Oʻzbekistonda 1-avgustdan chiqindilarni olib chiqish xizmatidan qarzi borlarning elektr energiyasi uchun toʻloviga vaqtinchalik taqiq kuchga kiradi.
Qayd etilishicha, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlarini koʻrsatish sohasida toʻlov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi 2025-yil 7-martdagi 1044-sonli Qonuniga asosan chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari boʻyicha toʻlov intizomini kuchaytirish maqsadida yangi tartib joriy etilmoqda.
Unga koʻra, har oyning 3-sanasiga qadar respublika boʻyicha qarzdor abonentlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining “Toza makon” billing elektron tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatiladi.
Soʻngra chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarga har oyning 5-sanasigacha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “2100” qisqa raqami orqali “SMS” xabarnoma yuboriladi. Abonentlarga ushbu ogohlantirish yuborilganidan keyin 5 (besh) kun qarzdorlikni bartaraf etish uchun qoʻshimcha muddat beriladi. Mavjud qarzdorlik ushbu muddat ichida toʻlanishi lozim.
Aks holda, abonentlar tomonidan belgilangan muddatda qarzdorlik bartaraf etilmasa: ularda elektr energiyasi uchun toʻlov qilish imkoniyati vaqtinchalik cheklanadi. Mazkur cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilan avtomatik tarzda yechiladi.
Maʼlumot oʻrnida, ushbu tartib 2025-yil 30-iyungacha boʻlgan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur tartib 2025-yilning 1-iyulidan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun joriy yilning 1-avgustidan boshlab qoʻllaniladi.
Qoʻshimcha qilinishicha, hisob-kitoblarning toʻgʻriligi uchun masʼuliyat sanitariya tozalash korxonalari zimmasiga tushadi. Kechikishlar yuzaga kelsa yoki xizmatlarning sifati past boʻlsa, koʻrsatilmagan kunlardagi xizmatlar uchun qayta hisob-kitob qilinadi.
Aholi chiqindilarni utilizatsiya qilish tizimi va xizmatlar sifatiga oid talab va shikoyatlarni 1205 qisqa raqamiga kunning istalgan vaqtida yuborishi mumkin.