O‘quvchi sog‘ligi: skoliozning oldini olish mumkinmi? (video) - Ta’lim / Образование

O‘quvchi sog‘ligi: skoliozning oldini olish mumkinmi? (video)

Qishki davrda o‘quvchilarda umurtqa pog‘onasiga bosim sezilarli darajada oshadi. O‘tirib ishlash doimiy holatga aylanadi. Bunday vaziyatda umurtqa pog‘onasi noto‘g‘ri rivojlanishi kasalligi – skolioz xavfi yuzaga keladi. Ota-onalar ushbu muammoga yuzaki qaramasdan jiddiy e’tibor berishlari talab etiladi. Bugungi maqolamizda ushbu kasallik haqida batafsil ma’lumot bermoqchimiz.

Qaddi-qomat deganda nimani tushunamiz? U odamning vertikal holatini belgilaydi. Har kungi turmush tarzi, kayfiyat kishi qomatining o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. O‘quvchilarning qaddi-qomati to‘g‘ri o‘sishi uning partada qay darajada o‘tirishiga bog‘liq.

Kelishgan qaddi-qomat hayotiy jarayonda yomonlashishi mumkin, ko‘p hollarda bu bolaning maktab davrida, partada noto‘g‘ri o‘tirishi natijasida paydo bo‘ladi. Bunda bolaning muskul boylam birlashmasi o‘tirishning fiziologik holatiga moslashib boradi. Muskul va boylamlarning ta’sirida umurtqa pog‘onasi funksiyasi o‘zgarib turadi. Muskullar odam tanasini normal ushlab turishdan tashqari qarama-qarshi kuchlarni (antigravitatsion kuch) bir-biriga mutanosib qilish vazifasini ham bajaradi. Agar muskullar yaxshi rivojlangan bo‘lsa, ularning harakati bir-biriga mutanosib (sinxron) bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, umurtqa pog‘onasining qiyshaymasdan to‘g‘ri rivojlanishiga yordam beradi.

Insonda suyaklarning o‘sishi 18—20 yoshlarga borib deyarli to‘xtaydi va hamma fiziologik egriliklar bu vaqtga kelib silliqlanadi. Chunki uning muskul-boylam birikmalari, tog‘ay sohasi qavatlari juda ham harakatchan va egiluvchan holatga yetadi. Shu bois, umurtqa pog‘onasining yaxshi rivojlanishi to‘g‘ri va adl qomatning tamal toshi ekanligini hisobga olgan holda aynan maktab davrida bola qomatining to‘g‘ri shakllanishiga alohida e’tibor qaratish lozim.

Сколиоз

Umurtqaning fiziologik egriliklari umurtqa pog‘onalarining egiluvchanlik xususiyatini oshiradi va odamning ichki a’zolarini tashqi muhit ta’sirlarida shikastlanishdan asraydi.



Bolalarda qaddi-qomatning to‘g‘riligini tekshirish

E’tibor bilan qaraganda bu — oson. Bola tik turgan holatda yonbosh tarafdan qarab tekshiriladi (u o‘zingizdan 1,5—2,0 metr uzoqlikda bo‘lishi zarur).

Tekshirish paytida, albatta, boshni tutib turish, oldinga yoki orqaga egilganligi, ko‘krak qafasining formasi, qorin chizig‘i, tizza bo‘g‘imi bukilmasi, umurtqaning bo‘yin, ko‘krak va bel egriligi e’tiborga olinadi.

 

 

Bolaning yuzma-yuz qarab turgan holatidagi tekshiruvda esa uning yelka sohasi bir xil ekanligiga e’tibor qilish zarur. Orqa bilan turgan holatda tekshirilganda uning yelkasi, ko‘krak pastki burchagining bir xilligi va umurtqadan bir xil uzoqlikda ekanligi ko‘zdan kechiriladi. So‘ngra bola oldinga 900 egiltirilib tekshiriladi (tizza bukilmaydi, qo‘l osilib turadi). Bunda kurak sohalarining ikki yarmi ham bir xilligi yoki chap yo o‘ng kurak sohasining bo‘rtib chiqqanligini ko‘rish mumkin.



