Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining takomillashtirilgan odob-axloq qoidalari - Ta’lim / Образование

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining takomillashtirilgan odob-axloq qoidalari

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023 yil 31 avgustdagi 282-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari»ga rioya qilishda shuningdek, ta’lim muassasasida mobil telefondan foydalanishda o‘qituvchi va o‘quvchilar e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar, ularning qanday harakatlardan tiyilishlari lozimligi, qanday harakatlarni amalga oshirish odob-axloq qoidalariga mosligi, shuningdek, o‘quvchi va o‘qituvchilarning ta’lim muassasasidagi dars jarayonida, tadbirlar paytida, oshxonada, tanaffuslarda o‘zlarini qanday tutishlari lozimligi jonli misollar orqali ko‘rsatib berilgan.

odob axloq qoidalari


Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining takomillashtirilgan odob-axloq qoidalari
(Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 282 sonli buyrug‘iga 1-ilova, 31.08.2023)


Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Ta’lim to‘g‘risida”, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”, “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari, Vazirlar Mahkamasining “Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” va “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy hamda tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlari va umume’tirof etilgan ma’naviy-axloqiy tamoyillar asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasasining rahbariyati, pedagog va texnik xodimlari hamda o‘quvchilari, ularning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari (keyingi o‘rinlarda – ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari) uchun ishlab chiqildi.



1 bob. Umumiy qoidalar

1. Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari (keyingi o‘rinlarda – Qoidalar) umumiy o‘rta ta’lim muassasasi ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari uchun odob-axloq tamoyillari, xulq-atvor me’yorlariga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.

Ushbu Qoidalar umumiy o‘rta ta’lim muassasasida (keyingi o‘rinlarda – ta’lim muassasasi) ta’lim va tarbiyaning o‘zaro uyg‘unligini ta’minlash, o‘qituvchi mavqeyining daxlsizligini e’tirof etish, do‘stona va ishchanlik muhitini yaratish, o‘quvchilar tomonidan o‘quv dasturini muvaffaqiyatli o‘zlashtirish, inson va uning huquqlariga hurmatni oshirish, odob-axloq va muloqot madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan.

2. Mazkur Qoidalar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufidagi ta’lim muassasalarida tatbiq etiladi, nodavlat va boshqa turdagi o‘quv muassasalari uchun tavsiyaviy xususiyatga ega.

3. Qoidalarning maqsadi ta’lim muassasasida sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish, o‘quvchilarga zamon talablari va milliy qadriyatlar asosida ta’lim-tarbiya berish, shaxs va uning huquqlarini hurmat qilish, odob-axloq madaniyati va muloqot qobiliyatini rivojlantirish, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarini shakllantirish, o‘quvchilar sog‘lig‘ini saqlash, ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlashga imkon beradigan do‘stona ish muhitini yaratish va ta’lim muassasasi mulkini asrab-avaylashdan iborat.

4. Qoidalar ta’lim muassasasi va uning hududida, darsda, tanaffusda, darsdan tashqari mashg‘ulotlar paytida, ta’lim va tarbiya bilan bog‘liq tadbirlarda ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining o‘zlarini tutishni tartibga soladigan me’yorlar to‘plami hisoblanadi.

5. Mazkur Qoida talablari ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari uchun ta’lim muassasasi hududi doirasida majburiy hisoblanadi.



2 bob. Ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining qoidalarga rioya qilishi

6. Ta’lim muassasasida shaffoflik, hamjihatlik, bag‘rikenglik, o‘zaro ishonch, izzat-hurmat, xavfsiz, do‘stona muhitni yaratish ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining o‘zaro munosabatlaridagi muhim shartlardan biri hisoblanadi.

7. Ta’lim muassasalari har bir o‘quvchiga e’tiborli va odilona munosabatda bo‘ladi, ta’lim-tarbiya jarayonida barcha o‘quvchilarning bilim olishlari uchun teng imkoniyatlarni yaratadi.

Ta’lim muassasasining ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari:

— ta’lim-tarbiya jarayonida vujudga kelgan muammolarni, shu jumladan, intizom bilan bog‘liq muammolarni O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari va qonun osti hujjatlariga va ushbu qoidalarga ko‘ra hal etadi;

— o‘quvchilarning jismoniy, fiziologik va psixologik rivojlanish darajasi, ularning shaxsiy hayotini hurmat qilish, ota-onalarining (oila) qonuniy manfaatlarini hisobga olish, o‘quvchi haqidagi shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligini saqlashga amal qilishi kerak.

