“Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi Prezident Farmoni (PF-98-son, 02.07.2024 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, Maktabgacha taʼlim agentligi (Agentlik) faoliyati tugatildi hamda Agentlikning tashkiliy tuzilmasidagi tashkilotlar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi zimmasiga quyidagi qo‘shimcha funksiyalar yuklatildi, jumladan:
— ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
— maktabgacha taʼlim va tarbiya jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, taʼlim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini joriy etish;
— maktabgacha taʼlimning o‘quv reja, dastur va o‘quv-metodik majmualarini takomillashtirish, ularning umumiy o‘rta taʼlim dasturlari bilan uzviyligini ta’minlash;
— davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari orasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hisobiga barcha bolalarning maktabgacha taʼlim bilan bosqichma-bosqich qamrab olinishini ta’minlash.
Faoliyati tugatilayotgan Maktabgacha taʼlim agentligining 66 ta shtat birliklari quyidagicha taqsimlandi:
39 tasi — Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining markaziy apparatiga;
14 tasi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalariga;
13 tasi — hududiy pedagogik mahorat markazlarining metodik xizmat koʻrsatish boʻlimlariga berildi.
Agentlik joylashgan bino Ijtimoiy himoya milliy agentligiga berildi.
Farmon bilan Prezident va Hukumatning ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan. Shu jumladan, oilaviy va davlat-xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatiga oid bandlarga ham oʻzgartirishlar kiritilgan.