“Mening maktabim” loyihasiga start berildi - Ta’lim / Образование

“Mening maktabim” loyihasiga start berildi

Maktab o‘quvchilari o‘rtasida budjet savodxonligini oshirish maqsadida “Ochiq budjet” axborot portalida maktab o‘quvchilari fikri asosida loyihalarni shakllantirish, ularni saralash, ovoz berish yo‘li orqali g‘olib loyihalarni aniqlash hamda budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishni o‘z ichiga olgan jarayon.

Mening maktabim loyihasiga start berildi

“Mening maktabim” jarayonida maktabning barcha yuqori (5-11) sinf o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin. Jarayon uchun har bir maktabga 50 million so‘m mablag‘ ajratiladi. Mazkur jarayonda maktab o‘quvchilari tomonidan loyiha shakllantiriladi. Masalan: maktab uchun elektron doska, kompyuter, sport jihozlari, kitoblar xarid qilish va hokazolar.



Shakllangan loyihalar saralash bosqichidan o‘tkaziladi. Saralash bosqichidan o‘tgan loyihalarga ovoz berish bosqichi o‘tkaziladi. O‘quvchilarga kalit so‘z taqdim qilinadi. Kalit so‘z orqali o‘quvchilar o‘zi istagan loyihaga ovoz berishi mumkin. Har bir o‘quvchi bir marta ovoz berishi mumkin. Eng ko‘p ovoz to‘plagan bir yoki bir nechta loyihalar ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.

“Mening maktabim” loyihasi 2024-2025 o’quv yilida sinov tarzida 14 ta tuman (shaxar) larda, 2025-2026 o’quv yilidan boshlab respublikaning barcha maktablarida o’tkaziladi.



Ushbu loyiha uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan:

— 2025-2026-o‘quv yilidan boshlab barcha umumta’lim maktablarida “Mening maktabim” loyihasini amalga oshirish maqsadida tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining 2025 yil uchun xarajatlar smetasida bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobarida mablag‘ ajratiladi;

— ushbu mablag‘ “Mening maktabim” loyihasi doirasida 5-11-sinf o‘quvchilari tanloviga ko‘ra elektron doska, kompyuter, sport jihozlari, kitoblar kabi maktab uchun zarur tovarlarga sarflanadi.