Endi uzrli sabab bilan milliy sertifikat imtihoniga kelmagan talabgorlar to‘lovini qaytarib olishi mumkin.
Endi chet tili va umumtaʼlim fanlari boʻyicha milliy sertifikat imtihoniga uzrli sabab bilan qatnasha olmagan talabgorlarning toʻlovi kuyib ketmaydi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi masʼul xodimi Javlonbek Nurmatov maʼlum qildi.
Maʼlum bo‘lishicha, chet tili va umumtaʼlim fanlari boʻyicha milliy sertifikat imtihonlarida uzrli sabab bilan ishtirok eta olmagan talabgorlar uchun yangi tartib joriy etiladi.
Unga koʻra, imtihonga uzrli sabab bilan kela olmagan talabgorlar keyingi imtihonda qo‘shimcha to‘lovsiz qatnashishi yoki to‘lagan mablag‘ini qaytarib olishi mumkin.
Mazkur tartib kasallik, xizmat safari yoki yaqin oila aʼzosining vafoti kabi uzrli sabablarga ega boʻlgan talabgorlarga nisbatan qo‘llaniladi. Bunda ushbu holatlarni tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi talab etiladi.
Shu bilan birga, imtihonga uzrsiz kelmagan, belgilangan vaqtdan kechikkan yoki imtihon qoidalarini buzganligi sababli chetlashtirilgan talabgorlarga ushbu tartib tatbiq etilmaydi.