8. O‘quvchini o‘quv jarayonida ishtirok etishidan chetlatish, uni o‘z kuchi bilan erishgan imtiyozidan mahrum qilish, asossiz imtiyoz berishga yo‘l qo‘yilmaydi.

9. Ta’lim muassasasi hududida har bir ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari hamda tashrif buyuruvchi boshqa fuqarolar shaxsiy mobil aloqa vositalarini ovozsiz holatga keltirishlari, ta’lim muassasalarida ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda (maktab foyesi, ma’naviyat xonasi, sinf xonalari va boshqa qulflanadigan joylarda) qulfli qutilar tashkil etilishi, ta’lim muassasasining binosiga kirilganda mobil aloqa vositalarini topshirish va dars jarayonlari tugagandan so‘ng qabul qilib olish tartibini yo‘lga qo‘yish tavsiya etiladi.

Ta’lim muassasasida pedagog va texnik xodimlar hamda tashrif buyuruvchi boshqa shaxslar tomonidan mobil telefondan foydalanish qoidalariga rioya etilishini maktab rahbariyati, o‘quvchilar tomonidan mobil telefondan foydalanish qoidalariga rioya etilishini barcha pedagoglar, jumladan sinf rahbarlari shaxsan nazorat qiladi.



O‘qituvchi tomonidan ogohlantirilishiga qaramay dars jarayonida telefondan foydalanish holatlari davom etganda fan o‘qituvchisi, sinf rahbari, direktor o‘rinbosari, psixolog (inspektor-psixolog) ishtirokida o‘quvchining telefoni (smartfon, planshet va boshqa qurilmalar) olib qo‘yiladi va holat yuzasidan maktab direktori hamda o‘quvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari ogohlantiriladi.

Maktabning “Oila-mahalla-ta’lim muassasasi” hamkorligi Jamoat kengashi va kuzatuv kengashi a’zolari ishtirokida holat muhokama etilib, tegishli tushuntirishlar olib borilganidan so‘ng mobil aloqa vositalari o‘quvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillariga qaytarib beriladi.

Shunday holat o‘quv yili davomida bir o‘quvchi tomonidan ikki va undan ortiq marotaba takrorlanganda o‘quvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddasi asosida ma’muriy javobgarlikka tortiladi, o‘quvchi ichki ishlar organlarining profilaktik ro‘yxatiga olinadi.

10. Ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari ta’lim muassasasida quyidagilarga amal qilishlari lozim:

— pedagog sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari;o‘zaro munosabatlarda yagona jamoa sifatida hurmat, do‘stlik, hamjihatlik, halollik va adolat tamoyillariga rioya etishlari;

— turli xil zo‘ravonlik va kamsituvchi (bulling) xatti-harakatlariga yo‘l qo‘ymaslik;pedagog va o‘quvchilar tasdiqlangan mashg‘ulotlar jadvali asosida ishga va darsga o‘z vaqtida kelishlari;

— ta’lim muassasasining hududi va yo‘laklarida tartib bilan yurishlari;

— bir-biri bilan salomlashishlari, bunda, o‘quvchilar pedagoglarga, kichik yoshdagilar katta yoshdagilarga birinchi bo‘lib salom berishlari (ushbu holatlarda qo‘l berib so‘rashish istisno bo‘lib, yoshi katta shaxslar yoki xotin-qizlar birinchi bo‘lib qo‘l uzatganidan keyingina ularga javoban qo‘l uzatishlari tavsiya etiladi);

— pedagog va texnik xodimlardan ish vaqtida kasb etikasi hamda maktabning ustavi bilan tasdiqlangan talablarga ko‘ra kiyinishlari;

— kiyimlarning o‘ta tor yoki o‘ta keng bichimda bo‘lmasligi;

— kiyimlarning toza va dazmollangan bo‘lishi.