Skolioz

Bolalardagi qaddi-qomat nuqsonlaridan biri skolioz kasalligidir. Bu kasallik umurtqaning o‘ng yoki chap yon tarafga qiyshayishi natijasida paydo bo‘ladi. Kasallik faqat umurtqa pog‘onasining xastaligi emas, balki bir butun organizmda chuqur o‘zgarishlar bo‘lishi bilan farqlanadi. U sekin rivojlanadi, bemorni bezovta qilmaydi. Natijada kasallik kech aniqlanadi. Shuning uchun ham uni davolash nihoyatda qiyin kechadi.

Skolioz kasalligiga chalingan bola tez charchaydi, bir joyda uzoq o‘tirganda, ko‘p yurgan paytda umurtqa pog‘onasida og‘riq sezadi.

Skolioz kasalligi:

1) Yoysimon

2) S — simon turlari uchraydi.

Kasallik og‘ir-yengilligiga qarab, 4 darajali bo‘lishi mumkin:

1-darajali skolioz — yengil turi bo‘lib, tekshirilganda umurtqa qiyshiqligi bola gorizontal holda yotganda yo‘qoladi.

2-darajali skoliozda — bola tekis joyda yotgan payti ham qiyshiqlik yo‘qolmaydi. Ko‘krak va bel sohasida qiyshiqlik natijasida muskul o‘rami yoki bo‘rtmasini aniqlash mumkin.

3-darajali skoliozda esa tanada mo‘tadillashgan qiyshiqlik kuzatiladi. Bunday skoliozda bukrilik paydo bo‘ladi. Tos suyagining qiyshayishi natijasida oyoqning funksional kaltaligi ko‘zga tashlanadi. Bola yon tarafga egilib, o‘sha kaltalikni yo‘qotishga harakat qiladi.



4-darajali skolioz — kasallikning eng og‘ir ko‘rinishi bo‘lib, bolaning ichki a’zolarida patologik o‘zgarishlarga olib keladi. Oyoq sohalarida falajlik, nevralgiya, parez qayd qilinadi. Kasallikni davolamasa, uning xuruji natijasida umurtqaning o‘z o‘qi atrofida aylanib ketishi asosida yana ham murakkab deformatsiyalovchi asoratlarga olib kelishi mumkin. Bunday nuqsonlar o‘z-o‘zidan bolaning ichki a’zolari joylashgan joyidan u yoki bu tarafga siljishiga sabab bo‘ladi va ularning funksiyasi buziladi. O‘pka, yurak-qon temir sistemasi zararlanadi. Agar bemorga o‘z vaqtida, kasallikning boshlang‘ich darajalarida yordam berilmasa, kelajakda u nogiron bo‘lib qolishi mumkin.

Skolioz kasalligi qiz bolalarda o‘g‘il bolalarga qaraganda uch barobar ko‘proq uchraydi. Shuni qayd etish kerakki, tengdoshlari tomonidan shunday nuqsonlar mazax qilinishi oqibatida hech kimga qo‘shilmaydigan, odamovi, jahldor va tez xafa bo‘ladigan bo‘lib qolishi mumkin.

Qaddi-qomatning buzilishlariga olib keluvchi omillar talaygina. Raxit, kamqonlik, nafas yo‘llarining surunkali yallig‘lanishi, yuqumli infeksion kasalliklar shular jumlasidandir.

Bu omillarning vujudga kelishiga, eng avvalo, yaxshi ovqatlanmaslik, ochiq havoda sayr qilmaslik, yetarli vaqt uxlamaslik, sport bilan shug‘ulanmaslik, maktabda partalarning bolalarga mos kelmasligi sabab bo‘ladi.



Skolioz kasalligining oldini olish mumkinmi?

Qadim zamonda bir kishi farzandini tarbiyalashda maslahatlashish maqsadida donishmand huzuriga kelibdi. Shunda dono hamma gapdan voqif bo‘lgach, u kishiga bola tarbiyasida ancha kechikkanligini aytibdi va farzand tarbiyasini tug‘ilgandanoq boshlash kerakligini uqtiribdi. Ha, shunday! Qissadan hissa shuki, ota-onalar bolasining qaddi-qomatida nuqsonlar bo‘lmasligi uchun ular tug‘ilganidan boshlab qayg‘urishi zarur. Bolani 6 oygacha o‘tirg‘izmaslik kerak, 3 oylikdan esa uni tez-tez qoringa yotqizish maqsadga muvofiqdir. 9 oygacha bolani oyoqqa qo‘yishga shoshilmaslik tavsiya etiladi.

