlang‘ich sinflarda matematika, yozuv, o‘qish – murakkab; tasviriy san’at, jismoniy tarbiya, musiqa – yengil fanlar hisoblanadi. 5-11-sinflarda fanlarni og‘ir-yengilligiga qarab to‘rt qismga:

  • birinchi darajali — matematika, fizika, kimyo;
  • ikkinchi darajali — chizmachilik, huquq biologiya, xorijiy tillar, ona tili;
  • uchinchi darajali — geografiya, tabiat, tarix;
  • to‘rtinchi darajali — jimoniy tarbiya, musiqa, tasviriy san’at – to‘rtinchi darajali fanlarga taqsimlanadi.

O‘quvchilar ba’zi fanlarni oson va qiyin o‘zlashtiradilar. O‘quvchilarning matematika darsidan keyin o‘zlashtirish qobiliyatlari sustlashishini, tabiatshunoslik, tasviriy san’at darslaridan keyin esa eslab qolish qobiliyati ko‘tarilishini ko‘rish mumkin.

Shuni e’tiborga olgan holda tuzilgan quyidagi jadvaldan dars jadvalini tuzishda foydalanish tavsiya etiladi.

Fanlar Murakkablik darajasini hisobga olgan holda bolalar miqdori
Matematika, informatika 11
Ona tili va adabiyoti, xorijiy tillar (rus, ingliz, fransuz, nemis tillari) 10
Fizika, kimyo, astronomiya 9
Tarix, huquq, iqtisodiy bilim asoslari 8
Tabiiy fanlar, geografiya, biologiya 7
Tarbiya 6
Jismoniy tarbiya 5
Texnologiya 4
Chizmachilik 3
Tasviriy san’at 2
Musiqa 1

Yuqoridagi jadval asosida qiyin fanlar osonroq o‘zlashtiriladigan fanlar bilan almashtirilib turilishi lozim. Jismoniy tarbiya, mehnat, tasviriy san’at fanlari o‘quvchilarning asab tizimi ish qobiliyatining qayta tiklanishida muhim o‘rin tutganligini inobatga olgan holda 1-5-sinflarda 3-4 soatlar qo‘yish lozim, shunda 5-6 soatlarda o‘quvchilar charchamaydilar.



4. Birinchi va ikkinchi soatlarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining birinchi, ikkinchi, uchinchi soatlarda 5-11-sinf o‘quvchilarining ish qobiliyati yuqori bo‘lganligi uchun shu soatlarga og‘ir fanlar qo‘yish, yozma ishlar o‘tkazish lozim.

5. Dars jadvali tuzishda o‘quvchilarning maksimal o‘quv hajmi ham e’tiborga olinishi kerak.

6. Maktablarda fakultativ, guruhli va individual mashg‘ulotlar o‘quvchilarga yuklatilishi mumkin bo‘lgan maksimal hajm me’yoridan oshmasligi kerak. Olti kunlik o‘quv haftasida kundalik o‘quv yuklamasi 1-2-sinflar uchun 3-4 soatni, 3-4-sinflar uchun 4 soatni, 5-7-sinflar uchun 5-6 soatni va 8-9-sinflar uchun 6 soatni tashkil qiladi.

7. Boshlang‘ich va o‘rta sinflarda birinchi dars soatida o‘quvchilarning ish qobiliyati pastroq bo‘lib, 2-3-darslarda asab tizimining ish qobiliyati yuqori darajaga yetadi, 4-darsda charchashning birinchi alomatlari paydo bo‘ladi. 5-6 soatlarda esa o‘quvchining ish qobiliyati keskin kamaya boshlaydi. Shuning uchun kuchli asab faoliyatini talab qiladigan matematika, fizika, ona tili, xorijiy tillar, kimyo kabi fanlarni imkoniyat darajasida 1-3 soatlarga qo‘yish lozim.



8. O‘quvchilarning yosh xususiyatlarini hamda fanlardagi mavzular integratsiyasini hisobga olgan holda, ayrim fanlarni yoki turdosh fanlarni ketma-ket 2 soatga qo‘yish mumkin. 5-9-sinf o‘quvchilari uchun ikkita darsni ketma-ket o‘tkazish quyidagilar uchun ruxsat beriladi: laboratoriya darslari, nazorat ishlarini o‘tkazish, mehnat darslari va jismoniy tarbiya darslari.

9.5-9-sinf o‘quvchilari uchun ikkita asosiy va maxsus fan darslarini ketma-ket o‘tkazishga, agar ular jismoniy tarbiya darslaridan keyin yoki 30 daqiqalik dinamik tanaffusdan so‘ng o‘tkazilsa , ruxsat beriladi. 10-11-sinf o‘quvchilari uchun ikkita darsni ketma-ket o‘tkazish asosiy va maxsus fanlar bo‘yicha ruxsat beriladi.

10. Fanlar chuqurlashtirilib o‘qitiladigan maktab (sinf)larda va ixtisoslashgan maktablarda maxsus fanlarning xususiyati va o‘quvchilarning imkoniyatlarini hisobga olgan holda ketma-ket 2 soat qo‘yish mumkin.