Ta’lim muassasa ustavida ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining mehnat faoliyati davomida kiyinish madaniyatiga bo‘lgan talablar aks ettirilmagan bo‘lsa, quyidagilar namunaviy talab sifatida tavsiya etiladi:

erkaklar mavsumga qarab – klassik uslubdagi shim, kostyum-shim (imkon qadar qora, to‘q ko‘k rangdagi), ko‘ylak (oq, havorang va shu kabi), bo‘yinbog‘, poyabzal (qora rangda bo‘lishi tavsiya etiladi) kiyishi;

ayollar mavsumga qarab – klassik uslubdagi yubka, kostyum-yubka (imkon qadar qora, to‘q ko‘k rangdagi), havo haroratiga qarab klassik uslubdagi shim (imkon qadar qora, to‘q ko‘k rangdagi), tanani ochiq ko‘rsatib turmaydigan kofta (oq, havorang va shu kabi), ko‘ylak, past poshnali yoki poshnasiz poyabzal (qora rangda bo‘lishi tavsiya etiladi) kiyishi;

(Ta’lim muassasa Ustavi bilan ta’lim muassasasi rahbariyati va pedagog xodimlari formasining rangi va qo‘shimcha belgilariga mazkur nizom talablaridan kelib chiqqan holda o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.)

— umume’tirof etilgan milliy an’analarga, shakllarga va ma’naviy-axloqiy tarbiyaga zid kelmaydigan yoki sport (dars jarayonida maxsus yoki sport kiyimida jismoniy tarbiya va chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanlari o‘qituvchilarining yurishiga ruxsat beriladi, shuningdek, ta’lim muassasasi hududida o‘tkaziladigan turli sport va ko‘ngilochar tadbirlar bundan mustasno) kiyimlarida bo‘lmasligi;

Shuningdek, ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining tashqi ko‘rinishi bo‘yicha quyidagi talablar belgilanadi:

— tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirilmagan yoki pirsing qilinmagan bo‘lishi, sochi tartibga keltirilgan va yorqin (g‘ayrioddiy) ranglarga bo‘yalmagan bo‘lishi;
— erkaklarning soqoli olingan bo‘lishi;
— ayollar quloq va barmoqlardan tashqari tananing turli qismlariga zirak yoki metall buyumlar taqib yurmasligi;
— o‘z faoliyatida manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘ladigan shaxsiy manfaatdorlik holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari;
— pedagoglar o‘zining pedagogik va psixologik sohadagi ko‘nikma va bilimlarini doim takomillashtirib borishi, shu bilan birga, malakasini hamda professionallik darajasini oshirishga ko‘mak beradigan tadbirlarda muntazam ishtirok etishi;
— pedagoglar huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va qarorlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari bilan tanishib borishi va ularga og‘ishmasdan amal qilishi, mavjud barcha standartlar, bayonlar, tavsiyalardan xabardor bo‘lishi lozim;



11. Ta’lim muassasasi hududida ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining munosabatlari o‘zaro hurmat va xushmuomalalik tamoyillariga asoslanishi lozim, biror bir taraf tomonidan boshqasining shaxsiyatiga zo‘ravonlikni (bulling) aks ettiruvchi va kamsituvchi (dikriminatsiya) xatti-harakatlarning sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
— o‘quvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari ta’lim muassasasidagi dars jarayoniga aralashishi mumkin emas, tomonlar o‘rtasida yuzaga keladigan bahsli vaziyatlar faqatgina muassasa rahbariyati (direktor va uning o‘rinbosarlari) hamda muassasa psixologi bilan dars jarayoniga xalaqit bermagan holatda hal etiladi;
— tomonlar bahsli vaziyatlar yuzasidan kelishuvga erishmagan holatlarda o‘zini-o‘zi boshqarish organlari vakili va ta’lim muassasasiga biriktirilgan ichki ishlar organlarining inspektor-psixologiga murojaat etiladi;
— ta’lim muassasasi o‘quvchi manfaatlari yo‘lida barcha ma’lumotni o‘quvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillariga yetkazadi;
— pedagog ta’lim muassasasi, oila va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarda pozitiv va faolligini namoyish etishi lozim.

12. Pedagoglar dars mashg‘ulotlari boshlanganidan so‘ng besh daqiqa ichida o‘quvchilarning davomatini aniqlash, surunkali va muntazam dars qoldirayotgan o‘quvchilar haqidamuassasa rahbariyatiga yozma ravishda ma’lumot taqdim etishi talab etiladi.



