Bir maktabda tayinlagan ustama boshqa maktabda ham hisobga o‘tadimi? Savolga malakali huquqshunoslar javob berishdi.
Savol: Assalomu alaykum. Men bir maktabda ishladim va menga 2023-2024 o‘quv yili uchun direktor jamg‘armasi hisobidan 25 foiz ustama belgilangan edi. Oilaviy sharoitim tufayli sentyabr oyidan boshqa maktabda ishlay boshladim. Hozirda mart oyidan boshlab avvalgi maktabga ishga qaytib keldim. Savolim shundaki: menga belgilangan 25 foiz ustamani mart oyidan to‘lab berish mumkinmi? Javob uchun oldindan rahmat.
Huquqshunos javobi:
❌ Yo‘q, sizga bir maktabda tayinlagan ustama boshqa maktabda hisobga o‘tmaydi.
Chunki bu vaziyatda ish beruvchi o‘zgarmoqda. Har bir maktabning direktor jamg‘armasi mablag‘lari alohida ajratiladi va ishchi guruh qarori asosida ustama tayinlanadi.
Mehnat kodeksi 19-moddasiga muvofiq mulkchilik shaklidan va idoraviy mansubligidan qat’i nazar, tashkilotlar ish beruvchi hisoblanishi belgilangan. Shunga ko‘ra har ikki maktabning direktori alohida ish beruvchi sanaladi.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”nizom qoidalariga ko‘ra direktor jamg‘armasidan to‘lanadigan ustama maktabda asosiy xodim sifatida ishlayotgan xodimlarga to‘lanishi belgilangan.