11. Dars jadvaliga 2 soatli fan qo‘yilsa, yana boshqa 2 soatli fan qo‘yish mumkin emas.

12. O‘quv rejada 1 yoki 2 soatdan haftasiga o‘qitilishi belgilangan fanlardan dars jadvaliga 2 soatga ketma-ket qo‘yish mumkin emas.



13. Boshlang‘ich sinflarda ikkita darsni tanaffussiz ketma-ket o‘tkazish ta’qiqlanadi. (1-4-sinflar uchun qo‘shaloq darslar o‘tkazish ta’qiqlanadi).

14. Dars jadvallari tuzilganda kun va hafta davomida kichik maktab yoshidagi o‘quvchilar uchun asosiy fanlarning musiqa, rasm, mehnat, jismoniy tarbiya darslari bilan oralatib o‘tkazilishi, o‘rta va katta yoshdagi maktab o‘quvchilari uchun esa matematika va ijtimoiy fanlarni oralatib o‘tkazish kerak.

15. Uy vazifasini bajarishga ko‘p vaqt sarflanadigan fanlarni dars jadvaliga bir kunga kiritish tavsiya etilmaydi.

16.Barcha umumta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun bir smenali maktablarda darslar orasidagi tanaffuslar 10 daqiqadan kam bo‘lmasligi, katta tanaffus esa (2 va 3-darslar orasida) 30 daqiqagacha bo‘lishi kerak. Bitta katta tanaffus o‘rniga ikkita, ya’ni 2 va 3-darslardan so‘ng 20 daqiqalik tanaffuslar tashkil qilish ham mumkin. Tanaffuslarni maksimal darajada ochiq havoda harakatchan o‘yinlarda o‘tkazish lozim.

17. Ikki smenali maktablarda darslar orasidagi tanaffuslar 5 daqiqadan kam bo‘lmasligi, katta tanaffus esa (2 va 3-darslar orasida) 20 daqiqa bo‘lishi kerak. Navbat (smena)larning orasida sinfxonalarini shamollatish uchun 20 daqiqa tanaffus bo‘lishi kerak.

18. Ta’tillar davomiyligi kuzgi 6 kun, qishgi 14 kun, baxorgi 7 kun bo‘lishi kerak. Yozgi ta’tilning boshlanishi 1-sinflar uchun 31 maydan, 5-8-sinflar uchun 19 iyundan, 9-sinflar uchun 25 iyundan bo‘lishi kerak. Shuningdek, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun 1-yilda o‘quv xaftalar soni 32- haftani, yuqori sinflar uchun 34-haftani tashkil qiladi (imtihon davrini hisobga olgan holda).



19. Fanlarni chuqur o‘qitishga ixtisoslashgan maktablarda o‘qitish faqat 1 smenada olib borilishi kerak.

20. O‘quv faoliyati davomida organizmning ish qobiliyati o‘zgaradi. Shuning uchun yil boshida o‘quv haftasining birinchi kunida, darslar yengillashtirilgan bo‘lishi, yangi va murakabroq materiallarnitushintirish, sinov ishlarini berish tavsiya etiladi. O‘quv xaftasining, chorakning yoki o‘quv yilining o‘rtasida o‘quv dasturining o‘rtasida o‘quv dasturining eng katta hajmini, fakultativ mashg‘ulotlarni, to‘garak ishlarini va boshqa tadbirlarni rejalashtirish mumkin.Toliqishning ilk belgilari paydo bo‘lishi yuqori va mustaxkam ish qobiliyati davrining tugaganidan dalolat beradi. 



Dars jadvalini tuzish uchun yordamchi materiallar

Dars jadvalini tuzishda quydagilarga e’tibor berish lozim:

1. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tamonidan o‘quv yili uchun tasdiqlangan o‘quv reja;

2. O‘qituvchilarning dars taqsimotlari (tarifikatsiya)ga;

3.Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bilan kelishilgan va direktor tamonidan tasdiqlangan o‘qituvchilarning metodik kunlariga;

4. O‘quv rejada ikki guruxga bo‘lib o‘qitilishi belgilangan fanlarga;

5. Fanlarning murakkabligini hisobga olib, hafta kunlariga taqsimlab olingan jadvalga;

7. Sirtdan o‘qiyotgan o‘qituvchilar ro‘yxatiga;

7. O‘qituvchilarning malaka oshirishiga borish jadvaliga;

8. O‘rindosh o‘qituvchilarning dars jadvaliga;

9. O‘qituvchilarning parallel sinflarga kirishi va uning ketma-ketligiga;

10. O‘qituvchilarning tajribasiga;

11. O‘qituvchilarning sinf rahbarligiga;

12. Axborot texnologiya vositalaridan foydalanish jadvaliga;

13. Dars mashg‘ulotlarining fan xona tizimida;

14. Fizika, kimyo, biologiya, informatika fanlarining o‘qitilishini hisobga olishda (fanlarning murakkabligini hisobga olib, hafta kunlariga taqsimlab olingan jadvallar);

15. Sinflarning navbatlari (smenalari) ko‘rsatilgan ro‘yxatga;

16. Boshqa maktabga borib ishlaydigan o‘qituvchilar ro‘yxatiga e’tibor berilishi kerak.

 


2 thoughts on “Dars jadvalini tuzishga qo‘yiladigan talablar

Leave a Reply