13. Pedagoglarga qo‘yiladigan talablar:
— o‘quvchilarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish yoki ruhiy tazyiq o‘tkazish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik;
—o‘quvchilarning shaxsiga doir ma’lumotlarni sinfdoshlar oldida muhokama qilmaslik;
— o‘quvchini ommaviy izza qilmaslik;
— chet elga chiqib ketgan o‘quvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida muassasa rahbariyatini xabardor qilish;
— o‘quvchining ota-onasi yoki ularning qonuniy vakillari bilan shaxsiy adovatga bormaslik;
— ta’lim muassasasi to‘g‘risidagi axborotlardan uning manfaatlari va obro‘siga ziyon yetkazish uchun yoki o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmaslik;
— o‘quvchilarga ibrat bo‘lib, shaxsiy namuna ko‘rsatish, ular bilan do‘stona munosabatda bo‘lish;
— ta’lim muassasasi manfaatlariga zid bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilish va bunday holatlarni oldini olish;
— biror-bir noxush voqea yoki hodisa ro‘y bersa, zudlik bilan ta’lim muassasasi rahbariyatini xabardor qilish;
— yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularni zararli odatlardan va boshqa turli halokatli tahdidlar hamda jamiyatimiz uchun yot bo‘lgan diniy ekstremistik ta’sirlardan, past saviyali “ommaviy madaniyat” xurujlaridan ogoh etib borish;
— mazkur Qoidalarni har haftaning juma kunlarida o‘tkaziladigan “Sinf soati”da o‘quvchilarga keng tushuntirib borish.



14. O‘quvchilarga qo‘yiladigan talablar:
a) ta’lim muassasasining binosi va uning hududida:

— dars jadvalida ko‘rsatilgan fanlar bo‘yicha barcha darsliklar va o‘quv qurollari sig‘adigan o‘quvchi uchun mos bo‘lgan sumkadan foydalanish;
— ta’lim muassasasiga mashg‘ulotlar boshlanishidan 10-15 daqiqa oldin, maktab ustavida belgilangan o‘quvchilar libosida kelish;
toza va orasta kiyinish, sochlarni ozoda va tartibga keltirgan holda tutish;
— ta’lim muassasasining barcha xonalari, zina va yo‘laklari, shuningdek, sport va faollar zallarini toza tutish, turli xil chiqindilar tashlamaslik;
— chiqindilarni muassasaning binosi va hududidagi maxsus belgilangan idishlarga tashlash;
— ta’lim muassasasining mulki (parta, stol, stul, doska, o‘simliklar, hayvonot dunyosi va hokazolar) va o‘quv jihozlari (kompyuter texnikasi, laboratoriya jihozlari, sinfxonalardagi stend va bannerlar)ga zarar yetkazmaslik;
— o‘zidan kichiklarga nisbatan izzatda bo‘lish, kattalarga esa hurmat ko‘rsatish;
— o‘qituvchilar va ta’lim muassasasiga kelgan mehmonlar bilan uchrashganda salom berish;
— ta’lim muassasasi yo‘laklarida tinchlikni saqlash.


b) dars mashg‘ulotlarida:

— tegishli darslik va zarur o‘quv qurollari bilan ishtirok etish;

— darslarda o‘quv jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ishlarga chalg‘imaslik;

— o‘qituvchiga murojaat qilmoqchi yoki savoliga javob bermoqchi bo‘lganda qo‘lini ko‘tarib ruxsat so‘rash;

— sanitariya-gigiyena va texnika xavfsizlik qoidalariga to‘liq amal qilish.



d) tanaffusda:

— o‘z o‘qish joyini toza saqlash va tartibga keltirish;
— navbatdagi dars bo‘ladigan sinf xonasiga o‘z vaqtida o‘tish;
fan o‘qituvchisining ko‘rsatmasi bo‘yicha sinfni kelgusi darsga tayyorlash.


e) ta’lim muassasasining oshxonasida:

— ovqatlanishdan oldin va keyin qo‘llarini yuvish;
— umumiy ovqatlanish joylarida belgilangan tartib qoidalarga rioya qilish;
— taomlarni olishda navbatga turish va imkoni boricha ijtimoiy masofani saqlash;
— pedagoglar, o‘zidan kichiklarga va qizlarga hurmat ko‘rsatish;
— ovqatlanish vaqtida shovqin solmaslik;
— ovqat va ichimliklarni oshxonaning o‘zida iste’mol qilish;
— ovqatlangandan so‘ng idishlarni yig‘ishtirib qo‘yish.


f) ta’lim muassasasining kutubxonasida:

— kutubxona xodimlari bilan xushmuomalada bo‘lish;
— kitoblar va jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish;
— kitoblarni olish va topshirish tartib-qoidalariga rioya qilish.


g) sport zali (majmuasi)da:

— sport zaliga xos bo‘lgan kiyim va poyabzalda kirish;
— sport inventarlaridan oqilona va samarali foydalanish;
— mashg‘ulotlardan keyin sport inventarlarini belgilangan joylarga qayta topshirish;
— sport majmuasining belgilangan tartib-qoidalariga to‘liq rioya qilish.