Bolani bir qo‘lidan yetaklab yurish tavsiya etilmaydi, iloji boricha o‘zi yurishi zarur, aks holda umurtqa pog‘onasiga og‘irlik tushib, ba’zi nuqsonlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bolalarga gimnastik mashqlar qildirish ijobiy natijalarni beradi.

Maktabgacha yoshdagi bolalar ko‘proq ochiq havoda sayr qilishi, turli o‘yinlar o‘ynashi lozim. Agar bolada raxit kasalligi aniqlansa, ota-ona darrov bolalar shifokoriga murojaat qilishi va maslahatlar olishi shart.

Qaddi-qomatning profilaktikasi uchun albatta, 2—3 yoshdan boshlab kompleks gimnastika mashqlariga e’tibor berish, 3 yoshdan boshlab chana yoki chang‘i uchishni o‘rgatish yaxshi samaralarga olib keladi. .

Eng asosiy masala bolalarning poyabzaliga qaratilishi zarur. Oyoq kiyimlari katta ham, kichik ham bo‘lmasligi kerak. Agar yassi oyoqlilik mavjud bo‘lsa, albatta, stelka –supinator bilan poyafzal kiyish tavsiya etiladi.

Bola stulda dars qilayotgan paytda bir oyog‘ini tagiga qo‘yib o‘tirmasligi kerak, chunki bunda tananing mutanosibligi buziladi va bu umurtqa pog‘onasining noto‘g‘ri rivojlanishiga olib keladi. Yana bolaga yoni bilan yotib, kitob mutolaa qilishni ta’qiqlash zarur.

O‘qishda, yozishda bola stulga suyangan holda qo‘lni ko‘kragining oldiga qo‘yib o‘tirishi, o‘tirg‘ich balandligi boldirning uzunligiga teng bo‘lishi shart. Yorug‘lik faqat chap tarafdan tushishi, kitob va daftarga egilmasdan masofani saqlab o‘tirish talab etiladi. Bu masofa shunday: tirsakni stolga qo‘ygan holda qo‘l barmoqlari uchini ko‘zning tashqi burchagiga olib kelishi kerak. Ana shunday surat o‘quvchining ko‘z oldiga doska yoniga ilib qo‘yilsa, maqsadga muvofiq.



Qaddi-qomatning nuqsonlarini davolash

Bola qomatidagi nuqsonlarni bartaraf etish shifokor-ortopedlar, bolalar shifokori, pedagoglar, tarbiyachilar oldidagi muhim vazifalardan biridir.

Bunday paytda muhim rejalar ishlab chiqiladi:

— Krovatdagi ko‘rpacha tagiga fanerdan yasalgan taxtacha qo‘yish va unda bolani orqasi yoki qorni bilan yotishga o‘rgatish;
— o‘z vaqtida ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish;
— sumkani orqaga osib yuradigani bilan almashtirish;
— bolaning ko‘rish va eshitish holatini shifokorga tekshirtirish;
— kunlik rejimni nazorat qilish, sayrga chiqish, yetarli uyqu har doim bir xil vaqtda bo‘lishini ta’minlash;
— maktabda sinf rahbari va shifokor bilan tez-tez muloqotda bo‘lish;
— bolaning sinf partasida o‘tirishini nazorat qilish;
— bolaga og‘irroq narsalarni ko‘tartirmaslik;
— ertalabki badantarbiyaga odatlantirish;
— shifokor-ortoped ko‘rsatmasiga binoan davolash gimnastikasi bilan shug‘ullanishini tashkil etish;
— suv sporti, chang‘i uchish foydali ekanligini tushuntirish kabi bir qator tartiblarga amal qildirish lozim.

Yuqoridagi zikr etilgan barcha tavsiyalar hayotga tatbiq etilgandagina bolalarning faol rivojlanishini, o‘sishini ta’minlaydi. Bu mavjud nuqsonlarni ma’lum bosqichda to‘xtatadi yoki butunlay oldini oladi.

Tahlillarga ko‘ra, ayni paytga kelib 13-14 yoshli o‘g‘il bolalarning o‘rtacha bo‘yi 2004 yilga nisbatan 1,9 santimetrga, qizlarniki esa 1,2 santimetrga o‘sgan. Ushbu yoshdagi o‘g‘il bolalarning o‘rtacha vazni 3,3 kilogrammga, qizlarniki esa 2 kilogrammga oshgan.

 


Leave a Reply