Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 34 yilligi munosabati bilan Adliya vazirligi tomonidan “Umummilliy Konstitutsiya imtihoni” oʻtkaziladi.
Tanlovda ishtirok etish uchun talabgorlar 22-noyabr 23:59 ga qadar 8-dekabr.adliya.uz platformasida roʻyxatdan oʻtishi lozim.
Gʻoliblar diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi.
Tanlov shartlari bilan batafsil quyida tanishing.
Diqqat: Oliy yuridik ma’lumotli shaxslar, shuningdek yuridik texnikum va yuridik mutaxassislikka ixtisoslashgan boshqa ta’lim muassasalarida tahsil oluvchilar, davlat va nodavlat, xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida yurisprudensiya yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar hamda adliya organlari va muassasalari xodimlarining natijalari inobatga olinmaydi va ushbu toifadagi shaxslar final bosqichda ishtirok etmaydi.
Imtihon davlat tilida 2 bosqichda oʻtkaziladi:
1-bosqich – test sinovi;
2-bosqich – savol-javob suhbat.
1-bosqichda ishtirokchilar 8-dekabr.adliya.uz platformasi orqali 20 ta test savolini bajaradi hamda 1 ta ijodiy savolga javob yozadi.
Ijodiy savolga beriladigan javob hajmi 150-200 soʻzdan iborat boʻlishi lozim. Test savollarining barchasiga toʻğri javob bergan ishtirokchilar orasidan eng qisqa muddatda bajargan 20 nafari tanlab olinadi. Hakamlar hay’ati tomonidan mazkur 20 nafar ishtirokchining ijodiy savolga berilgan javoblari koʻrib chiqilib, 10 ballgacha baholanadi.
Baholash natijasiga koʻra eng yuqori ball toʻplagan 10 nafar ishtirokchi 2-bosqichda ishtirok etadi.
1-bosqich 25 noyabr soat 10:00 dan 14:00 ga qadar oʻtkaziladi.
2-bosqich savol-javob suhbat tarzida tashkil etiladi.
Bunda quyidagi 2 shart asosida ğolib aniqlanadi.
🔹 tezkor savol-javob:
Bunda har bir ishtirokchiga konstitutsiyaviy huquq boʻyicha 2 ta savol beriladi. Har bir savolga berilgan javob 10 ballik mezonda baholanadi. Har bir savol boʻyicha tayyorlanib olish uchun 1 daqiqa va javob berish uchun 1 daqiqa vaqt beriladi.
🔹 kazus:
Bunda har bir ishtirokchiga umumiy qonunchilik, shu jumladan konstitutsiyaviy huquq boʻyicha 1 ta kazus (muammoli holat) beriladi. Har bir savolga berilgan javob 10 ballik mezonda baholanadi. Kazus boʻyicha tayyorlanib olishga 1 daqiqa hamda javob berish uchun 3 daqiqa vaqt beriladi.
Suhbat jarayonlar onlayn translyatsiya qilinadi.
2-bosqich 8 dekabr – Konstitutsiya kuni arafasida tashkil etiladi.
Eslatma! Tanlovda faqat bitta akkauntdan ishtirok etishga ruxsat beriladi. Ishtirokchi keyingi bosqichga oʻtish vaqtida turli akkauntlardan qatnashgan holatlar aniqlangan taqdirda, natijasidan qat’i nazar, imtihondan chetlashtiriladi.