15. O‘quvchilarga ta’lim muassasasida quyidagilar taqiqlanadi:

— ta’lim muassasasi ustavida man etilgan libos va qiyofada, jumladan o‘g‘il bolalar kalta shim, futbolka, shippakda va qiz bolalar kalta, tor va tanani ochiq ko‘rsatuvchi yupqa (harir) kiyimda kelishi hamda bo‘yni va barmoqlariga turli xil taqinchoqlar taqishi;

— o‘zaro munosabatlarda inson shaxsiyatini va qadr-qimmatini kamsitish (diskriminatsiya), haqorat qilish va behayo so‘zlarni ishlatishi, turli xil (jismoniy, ruhiy va boshqa) zo‘ravonlikni (bulling) ko‘rsatishi;

— qonun bilan taqiqlangan, milliy va umumbashariy qadriyatlarga xos bo‘lmagan yoki ta’lim muassasasining faoliyatiga tegishli, shuningdek, ta’lim muassasasi, o‘qituvchi va o‘quvchilarning obro‘sini tushirishga qaratilgan munosabatlar aks etgan audio hamda videomateriallarni turli ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishi yoki undan turli g‘arazli maqsadlar yo‘lida foydalanishi;

— dars jarayonida quloqchinlar (naushnik) orqali uyali aloqa vositalari va turli xil audio qurilmalardan foydalanishi, dars jarayonini uyali aloqa vositasining kamerasi orqali tasvirga olishi;

— ta’lim muassasasi kompyuterlarida ta’lim muassasasiga tegishli bo‘lmagan ma’lumotlarni, shuningdek, qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan bolalarning yosh xususiyatlariga mos bo‘lmagan turli videomateriallar, taqiqlangan diniy ma’lumotlar, behayo suratlar, milliy, irqiy, etnik, diniy adovatni, zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi, pornografik xarakterdagi har qanday video, audio va fotomateriallarni tayyorlashi, saqlashi, foydalanishi va targ‘ib etishi;

— ta’lim muassasasi hududida tug‘ilgan kun, O‘zbekiston qonunchiligida belgilanmagan turli bayram tadbirlarini nishonlashi.




16. Pedagog va xodimlarga quyidagilar taqiqlanadi:

— jamoa a’zolari va boshqalarning shaxsiyatini, qadr-qimmatini kamsitish, ruhiy, jismoniy va boshqa zo‘ravonlik ko‘rsatish;
— o‘quvchilarni dars mashg‘ulotlaridan sababsiz chiqarib yuborish yoki kiritmaslik;
— “Chiqish” qo‘ng‘irog‘i chalingandan keyin o‘quvchilarni sababsiz sinf xonasida ushlab turish;
— dars mashg‘ulotlarida diniy tashviqot olib borish;
— ta’lim muassasasiga spirtli ichimliklar iste’mol qilgan holda kelish;
— ta’lim muassasasining hududi va binosida spirtli ichimliklar hamda tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish;
— muassasa hududi va binosida o‘quvchilarning ta’lim-tarbiyasiga aloqasi bo‘lmagan turli xil tadbirlarni tashkil etish;
— ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan barcha tadbirlar va ularga tayyorgarlik ishlarini dars mashg‘ulotlari vaqtida o‘tkazish.

17. Tajribali ustozlar va yosh o‘qituvchilarning ta’lim-tarbiya jarayonidagi o‘zaro munosabatlari “Ustoz-shogird” an’anasi asosida tartibga solinadi.

18. Ta’lim muassasasida dars mashg‘ulotlarining boshlanishi va tugashi maktab Ustavida ko‘rsatilgan qo‘ng‘iroqlar jadvali asosida amalga oshiriladi.

