Bir kishi — bir ovoz: «Open Budjet»ga ovoz berish jarayonlari boshlandi. Ovoz berishda nimalarga e’tibor berish kerak?
Iqtisodiy va moliya vazirligi «Tashabbusli budjet»ning 2025 yilgi 1-mavsumi doirasida ovoz berish bosqichi boshlanganini e’lon qildi.
Qanday ovoz berish mumkin? Ovoz berish usullari
Fuqarolar o‘zlariga qulay bo‘lgan usullardan biri orqali, jumladan:
— «Ochiq budjet» portalining veb-sahifasi;
— portalning mobil ilovasi (Android va iOS);
— Telegram’ dagi rasmiy bot yordamida ovoz berishi mumkin.
«Tashabbusli budjet»ning 2025 yilgi 1-mavsumi uchun loyihalar 1-20 fevral kunlari davomida kiritildi. Saralashdan o‘tgan loyihalarga 11-20 mart kunlari ovoz yig‘iladi. G‘oliblar 21 mart — Navro‘z bayrami kuni e’lon qilinadi.
Ovoz berish jarayonlari 20 mart soat 23:59 ga qadar davom etadi.
Ovoz berishda quyidagilarni hisobga olishingiz kerak:
1. Endilikda “Bir kishi — bir ovoz” prinsipi amal qiladi. Ya’ni nomingizda nechta sim-karta bo‘lishidan qat’i nazar faqat bir marta ovoz bera olasiz;
2. Agar oilada hammaning telefon raqami bir kishining nomida bo‘lsa, unda shu oila faqat bitta ovoz bera oladi degani. Boshqalar ham ovoz berishi uchun yoki nomiga yangi telefon raqam olishi, yoki o‘zi ishlatayotgan raqamni o‘zining nomiga qayta rasmiylashtirishi kerak;
3. Endilikda yuridik shaxs nomida bo‘lgan sim-kartalar orqali ovoz berib bo‘lmaydi. Sim-karta albatta jismoniy shaxs nomiga olingan bo‘lishi kerak;
4. “1500 ta ovoz olsa, aniq g‘olib bo‘ladi” degan qoida yo‘q. G‘oliblar tuman (shahar)ga ajratilgan mablag‘ doirasida eng ko‘p ovoz olgan loyihalar bo‘ladi.
Avvalroq Senat Kengashining qarori bilan, «Tashabbusli budjet» jarayonini o‘tkazish bo‘yicha amaldagi tartibga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgandi. Qarorga ko‘ra, har yili tuman va shahar budjetidan 10 tadan kam bo‘lmagan, ko‘pi bilan 30 ta loyiha uchun yetarli mablag‘ ajratilishi belgilangan. Bunda, 10 tadan ortiq loyiha uchun mablag‘lar tuman yoki shahar aholisining tegishli hududdagi ulushidan kelib chiqib taqsimlanadi.
📞 Tizim faoliyatiga oid qo‘shimcha savollaringiz yuzasidan ushbu raqam orqali murojaat qilishingiz mumkin: +998712035050