19. Ta’lim muassasasida o‘tkaziladigan dars mashg‘ulotlari boshlanishida:

— o‘qituvchi sinfga kirib kelishi bilan o‘quvchilar hurmat yuzasidan o‘rinlaridan turgan holda kutib olishlari, bir ovozdan “Assalomu alaykum” (rus tili yoki chet tili fanlarida tegishli tilda salomlashish) deb salom berishlari;

— o‘qituvchi “Va alaykum assalom” (rus tili yoki chet tili fanlarida tegishli tilda salomlashish) deb alik olishlari va uning ruxsatidan so‘ng o‘quvchilar o‘rinlariga o‘tirishlari, bunda 1-4-sinf o‘quvchilari o‘quv kunining birinchi dars soatida, 5-11-sinf o‘quvchilari har bir darsda sinfga kirgan fan o‘qituvchisiga xuddi shunday tartibda munosabatda bo‘lishi lozim.

20. Ta’lim muassasasida “Chiqish” qo‘ng‘irog‘i chalinganda o‘quvchilar pedagogning ruxsati bilan sinf xonasini tark etadilar. O‘z navbatida, pedagog dars mavzusini akademik soat reglamentiga muvofiq to‘g‘ri taqsimlashi talab etiladi.

Pedagog sinfdan chiqayotganda o‘quvchilar o‘rinlaridan turishlari, “Xayr, salomat bo‘ling!” deb hurmat ko‘rsatishlari kerak.


3-bob. Rag‘batlantirish va chora ko‘rish tartibi

21. O‘quv yili davomida Qoidalarga to‘liq rioya qilgan, ta’lim muassasasida ma’naviy-axloqiy muhitning qaror topishiga va yanada mustahkamlanishiga xizmat qilgan ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari quyidagicha moddiy va ma’naviy jihatdan rag‘batlantiriladi:

— ta’lim muassasasi buyrug‘i bilan “Faxriy yorliq”, “Tashakkurnoma” e’lon qilish, ularni tarmoq va davlat mukofotlariga tavsiya qilish;

maktabdan tashqari topilgan mablag‘lar hisobidan qimmatbaho va esdalik sovg‘alar bilan mukofotlash;

— muassasaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali e’lon qilish;

— “Eng faol o‘quvchi”, “Eng faol sinf” nominatsiyasini berish;

o‘quvchilarning uyiga, ularning ota-onasining ish joyiga yoki mahalla fuqarolar yig‘iniga tashakkurnoma yuborish.

22. Pedagog va xodimlarga Qoidalarni buzganida ularga nisbatan muassasaning ichki mehnat tartibi qoidalari asosida intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi.


23. O‘quvchilar tomonidan Qoidalar buzilganida, ularga nisbatan quyidagi choralar ko‘riladi:

— ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarini og‘zaki yoki yozma ogohlantirish;

— qoida buzilish holatlari takroran kuzatilganda, o‘quvchini muassasa ichki nazorat ro‘yxatiga olish:

— o‘quvchi bilan vazirlikning 2020 yil 18 dekabrdagi 308-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnoma asosida shug‘ullanish;

— ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarini muassasaga taklif qilish, muassasaga biriktirilgan inspektor-psixolog ishtirokida suhbat o‘tkazish;

— farzandi tarbiyasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashayotgan ta’lim oluvchilarning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarining ish joyiga yoki mahalla fuqarolar yig‘iniga ma’lumot yuborish.

24. Mazkur Qoidalarga rioya etmaganlik holatlari ta’lim muassasasidagi Kuzatuv kengashlarida muhokama qilib boriladi.

 




4-bob. Yakuniy qoidalar

25. Ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari ushbu Qoidalar bilan har yangi o‘quv yili boshlanishida “Sinf soatlari”, “Ota-onalar majlisi” va “Pedagogik kengash”da tanishtiriladi.

26. Mazkur Qoidalarda ko‘rsatilgan vazifalardan kelib chiqib, har bir umumiy o‘rta ta’lim maktabi “Oila-mahalla-ta’lim muassasasi” hamkorligi Jamoat va Kuzatuv kengashlari a’zolari bilan muassasaning odob-axloq qoidalarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi, uning ijrosi shaxsan maktab rahbari tomonidan ta’minlanadi.

27. Qoidalarda aks ettirilmagan masalalar yuzasidan vujudga kelgan muammoli vaziyatlar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.

 

 


4 thoughts on “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining takomillashtirilgan odob-axloq qoidalari

  1. los

    здравствуйте,
    спасибо за статью,было интересно.
    не могли бы вы скинуть ссылку источника 1.1 права учащегося пункта 14?
    заранее спасибо.

Leave a Reply